Osiyoda ilk bor maymunchechak qayd etildi
Holat Pokistonda qayd etilgan. Kasallik avval Afrikaning oʻnlab davlatlaridan tashqari Shvetsiyada ham aniqlangandi, Avstraliyada ham 90 dan oshiq holatlar kuzatilgan.

Osiyoda odamlarda maymunchechak infeksiyasining birinchi holati Pokistonda aniqlandi.
Bu haqda mamlakat Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlum qildi va shtammni aniqlash uchun keyingi tadqiqotlar talab qilinishini taʼkidladi. Bu haqda AP xabar bermoqda.
Mardan shahrida yashovchi fuqaroda chechak kasalligi aniqlangan. U yaqinda Yaqin Sharq davlatlaridan biridan Pokistonga qaytib kelgan, lekin Yaqin Sharqda hozircha ushbu kasallik aniqlanmadi.
Pokiston Sogʻliqni saqlash vazirligi chegarachilar va aeroport xodimlariga mamlakatga kelganlarni diqqat bilan kuzatib borish va agar ularda shubhali alomatlar boʻlsa, kasallikni tekshirishni buyurdi.
Bu Afrikadan tashqarida ikkinchi infeksiya holati: birinchisi 15 avgust kuni Shvetsiyada qayd etilgandi.
14 avgust kuni JSST Kongo va Afrikaning boshqa mamlakatlarida maymunchechak kasalligi avj olgani sababli xalqaro ahamiyatga molik favqulodda holat eʼlon qildi.
Kongoda bu yil 14 mingdan ortiq kasallik va 524 oʻlim holati aniqlangan.
Avstraliyaning Janubiy Yangi Uels hududida birdaniga 90 dan oshiq bemorlar aniqlangan.
Xitoy esa maymunchechak sabab chegaralarda tekshiruvni kuchaytirmoqda. Kuchaytirilgan rejim kamida yarim yil davomida amal qiladi.
Maymunchechak markaziy va gʻarbiy Afrikaning chekka hududlarida keng tarqalgan yuqumli kasallik. Uning belgilari koʻngil aynishi, isitma, toshma, qichishish va mushak ogʻrigʻidir.