platina.uz
Jamiyat

Maymunchechak: simptomlar, yuqtirish yoʻllari va davolash

Ushbu kasallik anʼanaviy chechakka oʻxshash simptomlarni keltirib chiqaradi, odatda isitma, bosh ogʻrigʻi, mialgiya (mushak ogʻrigʻi) va kuchli charchoq bilan boshlanadi.

Maymunchechak: simptomlar, yuqtirish yoʻllari va davolash

Shu kunlarda yana bir xavf - maymunchechak virusi dunyo boʻylab tarqala boshladi. Afrika qitʼasidan tashqarida maymunchechak infeksiyasining birinchi holati Shvetsiyada, shuningdek, Pokistonda qayd etildi.

Avstraliyada esa iyun oyi boshidan beri 93 ta holat aniqlangan. Infeksiya tarqalishi boshlangan Markaziy Afrika Respublikasida yil boshidan buyon 17 mingdan ortiq kasallanish holati qayd etilgan va 571 kishi vafot etgan.

Jahon Sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) vaziyatning jiddiyligini taʼkidlab, favqulodda holat eʼlon qilgan va yana niqob taqib yurishga chaqirmoqda.

Kechagi maʼlumotlarga koʻra, Turkiyaning Istanbul aeroportidan Afrikaga parvoz qilayotgan styuardessalar maymunchechak tufayli endi niqob va qoʻlqop kiyishni boshlaydi.

Maymunchechak qanday kasallik? U qanday paydo boʻlgan?

Maymunchechak (Monkeypox) - bu poksviruslar oilasiga mansub maymunchechak virusi keltirib chiqaradigan oʻta yuqumli kasallik. Virus birinchi marta 1958 yilda, tadqiqot uchun saqlanadigan laboratoriya maymunlari orasida bir nechta epidemiyalar sodir boʻlganida aniqlangan. Virus maymunchechak deb atalsada, uning tabiiy rezervuari maymunlar emas, balki olmaxon, kalamush va sichqon kabi kemiruvchilar hisoblanadi.

Odamda bu kasallik ilk marta 1970 yilda Kongo Demokratik Respublikasida qayd etilgan. Oʻshandan beri kasallik asosan Markaziy va Gʻarbiy Afrikada aniqlangan. Bu yerda virusning hayvonlardan odamlarga, shuningdek, odamdan odamga yuqishi tasqdiqlangan. 2003 yilgacha epidemiyalar faqat Afrikada, keyin esa boshqa qitʼalarda qayd etilgan, ammo aksariyat holatlarda virus boshqa mintaqalarga tashib borilgan.

Maymunchechak kasalligi Afrikadan tashqarida 2022 yilda, ilk marta Yevropa va Shimoliy Amerikada qayd etildi. 2023–2024-yillarda kasallik tarqalishda davom etdi, ammo faol nazorat choralari tufayli uning qamrovi cheklanib qoldi.

Eng muhim avj olishlar Yevropada, xususan Ispaniya va Portugaliyada, shuningdek, AQSh va Kanadada qayd etilgan. Ayrim Osiyo mamlakatlarida, jumladan, Tailand va Singapurda ham alohida holatlar aniqlangan. Bemorlar asosan kasallanganlar bilan bevosita aloqada boʻlgan yoki endemik hududlarga tashrif buyurgan.

Maymunchechak qanchalik xavfli? Sindromlar, yuqtirish usullari va tarqalish usullari

Maymunchechak kasalligi kamroq ogʻir boʻlsa-da, anʼanaviy chechakka oʻxshash simptomlarni keltirib chiqaradi. Kasallik isitma, bosh ogʻrigʻi, mialgiya (mushak ogʻrigʻi) va kuchli charchoq bilan boshlanadi. Birinchi alomatlar paydo boʻlganidan bir necha kun oʻtgach, bemorda birinchi boʻlib yuzida va keyin butun tanaga tarqaladigan toshma paydo boʻladi. Toshma bir necha bosqichlardan (dogʻlar, papulalar, pufakchalar va pustulalar) oʻtadi, keyinchalik ular poʻst boylaydi.

Limfadenopatiya yoki limfa tugunlarining kattalashuvi maymunchechakni suvchechak yoki chechak kabi boshqa kasalliklardan ajratib turadigan oʻziga xos belgidir. Kasallik bilan ogʻrish odatda ikki haftadan toʻrt haftagacha davom etadi.

Virusning ikkita asosiy kloni mavjud. Bular Gʻarbiy Afrika va Markaziy Afrika (Kongo) klonlaridir. Gʻarbiy Afrika shtammi kamroq virulent va oʻlim darajasi taxminan 1-3 foizni tashkil etadi.

Mazkur virus kasal hayvonlar bilan muloqot qilish orqali yuqadi. Masalan, tishlash yoki ularning qoni, tana suyuqliklari yoki teri toshmasi bilan kontaktda boʻlish shunday xavf tugʻdiradi. Odamdan odamga ham yuqishi mumkin.

Virus jinsiy aloqa, teriga teginish, yoʻtalish va aksirish orqali ham oʻtadi. Bemor odamning badaniga, u kontaktda boʻlgan va ishlatgan toʻshak yoki kiyim kabi narsalariga teginish orqali, shuningdek, kasal hayvonning notoʻgʻri tayyorlangan goʻshtini isteʼmol qilish natijasida ham virusni yuqtirish mumkin.

Qanday oqibatlarga olib keladi?

Hozircha bu infeksiyaga qarshi samaradorligi isbotlangan dori yoʻq. Oʻzi umuman, har qanday virusni davolay oladigan samarali dori oʻylab topilmagan.

Maymunchechakning aksariyat holatlari yengil oʻtsa-da, baʼzi bemorlarda ikkilamchi bakterial teri infeksiyalari, pnevmoniya, sepsis, ensefalit va koʻrishning yoʻqolishiga olib keladigan koʻz infeksiyalari kabi jiddiy asoratlar rivojlanishi mumkin. Yosh bolalar, homilador ayollar va immuniteti kuchsiz odamlarda kasallanish xavfi yuqori va ularda xastalik ogʻir kechadi.

Keyinchalik yuzaga keladigan taʼsirlari - terida chandiqlar (choʻtir) va dogʻlar qolib ketishi, ruhiy bezovtalik va kamdan-kam hollarda oʻlimdan iborat. Virusning turiga va davolash sharoitlariga qarab, oʻlim darajasi 1% dan 10% gacha oʻzgarishi mumkin.

"Sogʻliqni saqlash boʻyicha ekspertlar orasida xavotir uygʻotadigan mutant variant “clade 1” deb ataladi. Uni yuqtirgan har 20 nafar katta yoshdagi odamning biri oʻladi, bolalarning esa har 10 nafaridan biri oʻladi. Homilador ayollarga yuqsa, vaqtidan oldin chala tugʻish (bola tashlash) holatlari kuzatilgan.

Avstriyalik shifokorlarning taʼkidlashicha, maymunchechakdan oʻlish darajasi taxminan 1% ni tashkil qiladi. Umuman olganda, ular kasallikni juda xavfli emas, balki juda yoqimsiz deb baholaydi.

Shuni hisobga olish kerakki, COVID-19 dan oʻlim darajasi (oʻlim) bemorning surunkali kasalliklari, mintaqasi va epidemiya bosqichiga qarab 2-40 foizni tashkil etgan edi.

Kasallikning oldini olish usullari

Maymunchechak tarqalishining oldini olish - infeksiyaning mumkin boʻlgan manbalari bilan kontaktni kamaytirish va vaksinalardan foydalanish bilan bogʻliq. 1980 yilda bartaraf etilgandan soʻng toʻxtatilgan chechakka qarshi vaksina maymunchechakdan himoyani taʼminlaydi. Biroq, 1980 yildan keyin tugʻilgan odamlar emlanmagan va shuning uchun ular koʻproq himoyasiz.

Endemik hududlarda yovvoyi hayvonlar, ayniqsa, kemiruvchilar bilan muloqot qilmaslik, kontakt zaruriyati tugʻilsa, esa himoya kiyim va qoʻlqoplardan foydalanish shart. Virusni yuqtirgan odam bilan iuloqot qilganda, karantin choralariga qatʼiy rioya qilish va simptomlarni kuzatish kerak.

Maymunchechak kasalligi insonlar, jamiyat va mamlakatlar va dunyo iqtisodiyoti uchun qanchalik xavfli?

Maymunchek inson salomatligiga, ayniqsa, tibbiy yordam koʻrsatilmagan mamlakatlarda katta xavf tugʻdiradi. Jiddiy asoratlar va oʻlim ehtimoli bu infeksiyani, ayniqsa zaif aholi uchun xavfli qiladi.

Maymunning tarqalishi jamiyat va iqtisodiyot uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Jumladan, tibbiy xarajatlar, karantin choralari, mehnat qobiliyatini yoʻqotish va turizm faolligini kamaytirishga sabab boʻladi. Afrikaning ayrim mamlakatlarida kasallik allaqachon aholi salomatligi va iqtisodiyotiga chuqur salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Global miqyosda maymunchechak COVID-19 kabi xavf tugʻdirmaydi. Ammo uning tarqalishi kuchaytirilgan profilaktika va nazorat choralarini talab qiladi. Globallashuv va xalqaro sayohatlarning kuchayishi sharoitida virusni boshqa mamlakatlarga olib kirish va tarqalish xavfi dolzarbligicha qolmoqda.

Maymunchechak tarqalishi yuzasidan JSST tavsiyalari

JSST maymunchechakning tarqalishiga javoban yuqish holatlarini tezda aniqlash, kasallanganlarni ihotalash va yuqtirish xavfi yuqori aholi guruhlarini emlash borasida tavsiyalar bergan. Tashkilot, shuningdek, global pandemiyaning oldini olish uchun xalqaro hamkorlik va axborot almashish muhimligini taʼkidlagan.

JSST ekspertlarining fikricha, maymunchechak COVID-19 kabi pandemiyaga olib kelishi dargumon, biroq vaziyat alohida tibor va oʻz vaqtida zarur choralar koʻrishni talab qiladi. Endemik hududlarda va yuqori xavfli guruhlarda chechakka qarshi emlash kampaniyalari oʻtkazish kasallik profilaktikasining asosiy vositasi boʻlib qolmoqda.

Hozirgi epidemiologik vaziyat

2024 yil avgust holatiga koʻra maymunchechak kasalligi boʻyicha epidemiologik vaziyat nisbatan barqaror. Aksariyat holatlar Markaziy va Gʻarbiy Afrikada qayd etilgan boʻlib, u yerda virus tabiiy ravishda yovvoyi hayvonlar orasida tarqaladi. Biroq, dunyoning boshqa qismlarida hamkasallik holatlari aniqlanayotgani doimiy monitoring va tezkor choralar koʻrishga tayyor boʻlishni talab qiladi.

Umuman, hozircha virusning tarqalish darajasi pastligicha qolmoqda va maymunchechakning global miqyosda tez tarqalishiga qodirligi boʻyicha hali tasdiqlangan maʼlumot yoʻq. Kasallik aniqlangan aksariyat mamlakatlar qatʼiy nazorat va profilaktika choralari orqali vaziyatni muvaffaqiyatli nazorat qilib turibdi.

2024 yil avgust oyi holatiga koʻra, kasallanganlarni izolyatsiya qilish va davolash boʻyicha faol choralar tufayli umumiy kasallanish darajasi pastligicha qolmoqda.

Epidemiyaga qanchalik tayyormiz?

Turli mamlakatlarning maymunchechak bilan kurashishga tayyorligi ularning sogʻliqni saqlash tizimlarining rivojlanish darajasiga bogʻliq. Samarali epidemiologik nazorat tizimi va vaksinalarga ega rivojlangan mamlakatlarda kasallikka qarshi kurashishga tayyorlik darajasi yuqori. AQSh, Buyuk Britaniya va Kanada kabi davlatlar allaqachon infeksiyalangan odamlarni aniqlash va izolyatsiya qilish choralarini ishlab chiqqan va amalga oshirishni boshlagan. Shuningdek, aholini himoya qilish uchun vaksinalardan keng foydalanilmoqda.

Kam rivojlangan mamlakatlarda, ayniqsa Afrikada vaziyat ancha murakkab. Cheklangan resurslar, zaif sogʻliqni saqlash infratuzilmasi va vaksinalarning etishmasligi maymunchechakka qarshi kurashni qiyinlashtiradi. JSST va UNICEF kabi xalqaro tashkilotlar ushbu mamlakatlarni tibbiy asbob-uskunalar, vaksinalar bilan taʼminlash va mahalliy tibbiyot xodimlarini oʻqitish orqali qoʻllab-quvvatlamoqda.

Jumladan, Yevropa Komissiyasi Afrikadagi Kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish markazi uchun 215 ming dozadan ortiq maymunchechak vaksinasini xarid qilish va xayriya qilishni rejalashtirayotgani bildirilgan.


Rossiyada esa “Rospotrebnadzor” tashkiloti avvalroq mamlakatda maymunchechakning tarqalish xavfi yoʻqligini, chegarada boshqa davlatlardan kelganlar ustidan qattiq nazorat oʻrnatilganini maʼlum qilgan edi. Sayohatchilarga niqob taqish va tana gigiyenasiga amal qilish tavsiya etiladi.

Departament vakillarining aytishicha, Rossiyada “Rospotrebnadzor” tomonidan ishlab chiqilgan yuqori texnologiyali zamonaviy test tizimlari yetarli miqdorda mavjud. Ular maymunchechak virusini eng qisqa vaqt ichida aniqlash imkonini beradi va uni laboratoriyadan tashqari sharoitlarda qoʻllash mumkin”, — deyiladi departamentda.

Rossiya Federatsiyasi, shuningdek, «OrtopoksVak» vaksinasi ishlab chiqilgan boʻlib, u barqaror immunitetni shakllantiradi va yuqori xavfsizlik profiliga ega. Xitoyda esa rasmiylar allaqachon bir qator cheklovlar joriy etgan. Qozogʻistonda esa PSR testlari sotib olingan

Oʻzbekistondagi vaziyat ham hozircha xavotir tugʻdirmaydi. Sanepidqoʻmita boshqarma boshligʻi Rustamjon Ikramov maʼlum qilishicha, Oʻzbekistonda kasallikka chalinganlikda gumon qilinadigan holatlarda laboratoriya tashxislarini oʻtkazish uchun bojxonalardagi va virusologiya ilmiy tekshirish institutidagi virusologiya mutaxassislari qayta tayyorgarlikdan oʻtkazilgan. Shuningdek, maymun chechagi kasalligini aniqlash uchun zarur boʻladigan diagnostika va test sistemalarini olib kelish yuzasidan ishlar yoʻlga qoʻyilgan.

Dunyoda epidemiologik vaziyat prognozi

Mutaxassislarning maymunchechak haqidagi prognozlari nisbatan optimistik xususiyatga ega Global pandemiya va qatʼiy karantin choralarini joriy etish ehtimoli pastligicha qolsa-da, virusning nazoratsiz tarqalishining oldini olish muhim. Xalqaro hamjamiyat hushyor turishi va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan yangi epidemiyalarga tayyor boʻlishi lozim.

Kasallikni faol aniqlash, emlash va infeksiyalangan shaxslarni izolyatsiya qilish kabi choralar bu kasallikka qarshi kurashda oʻz samarasini bermoqda. Agar kerak boʻlsa, nazorat choralari kuchaytirishlari ham kutilmoqda. Biroq COVID-19 pandemiyasi paytida kiritilgani kabi keng koʻlamli karantinlarga hojat boʻlmaydi.

Shunday qilib, maymunchechak xavfli kasallik boʻlib qolayotgan boʻlsa-da, uni toʻgʻri nazorat qilish va oldini olish choralari natijasida global pandemiyaga sababchi boʻla olmaydi. Xalqaro hamjamiyat har qanday yangi tahdidlarga tezkor javob berish maqsadida vaziyatni diqqat bilan kuzatishda davom etmoqda.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid