Oʻzbekiston elchixonasi Kursk, Bryansk va Belgoroddagi vatandoshlarni ogohlantirdi
Ushbu hududlarda tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalarga vaqtincha masofaviy taʼlim formatiga oʻtish tavsiya etilgan.

Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchixonasi mamlakatda boʻlib turgan fuqarolarni ogohlantirdi.
"Kursk, Bryansk va Belgorod viloyatlaridagi mavjud vaziyat munosabati bilan Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchixonasi zarur ehtiyot choralarini koʻrishni, oʻta zarurat boʻlmasa, koʻchaga chiqmaslikni, shuningdek, odamlarning koʻp yigʻilishiga yoʻl qoʻymaslik va jamoat joylariga borishni cheklashni tavsiya qiladi.
Iloji boʻlsa, ushbu hududlarda tahsil olayotgan talabalarga vaqtincha masofaviy taʼlim formatiga (onlayn) oʻtishni tavsiya qilamiz" deyiladi elchixona xabarida.
Agar konsullik yordami yoki maslahat kerak boʻlsa, Oʻzbekistonning Moskvadagi elchixonasining Konsullik boʻlimiga murojaat qqilish soʻralgan.
Eslatib oʻtamiz, avgust oyi boshida Ukraina armiyasi Kursk viloyatiga kirdi. Mazkur hodisadan keyin Rossiya chegarasidagi vaziyat yanada taranglashdi.




