Inson organizmida keskin oʻzgarishlar boʻladigan yosh chegaralari maʼlum qilindi
Tadqiqotlarga koʻra bu 44 va 60 yoshdir. 40 yoshdan oshgan odamlarda yurak-qon tomir kasalliklari, teri va mushaklarning holati oʻzgara boshlaydi.

AQShning Stenford tibbiyot instituti olimlari inson organizmida tez oʻzgarishlar qaysi yoshdan keyin boshlanishini aniqladi.
Nature Aging jurnalida chop etilgan tadqiqotda 25 yoshdan 75 yoshgacha boʻlgan 108 kishi ishtirok etdi.
Ishtirokchilar bir necha yil davomida bir necha oyda bir marta qon va boshqa testlarni oʻtkazdilar. Olingan maʼlumotlar olimlarga 135 mingdan ortiq turli molekulalar va mikroblardagi yoshga bogʻliq oʻzgarishlarni kuzatish va deyarli 250 milliard turli xil maʼlumotlar nuqtalarini toʻplash imkonini berdi.
Natijalar shuni koʻrsatdiki, koʻpchilik molekulalar va mikroblar darajasi asta-sekin emas, balki keskin oʻzgaradi. Inson hayotida sogʻliqqa taʼsir qiladigan tez oʻzgarishlarning ikki davri aniqlandi: bu 44 yosh va 60 yosh.
Olimlarning fikriga koʻra, 40 yoshdan oshgan odamlarda yurak-qon tomir kasalliklari, teri va mushaklarning holati bilan bogʻliq boʻlgan molekulalar sonida sezilarli oʻzgarishlar kuzatilgan.
60 yoshdan oshgan odamlarda karbongidrat va kofein almashinuvi, immunitetni tartibga solish va buyraklar faoliyati bilan bogʻliq oʻzgarishlar qoʻshildi.
Tadqiqot nega baʼzi kasalliklar xavfi yosh oʻzgarishi bilan keskin oshishini tushuntiradi. Ular orasida Alsgeymer kasalligi va demansning boshqa turlari mavjud.
Shu bilan birga, olimlar ushbu yoshda toʻsatdan oʻzgarishlarga nima sabab boʻlganini aniqlay olmadilar. Ular bu boradagi izlanishlarini davom ettirish niyatida.