Kursk uchun janglar – Putinga navbatdagi ogʻir zarba
Ilk kunlardagi shok holatidan oʻziga kelgan Rossiya zudlik bilan zaxiralarni safarbar qilishga va Kursk viloyatiga katta kuchlarni oʻtkazishga majbur boʻldi.
Ukraina qoʻshinlarining 2024 yilning 6 avgust kuni Rossiyaning Kursk viloyatiga bostirib kirdi. Bu hodisa Ukraina-Rossiya mojarosida yangi va xavfli burilish yasadi. Bu kutilmagan harakat urush dinamikasini oʻzgartirib, Kremlda ham, Gʻarbda ham xavotir uygʻotdi.
Hozirgi holat
Ayni paytda Kursk viloyatida vaziyat nihoyatda keskinligicha qolmoqda. 2024 yil 6 avgust kuni zirhli texnika bilan mustahkamlangan Ukraina qoʻshinlari toʻsatdan Rossiya chegarasini kesib oʻtdi.
Maʼlumotlarga koʻra, Ukraina kuchlari Rossiya hududiga 10 kilometr ilgarilab, Suja tumanidagi bir necha aholi punktlarini egallab olgan. Kursk viloyatining gubernator vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnovning Rossiya perezidentiga bergan hisobotiga ishonilsa, Ukraina “diversion-razvedka guruhlari” 12 km ichkariga kirgan, egallangan hududlar kengligi esa 40 kilometrga teng.
Ukraina harbiylari tezkor hujum taktikasini qoʻllagan holda kutilmaganlik effektidan maksimal foydalanishga harakat qilgan. Ular ham Rossiya hududidagi nishonlarga hujum qilish uchun dronlardan faol foydalanmoqda, bu esa vaziyatni jiddiy ravishda beqarorlashtiradi. Rossiya armiyasi, garchi tan olmayotgan boʻlsada, hujumni toʻxtatishga urinishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Putin buyrugʻi bilan Kursk, Belgorod va Bryansk viloyatlarida aksilterror operatsiyasi rejimi joriy etildi. Rossiya yetakchisining xavotir olishicha, “dushman” faqat Kursk bilan cheklanib qolmaydi, u Belgorod va Bryansk viloyatlari chegarasini ham buzib kirishi mumkin.
Mazkur hujum 2022 yilda urush boshlanganidan beri Rossiya chegarasining eng yirik buzib kirilishi va Ukraina muntazam qoʻshinlari tomonidan amalga oshirilgan eng muvaffaqiyatli harbiy amaliyotlardan biri boʻldi. Aslini olganda, 1969 yil 2-15 mart kunlari Ussuri daryosidagi Daman orolida XXR armiyasiga qarshi boʻlib oʻtgan jangdan beri, hali biror davlat armiya Rossiya chegarasini buzib kirishga jurʼat qilmagan edi. Bu nafaqat 3 kunda Kiyevni olishni vaʼda berib, uddasidan chiqmagan “buyuk” rus armiyasining kamchiligini, balki Rossiya chegaralarining zaifligini koʻrsatib qoʻydi.
Shu bilan birga Putin Ukrainaga bostirib kirishga buyruq berganini oqlash uchun “Biz Rossiya hududida urush boʻlmasligi, dushman hujumining oldini olish uchun harakat qilyapmiz”, deya bahona koʻrsatgandi. Xuddi “NATO kengaymasligi uchun kurashyapmiz” deganidan keyin NATO Finlyandiya va Shvetsiya hisobidan yanada kengayib, Rossiyaga yanada yaqinlashib qolgani kabi, bu bahonaning ham “misi chiqdi”.
Rossiya rahbariyatining munosabati
Moskvaning bosqinga javobi tez, ammo tartibsiz boʻldi. Vaziyatni izohlash va hammasi nazorat ostida ekanligiga ishontirish uchun bir-biriga zid boʻlgan tushuntirish-bayonotlar ham berildi. Har kuni Ukraina “jangarilari” deyarli yoʻq qilingani haqida xabarlar tarqatilmoqda.
Ilk kunlardagi shok holatidan oʻziga kelgan Rossiya zudlik bilan zaxiralarni safarbar qilishga va Kursk viloyatiga katta kuchlarni oʻtkazishga majbur boʻldi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin xalqqa murojaatida Rossiya “qoʻpol tajovuz”ga duch kelayotganini aytdi va mamlakat hududini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni koʻrishga vaʼda berdi.
(Eng qizigʻi, ayrim maʼlumotlarga qaraganda, Rossiya razvedkasi bu hujum haqida avvalroq xabar topgan. Biroq Putinga kech xabar berishgan va bu uning “qattiq gʻazabalanishiga” sabab boʻlgan).
Rossiya mudofaa vaziri gʻarbiy chegaraga qoʻshimcha qoʻshinlar kiritilishi va chegara hududlarida aksilterror operatsiyasi rejimi joriy etilishini maʼlum qildi. Rossiyalik harbiy tahlilchilarning qayd etishicha, Rossiya oʻz hududida jiddiy tahdidga duch kelmoqda va koʻrilgan choralar ham mudofaani kuchaytirish, ham Ukraina qoʻshinlarini Kursk viloyatidan siqib chiqarishga qarshi hujumga qarshi harakatlarni qamrab olishi mumkin.
Gʻarb reaksiyasi
Gʻarb davlatlarining Ukraina qoʻshinlarining Rossiyaga bostirib kirishiga munosabati avval-boshda noaniq edi. AQSh Yevropa Ittifoqi davlatlari Ukrainani qoʻllab-quvvatlashini ochiq bildirdi. Ammo mojaroning kuchayishi va global xavfsizlik uchun yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oqibatlardan xavotirda ekanligini maʼlum qildi.
AQSh prezidenti Jo Bayden oʻz bayonotida Ukraina oʻzini himoya qilish va Rossiya agressiyasiga javob berish huquqiga egaligini taʼkidladi. Shu bilan birga, u tomonlarni vazminlik koʻrsatishga va mojaroni hal qilishning diplomatik yoʻllarini izlashga chaqirdi. Yevropa Ittifoqi ham xuddi shunday pozitsiyani egallab, Ukrainani qoʻllab-quvvatlash zarurligini, lekin nazoratdan chiqib ketishi mumkin boʻlgan eskalatsiyadan qochish kerakligini taʼkidladi.
Britaniyada bosh vazir Ukrainani kuchliroq qoʻllab-quvvatlab, London Kevga zarur harbiy yordam berishda davom etishini aytdi. Shu bilan birga, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Germaniya kansleri Olaf Shols vaziyat boʻyicha shoshilinch maslahatlashuvlar oʻtkazishga chaqirdi va mojaroning boshqa hududlarga ham kengayishi ehtimolidan xavotir bildirdi.
Vaziyat tahlili
Ukraina qoʻshinlarining Kursk viloyatiga bostirib kirishini Rossiya harbiy kuchlarini tor-mor qilish va ularni boshqa frontlardan chalgʻitishga qaratilgan taktik manevr sifatida koʻrish mumkin. Bu harakat siyosiy oqibatlarga ham ega, chunki bu Ukrainaning Rossiya hududiga hujumlar uyushtirish qobiliyatini koʻrsatadi, bu esa mamlakat ichida Rossiya rahbariyatiga ishonchni va uni qoʻllab-quvvatlashni zaiflashtirishi mumkin.
Biroq, bu manevr katta xavf bilan bogʻliq. Bir tomondan, Ukraina oʻz imkoniyatlari va qatʼiyatini namoyish qilmoqda, ikkinchi tomondan, bu Rossiyaning javob harakatlariga, jumladan, keng koʻlamli harbiy amaliyotlar va Ukraina infratuzilmasiga hujumlarga sabab boʻlishi mumkin. Shuningdek, Ukraina Rossiyada bosib olingan hududlarni uzoq muddat ushlab turishga qanchalik tayyor va buning uchun qanday resurslarni safarbar qila oladi, degan savol ham tugʻilishi tabiiy.
Shuningdek, agar bu amaliyot muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, Ukrainaning Kurskdagi askarlari qurshovga olinib, yoʻq qilinishi va bu Zelenskiyning hamda ukraina harbiy rahbariyatining obroʻsiga putur yetkazishi mumkin.
Boshqa tomondan, bu qadam Rossiyaning diplomatik ihotalanishini kuchaytirishi va Gʻarbni Moskvaga nisbatan sanksiyalar bosimini yanada oshirishga undashi mumkin. Shuningdek, Ukrainaga harbiy yordam koʻrsatish, jumladan, ogʻirroq qurollar yetkazib berish boʻyicha yangi tashabbuslar yuzaga chiqish ehtimoli ham ortadi. Bu esa Ukrainaning uzoq muddatda gʻalaba qozonish imkoniyatlarini oshiradi.
Vaziyat qanday rivojlanishi mumkin?
Yaqin haftalarda Kursk viloyatida jangovar harakatlar yana avj olishini kutish mumkin. Rossiya qoʻshinlari Ukraina qoʻshinlarini mamlakat hududidan siqib chiqarish uchun keng koʻlamli qarshi hujumga eʼtiborni kuchaytiradi. Ukrainaning operatsion muvaffaqiyatlari va dushman hududida oson manevr qilish qobiliyati hisobga olinsa, qarshi harakatlar qanchalik samarali boʻladi, degan savol ham tugʻiladi.
Uzoq muddatda esa vaziyat bir nechta ssenariylar boʻyicha rivojlanishi mumkin:
Agar Ukraina egallagan hududlarni ushlab tura olsa va hujumni davom ettira olsa, bu frontda sezilarli oʻzgarishlarga olib kelib, Rossiyani oʻta ogʻir ahvolga solib qoʻyadi.
Biroq, agar Rossiya muvaffaqiyatli qarshi hujumga oʻtib, Kursk viloyati ustidan nazoratni qaytarib olsa, bu uning pozitsiyasini mustahkamlaydi va Ukraina hududiga yangi hujumlarni amalga oshirishgiga olib keladi.
Bu voqealarning siyosiy oqibatlari ham sezilarli boʻladi. Gʻarb Ukrainani qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirishi, ammo mojaroni hal qilish boʻyicha diplomatik tashabbuslarning yangi toʻlqini ham paydo boʻlishi mumkin. Chunki bu inqirozning “gazak olishi” Ukraina-Rossiya mojarosining mintaqaviy doiradan chiqib, global inqirozga aylanib borishi xavfini keltirib chiqaradi.
Umuman, Ukraina qoʻshinlarining Rossiyaning Kursk viloyatiga bostirib kirishi mojaroda burilish nuqtasi boʻldi. Bu mojaro tomonlari uchun ham, butun xalqaro hamjamiyat uchun ham jiddiy oqibatlarga olib kelishi kutilmoqda. Ayni paytda vaziyat oʻta beqaror boʻlib qolmoqda. Keyingi oʻzgarishlar esa koʻplab omillarga, jumladan, quruqlikdagi harbiy amaliyotlar, diplomatik saʼy-harakatlar va jahon hamjamiyatining javobiga bogʻliq boʻladi.
Ukrainaning rejasi qanday?
Voqealar rivoji borasidagi oxirgi xabarlarga koʻra, Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Kursk hujumi haqida “Ukrainaga Rossiya hududi kerak emas, bu harbiy amaliyotdan maqsad - ukrainalik harbiylar hayotini himoya qilishdir”, deya bayonot bergan.
“Rossiyadan farqli oʻlaroq, Ukraina Rossiyaning Kursk viloyatidagi hududni egallab olishdan manfaatdor emas, balki Rossiyaning Donetsk viloyatiga qoʻshimcha boʻlinmalarini olib kirishiga yoʻl qoʻymaslik va rus qoʻshinlari uchun logistika taʼminotini qiyinlashtirish orqali oʻz xalqi hayotini himoya qilishni istaydi”, dedi Ukraina Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Georgiy Tixiy. U, shuningdek, Ukraina Kursk viloyatida “tegishli maqsadlarga” erishayotgani va buni amalga oshirishda davom etishini, chunki bu mamlakat xavfsizligi va mudofaasi uchun zarurligini taʼkidlagan.
Avvaliga Ukraina rahbariyati bu voqealarga izoh bermadi. Ammo rad etmadi ham. Nihoyat 10 avgustdan soʻng prezident Vladimir Zelenskiy bu amaliyot urushni Rossiya hududiga siqarib chiqarish, Rossiya ham urush nimaligini his qilishi uchun rejalashtirilganini aytdi. Uning aytishicha, bu amaliyot ramziy maʼnoga ham ega. 1994 yil 30 dekabrda Putin va va uning atrofidagi masʼullarning xatolari bois K-141 «Kursk» — Rossiya atom suv osti raketa tashuvchi kemasi halokatga uchrab, choʻkib ketgandi. “Bu voqea esa (Kurskka hujum – tahr.) Rossiya choʻkishining ibtidosi boʻladi”, degan Ukraina yetakchisi.
Zelenskiy, shuningdek, “harbiylarimiz 1000 dan oshiq rus askralarini asir olib, kelajakdagi almashuv zaxiralarimizni toʻldirishdi”, deya faxrlangan.
Ayni paytda esa Ukraina rahbariyati Gʻarb bergan qurollarni Rossiya hududida uzoq masofaga ishlatishga ruxsat berishini soʻramoqda.
Biroq hozircha bunday ruxsat berilmasligi qatʼiy aytilmoqda. Zero, Gʻarb bunday ruxsat Rossiya bilan bevosita toʻqnashuvlarga olib kelishidan qoʻrqadi.
Hatto Italiya parlamenti Italiya bergan qurollar Kurskda ulardan soʻramasdan ishlatilganidan norozi ekanligini bildirdi.
Biroq tahlilchilarning tan olishicha, Kursk hududida Gʻarb qurollarining ishlatilishi Putin uchun koʻplab qizil chiziqlar – chegaralar bosib oʻtilganini anglatadi. Urush boshida “Ukrainaga yordam bergan har qanday davlat shafqatsiz jazolanadi” deya kerilgan Putin endi Gʻarb qurollari Rossiya ichida ishlatilishiga jim qarab turishga majbur boʻlmoqda.
Ayni sharoitda esa ukrainlarning Sujani – Rossiya gazi Yevropaga eksport qilinadigan tizimning “buloq boshini” egallab olgani va Kursk AES sari harakatlanayotganini katta yutuq deyish mumkin. Bu boʻlajak muzokaralarda katta ustunlik berishi turgan gap.
Muzokaralar ehtimoli esa katta. Avvalo hamma urushdan charchagan. Qolaversa, agar Donald Tramp prezident etib saylanadigan boʻlsa, Rossiya va Ukrainani muzokaralar stoliga oʻtirishga “majburlashini” aytgan. Bunga Ukraina koʻnmasa, unga beriladigan yordam toʻxtatiladi. Agar Rossiya koʻnmasa, Ukrainaga yordam kuchaytirilib, bu qurollardan cheklovsiz foydalanishga ruxsat beriladi.
Bunday istiqbol mojaroning har ikki tarafini ham oʻylantirayotgani tabiiy. Shu bois, Ukraina muzokaralargacha imkon qadar koʻproq ustunlikka erishishni maqsad qilgan boʻlishi tabiiy.
Harbiy ekspertlarning tavsiyalariga koʻra, hozir Ukraina askarlari Rossiya ichkarisiga siljib, koʻproq hududni egallashga urinmasligi, balki egallangan hududlarga joylashib olib, ularni muzokaralargacha qoʻldan bermay turishi muhim.
Maʼlumki Ikkinchi jahon urushida, 1943 yilda boʻlib Kursk janglari dushmanlar qarshi hujum boshlanishiga sabab boʻlib, urushda tub burilish yasagandi.
Ukrainaning “Kursk” amaliyoti ham mojaroning adolat bilan yakun topishi yoʻlida muhim bosqich sifatida tarixda qolish ehtimoli katta.