Ukraina Kurskda 100 nafardan oshiq rossiyalikni asir oldi
Kelajakda ulardan asir tushgan ukrainaliklarni qaytarishda foydalanish maqsad qilingan. Kursk viloyatidagi janglar esa toʻxtamayapti.

Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari Vasiliy Malyuk 15 avgust kuni Kursk viloyatida 102 nafar rossiyalik asirga olinganini maʼlum qildi.
Rossiyalik harbiy xizmatchilarning qoʻlga olingani haqidagi faktlar turli manbalar, jumladan, ijtimoiy tarmoqlardagi videolar va jahonning yetakchi ommaviy axborot vositalarining muxbirlari tomonidan tasdiqlangan, biroq Malyuk taqdim etgan tafsilotlarni, jumladan, mahbuslar sonini mustaqil manbalardan tasdiqlash mumkin emas.
“Kecha biz tezkor operatsiya oʻtkazdik, natijada 102 nafar rossiyalik qoʻlga olindi. Kelajakda biz asirga tushgan himoyachilarimizni uyga qaytarish uchun bundan qanday samarali foydalanish haqida oʻylayapmiz", - deya Malyukning soʻzlaridan iqtibos keltiradi UXX matbuot xizmati.
Uning soʻzlariga koʻra, mahbuslar orasida "Axmat" boʻlinmasi zobitlari va vakillari ham bor.
Hozir harbiy kontrrazvedka va UXX tergovchilari qoʻlga olingan rossiyaliklar bilan ishlamoqda, dedi Malyuk payshanba kuni boʻlib oʻtgan brifingda.
Mahbuslar keng qamrovli koʻrsatmalar berganidan va ular bilan qonunda nazarda tutilgan barcha tartib-qoidalar amalga oshirilgach, Ukraina tomoni Rossiya bilan ularni almashish boʻyicha muzokaralar olib borishi mumkin, deya qoʻshimcha qildi u.
Finacial Times gazetasining yozishicha, Kursk viloyatida rossiyalik mahbuslarning muhim qismi qoʻlga olinganidan soʻng, Rossiya va Ukraina almashinuv boʻyicha muzokaralar boshlagan.
Eslatib oʻtamiz, 6 avgust kuni Ukraina kuchlari Rossiya hududiga bostirib kirdi. Oqibatda ming kvadrat kilometrdan oshiq hudud egallandi.




