Maltus nazariyasi qanchalik haqiqat?

U aholining haddan tashqari koʻpayishi va cheklangan resurslarning potensial xavfi haqida ogohlantirish boʻlib xizmat qiladi, lekin ayni paytda shafqatsiz choralar va ijtimoiy tengsizlikni oqlash uchun ishlatilishi mumkin.

Tahlil
19-avgust, 19:52
Maltus nazariyasi qanchalik haqiqat?
Fotokollaj: Platina.uz

2020 yilda COVID-2019 pandemiyasi butun dunyoga vahima solgani odamzot tarixida koʻp sohalarda tub burilish yasadi. Odamlar oʻz faoliyatiga boshqa rakursdan nazar solishga urindi, hayotiy qadriyatlarini qayta koʻrib chiqdi. Kuchli va kuchsiz tomonlari oshkor boʻldi.

Hammasiga masonlar aybdor...mi?

Albatta, pandemiya konspirologik qarashlar va soxta ilmiy nazariya ishqibozlarining ham yuragiga oʻt yoqdi. COVID-2019 virusi ataylab ayrim qudratli “guruhlar” (buyuk davlatlar, masonlar, yahudiylar, “global mafiya”, “Butunjahon hukumati”, reptiloidlar, oʻzga sayyoraliklar va hokazo) tomonidan laboratoriyalarda yaratilib, tarqatilgani iddao qilindi. Bu Yer yuzida odamlar populyatsiyasini qisqartirish uchun uyushtirilgan, avvaldan rejalashtirilgan tadbir boʻldi, degan fikrlar urchidi. Emishki, odam koʻpayib ketsa, ekologiya va Yer sayyorasi biologik muvozanati va ekotizimiga putur yetkazishi va oxir-oqibat odamzot degan biologik turning yoʻq boʻlib ketishiga olib kelishi mumkin emish. Odamzotning butunlay yoʻqolib ketishining oldini olish yoki Yerdagi cheklangan resurslarning “samarali” isteʼmoli uchun (qayta tiklanishi yoki talabni qondiradigan darajasini inobatga olgan holda) vaqti-vaqti bilan odamlar sonini kamaytirib turish zarur emish. Shu bois turli urushlar, tabiiy ofatlar va pandemiyalar sodir boʻlib turishi maqsadga muvofiq emish. 

Ayrim nazariyalarga koʻra, bunday global ofatlarni odam yaratishi ham shart emas. Yer yuzidagi biologik tizimning oʻzi “avtomatik ravishda” biror turning koʻpayib ketishining oldini olish uchun vulqon otilishi, toʻfon, epedimiya va urushlar paydo boʻlishiga omil oʻlaroq odamlar kamayishiga olib keladi. 

Yana ayrim nazariyalarga koʻra, “Jahon hukumati” yashashga noloyiq, odamzot kelajagi va taraqqiyoti uchun befoyda, hatto zararli millat va elatlarni kamaytirish uchun shunday rejalar tuzar emish.

Yer sayyorasida joylar cheklanganmi?

Baʼzi “mutaxassislar” Yerdagi maksimal aholi sonini ham hisoblab chiqishgan. Hatto rasmiy va ilmiy, xalqaro-siyosiy doiralarda bu raqam eʼlon qilingan. Xususan, BMTning 2012 yilda ochiqlangan maxsus hisobotida sayyoramizning barqaror rivojlanishini taʼminlash uchun aholi koʻpayishining ehtimoliy 65 ta varianti taqdim etilgan. Eng koʻp tarqalgan variant – 8 milliard kishi. Yaʼni aholi shu miqdordan oshmasa, Yerdagi resurslar yetarli boʻladi, ekologiyaga tiklanmas zarar yetkazilmaydi. Ortiqchasi esa ortiqcha muammolar tugʻdiradi.

Ayni paytda (2024 yil avgust oyi holatiga) Yer yuzidagi aholi soni 8,12 mlrd kishini tashkil etishi hisobga olinsa, “ruxsat etilgan” maksimal koʻrsatkichdan biroz oshib ham ketilgan. BMTning demokrafik istiqbol borasidagi eng yangi hisobotiga koʻra, 2080 yilga borib sayyoramiz aholisi 10,3 mlrd kishiga yetadi. 

Odamlar koʻpayib ketishining zararligi haqidagi nazariyalar shunchaki tabassum berishdan boshqasiga yaramasa-da, ular orasida jiddiy ilmiy doiralarda doimiy muhokama va munozaralarga sabab boʻlayotganlari ham yoʻq emas. Shunday nazariyalardan biri bu – Maltus nazariyasi hisoblanadi.

Ziddiyatli Tomas Maltus

Tomas Robert Maltus – bu iqtisodchilar, demograflar va ekologlar orasida turlicha munosabat va his-tuygʻularni uygʻotadigan ism. 1766 yilda Angliyada tugʻilgan Maltus 1798 yilda nashr etilgan “Nufus (aholi) qonuni haqidagi tajriba” nomli essesi bilan mashhur boʻldi. Uning mazkur asardagi gʻoyalari demografik nazariyadagi butun bir yoʻnalish uchun asos boʻldi. Lekin bir paytning oʻzida qizgʻin bahs-munozaralarga ham zamin yaratdi. Baʼzilar uning nazariyasini muhim ogohlantirish, boshqalar esa qattiq ijtimoiy va siyosiy choralar uchun asos sifatida koʻrishadi. 

Tomas Maltus. (1766-1834)

Maltus nazariyasining asosiy jihatlari nimada?

Maltus nazariyasining asosiy gʻoyasi – aholining oʻsishi yashab qolish uchun zarur resusrlar, ayniqsa, oziq-ovqatning oʻsishidan tezroq sodir boʻladi, degan taxmindir. Maltus oʻz ilmiy ishida aholi soni geometrik progressiya (har 25 yilda ikki baravar koʻpayadi), oziq-ovqat ishlab chiqarish esa arifmetik progressiya tarzida oʻsib borishini iddao qildi. Maltusning fikricha, tugʻilishni nazorat qilish choralari koʻrilmasa, aholi soni mavjud resurslar miqdoridan oshib ketadi va natijada ocharchilik, epidemiya va urushlarga olib keladi.

Maltus aholi oʻsishini cheklovchi omillarni ikki toifaga – preventiv (profilaktik) va pozitiv (ijobiy) guruhga ajratgan:

Preventiv chora-tadbirlar aholining oʻsishini cheklashi mumkin boʻlgan kech nikoh (turmush qurish yoshini oshirish) va abstinatsiya (jinsiy hayot va oila qurishdan tiyilish) kabi axloqiy cheklovlarni oʻz ichiga oladi. Hatto, ayrim fikrlarga koʻra, oila institutiga zarba beruvchi, aholi koʻpaymasligi uchun ishonchli asos yaratuvchi bir jinsli nikohlarni qoʻllab-quvvatlash kabi global tendensiyalar tagida ham aslida aholi koʻpayishini cheklash maqsadi yotadi. Shuningdek, odamlarni majburiy-ixtiyoriy, ochiq-xufyona bichish (tugʻish va tugʻdirish xususiyati – reproduktiv qobiliyatini yoʻq qilish) choralarini ham shular qatoriga kiritish mumkin.

Pozitiv chora-tadbirlar qatoriga esa turli epidemiyalar, urushlar, ocharchilik va boshqa tabiiy ofatlar kiradi. Bunday vaziyatlar aholini kamaytirib, shu orqali aholi va resurslar oʻrtasidagi “oltin” muvozanatni tiklaydi.

Maltus nazariyasi aholi oʻsishi va cheklangan resurslar bilan bogʻliq muammolarni oʻrganadigan yoʻnalish – maltuzianlik (maltusizm) uchun asos boʻldi.

Maltus nazariyasi gʻoyaviy va ilmiy asoslarga egami?

Maltus katta ijtimoiy va iqtisodiy oʻzgarishlar davrida faoliyat yuritgan. XVIIIasr oxiri - XIX asr boshlari sanoat inqilobi davri boʻlib, u aholi sonining sezilarli oʻsishi, urbanizatsiya va iqtisodiyot tarkibidagi oʻzgarishlar bilan kechdi. Bu oʻzgarishlar aholining haddan tashqari koʻpayib ketishi mumkinligi va natijada yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ijtimoiy tartibsizliklar qoʻrquvini keltirib chiqardi.

Mafkuraviy jihatdan, Maltus nazariyasi Adam Smit va Devid Rikardo kabi olimlar taqdim etgan klassik iqtisodiy fikrlarga asoslangan edi. Bu iqtisodchilar iqtisodiyotni saqlab turish uchun qishloq xoʻjaligi va resurslarning muhimligini taʼkidladilar. Maltus esa ulardan ham uzoqroqqa bordi va agar aholining oʻsishi oziq-ovqat ishlab chiqarishning oʻsishiga mos kelmasa, halokatli boʻlishi mumkinligini taʼkidladi. 

Ilmiy nuqtai nazardan, Maltus aholi va resurslarning oʻsish surʼatlaridagi farqlarni koʻrsatishi kerak boʻlgan oddiy matematik modellarga tayangan. Uning davrida demografik tendensiyalar va qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi haqida aniq maʼlumotlar kam boʻlgan. Shuning uchun Maltusning taxminlari asosan nazariy boʻlgan va empirik tadqiqotlar bilan tasdiqlanmagan.

Maltus nazariyasining paydo boʻlish sabablari

Maltus nazariyasining paydo boʻlish sabablarini bir necha toifalarga boʻlish mumkin: ijtimoiy, iqtisodiy va mafkuraviy.

Birinchidan, XVIII asr oxirida Yevropa aholi sonining tez oʻsishi muammosiga duch keldi. Tibbiy yordam va ovqatlanishning yaxshilanishi oʻlimning kamayishiga va aholi sonining oʻsishiga olib keldi. Bu oʻsha davrning koʻplab ziyolilarini xavotirga solib, ular bu holatga jamiyat barqarorligiga tahdid deya qaray boshladi. 

Ikkinchidan, sanoatlashtirish bilan bogʻliq iqtisodiy oʻzgarishlar yangi muammolarni keltirib chiqardi. Qishloq xoʻjaligidan sanoat jamiyatiga oʻtish anʼanaviy iqtisodiy nazariyalarni qayta koʻrib chiqishni talab qildi. Biroq ularning koʻpchiligi eskirgan edi. Maltus nazariyasi yangi chaqiriqlarga javob berishga va oʻzgaruvchan dunyoda iqtisodiy rivojlanish dinamikasini tushuntirishga urinish boʻldi.

Mafkuraviy jihatdan Maltus nazariyasi qashshoqlik va azob-uqubat haqidagi anʼanaviy nasroniy-diniy qarashlar bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan. Maltus, nasroniy ruhoniy sifatida, qashshoqlik va azob-uqubatlar insoniyat hayotining va “Xudo rejasi”ning muqarrar qismi ekaniga ishongan.(Ayrim nasroniy oqimlar “Iso azoblangani uchun odamzot ham azobga mustahiq, qolaversa, odamzot Odam paydo boʻlganidan beri gunoh bilan tugʻiladi”, deydi). Maltusning nazariyasi asosan uning nasroniy eʼtiqodlarni aks ettirib, ijtimoiy tengsizliklar va falokatlarning sabablarini tushuntirishga urindi. 

Maltusning mashhur essesi.

Maltus tarafdorlari nima deydi?

Maltus nazariyasi bir qator iqtisodchilar, demograflar va ekologlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Ular orasida Jon Styuart Mill ham bor. U oʻzining "Siyosiy iqtisodiyot tamoyillari" asarida maltuscha gʻoyalar qashshoqlik va ijtimoiy muammolarni oqilona tushuntirishini taʼkidlagan. Mill tugʻilishni nazorat qilishni aholining ijtimoiy mavqeini yaxshilashning zaruriy sharti deb hisoblagan.

XX asrda maltusizm "neo-maltusizm" shaklida qayta tiklandi, u ekologik barqarorlik va cheklangan tabiiy resurslar masalalariga urgʻu berdi. Iqtisodchi olim Pol Erlix esa oʻzining “Populyatsiya bombasi” (1968) kitobida Yer yuzida aholi soni juda tez oʻsib borayotgani, uni cheklash uchun radikal choralar koʻrilmasa, dunyo global falokatga yuz tutishini uqdirgan. Erlix, shuningdek, oʻz gʻoyalarini iqlim oʻzgarishi va biologik xilma-xillikning yoʻqolishi kabi ekologik muammolar bilan bogʻlagan.

Amerikalik biolog olim Garrett Xardin ham maltuschilarning gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlab, aholining haddan tashqari koʻpayishi ekologik muammolarning asosiy sababi ekanini taʼkidladi. Xardin oʻzining “Umumiy resusrlar fojiasi” asarida aholi nazoratisiz va resurslardan masʼuliyatli foydalanmasdan turib, dunyo muqarrar ravishda ekologik va ijtimoiy inqirozlarga duch kelishini iddao qilgan.

Maltusizm tarafdorlari, shuningdek, aholining tez oʻsishi iqtisodiy ahvolning yomonlashuviga va ekologik inqirozlarga olib kelgan mamlakatlarni ham misol sifatida keltirishgan. Ular global falokatlarning oldini olish uchun aholi sonini nazorat qilish va resurslarni oqilona boshqarish zarurligini taʼkidlagan.

Tarafdor bor joyda muxolif ham topiladi

Maltuscha gʻoyalar jiddiy tanqidlarga ham sabab boʻlgan. Maltus nazariyasining muxoliflari uning pessimistik tabiati va texnologik taraqqiyot va ijtimoiy oʻzgarishlarni hisobga olmasligini taʼkidlaydi.

Maltusning eng mashhur tanqidchilaridan biri Karl Marksdir (1818-1883). Marksning fikricha, Maltus nazariyasi jamiyatning sinfiy tuzilishi va kapitalizmning qashshoqlik va tengsizlikni vujudga keltirishdagi rolini eʼtiborsiz qoldirgan. Marksning fikricha, qashshoqlik va ijtimoiy muammolar aholining haddan tashqari koʻpayishi natijasi emas, balki kapitalistlar tomonidan mehnatkashlar sinfini ekspluatatsiya qilish va resurslarni adolatsiz taqsim qilish bilan bogʻliq. Marks, agar kapitalistik tuzum barham topsa, Maltus bashorat qilgan muammolar oʻz-oʻzidan yoʻqoladi, deb “bashorat” qilgan.

Boshqa bir tanqidchi, daniyalik iqtisodchi Ester Boserap oʻzining "Agrar oʻsish shartlari" (1965) kitobida aholi oʻsishi texnologik taraqqiyotni va qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini koʻpaytirishni ragʻbatlantiradigan muqobil nazariyani taqdim etdi. Boserapning taʼkidlashicha, insoniyat jamiyati demografik oʻzgarishlarga moslashishga va oziq-ovqat ishlab chiqarishning yangi usullarini topishga qodir.

Iqtisodchi Julian Saymon ham maltusizmni tanqid qilib, inson resurslari iqtisodiy oʻsish va innovatsiyalarning asosiy omili ekanini taʼkidladi. Saymon “Ultimativ resurs” (1981) asarida aholi sonining koʻpayishi iqtisodiy rivojlanishni ragʻbatlantiradi, chunki ilmiy kashfiyotlar va texnologik innovatsiyalarga hissa qoʻshishga qodir odamlar soni ortib boradi, deb yozgan.

Maltus nazariyasini fosh etishga urinishlar

Tanqidchilardan tashqari Maltus nazariyasini zararli va xavfli gʻoya sifatida fosh etishga uringanlar ham boʻldi. Shundaylardan biri – amerikalik sotsiolog va demograf olim Benjamin Uord boʻlib, u “Maltusga qarshi” (1973) asarida maltusizm ijtimoiy va siyosiy repressiyalarni oqlash uchun qoʻllanilganini taʼkidlagan. Uord Maltus gʻoyalari mustamlakachilik siyosatini oqlash va aholining ayrim guruhlariga nisbatan kamsitish uchun ishlatilganini isbotlashga uringan.

XIX asrda maltusizmga faol qarshi chiqqan ingliz olimi Maykl Tomas Sadlerning ishini ham alohida taʼkidlash joiz. Sadler, Maltus nazariyasi muhim ijtimoiy va iqtisodiy omillarni eʼtiborsiz qoldirib, tugʻilishni nazorat qilishning shafqatsiz choralarini oqlash uchun vositadir, deb hisobladi. Iqtisodiy muammolarni resurslarni adolatli qayta taqsimlash va aholining barcha qatlamlari uchun turmush sharoitlarini yaxshilash orqali hal etish mumkin, degan fikrni ilgari surdi.

Maltus nazariyasini fosh etishga uringanlar, shuningdek, ayrim mamlakatlarda aholini qisqartirish siyosatini asoslashda undan foydalanishga ishora qiladilar. Xususan, Xitoyda demografik va ijtimoiy oqibatlarga, jumladan, aholining qarishi muammosi va gender nomutanosibligiga olib kelgan “bitta oilada – bir bola” siyosatini asoslash uchun maltuscha gʻoyalar qoʻllanilgani aytiladi.

Maltus nazariyasining zamonaviy hayotda qoʻllanilishi

Zamonaviy dunyoda Maltus nazariyasi demografiya, ekologiya va iqtisodiyot haqidagi munozaralarga taʼsir qilishda davom etmoqda. Bu iqlim oʻzgarishi, tabiiy resurslarning kamayishi va boyliklarning notekis taqsimlanishi kabi global muammolar nuqtai nazaridan ayniqsa dolzarb boʻlib qoladi.

Siyosatda Maltus gʻoyalari aholini nazorat qilish va barqaror rivojlanish dasturlarini asoslash uchun ishlatiladi. Masalan, tugʻilish darajasi yuqori va resurslari cheklangan mamlakatlar demografik inqirozning oldini olish uchun tugʻilishni nazorat qilish va oilani rejalashtirish choralarini qoʻllashi mumkin.

Maltus nazariyasi atrof-muhit siyosatida ham qoʻllaniladi. Global iqlim oʻzgarishi va resurslarning kamayishi xavfi sharoitida hukumatlar va xalqaro tashkilotlar aholi oʻsishini cheklash, ishlab chiqarish va isteʼmolning barqaror usullariga oʻtish zarurligini faol muhokama qilmoqda.

Biroq, zamonaviy voqeliklar yanada kengroq yondashuvni talab qiladi. Biotexnologiya va qayta tiklanadigan energiya kabi ilmiy yutuqlar Maltus tomonidan prognoz qilingan muammolarni hal qilish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Shunga qaramay, Maltus gʻoyalari insoniyat kelajagi va uning oʻzgaruvchan sharoitlarga moslashish qobiliyati haqidagi munozaralarning muhim qismi boʻlib qolmoqda.

“Har bir inson rizqi bilan tugʻiladi”

Maltus nazariyasi murakkab va koʻp qirrali hodisa boʻlib, keng muhokamalarga sabab boʻldi. U aholining haddan tashqari koʻpayishi va cheklangan resurslarning potensial xavfi haqida ogohlantirish boʻlib xizmat qiladi, lekin ayni paytda shafqatsiz choralar va ijtimoiy tengsizlikni oqlash uchun ishlatilishi mumkin. Oxir-oqibat, Maltus nazariyasini qabul qilish kontekst va talqinga bogʻliq hamda uning zamonaviy dunyoda dolzarbligi hamon munozarali masala boʻlib qolmoqda.

Ayniqsa, Islom dinining bu masalaga qarashlarini eʼtirof etmasdan iloji yoʻq. Islomiy eʼtiqodga koʻra, har bir inson oʻz rizqi va taqdiri bilan tugʻiladi. Aholini kamaytirish yoki tugʻilishni cheklash kabi chora-tadbirlar shart emas va hatto gunoh hisoblanadi. Shu bois Maltus gʻoyalari Gʻarb madaniyati va mentalitetidan farq qiluvchi xususiyatlarga ega aholi qatlami, ayniqsa, musulmonlar uchun shunchaki dunyoqarash va bilimlarni oshirish uchun mavzu xolos, desak koʻp ham adashmagan boʻlamiz.

Abulfayz Sayidasqarov

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+