JSST maymunchechak tufayli global favqulodda holat eʼlon qildi
Yil boshidan buyon Afrikaning 13 davlatida jami 17 mingga yaqin maymunchechakka chalinganlar gumon qilingan va 517 kishi oʻlgan.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Kongo Demokratik Respublikasida avj olgan va qoʻshni davlatlarga tarqalib ketgan maymunchechak kasalligi sabab, ikki yil ichida ikkinchi marta global favqulodda holat deb eʼlon qildi.
Chechak qoʻzgʻatuvchisi kasal odam bilan yaqin aloqada boʻlganda yuqadi. Odatda kasallik yengil kechadi, lekin baʼzi hollarda yiringli jarohatlar yuqtirgan odamning butun tanasiga tarqala boshlaydi, natijada oʻlimga olib keladi.
Kasallikning avj olishi "xalq salomatligi uchun favqulodda vaziyat" deb belgilandi, bu ogohlantirishning eng yuqori darajasi.
Bu kabi qarorlar davolanishni tezlashtirishga yordam beradi va infeksiyani iloji boricha jilovlab turish uchun global sogʻliqni saqlash saʼy-harakatlarini moliyalashtiradi.
Oxirgi epidemiya kasallikning har qanday jismoniy aloqa, shu jumladan jinsiy aloqa orqali osonroq tarqaladigan yangi variantini keltirib chiqardi.
Yil boshidan buyon Afrikaning 13 davlatida jami 17 mingga yaqin maymunchechak infeksiyasi gumon qilingan va 517 kishi oʻlgan. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 2,5 barobar koʻpdir.