Gʻazo sektorida qurbon boʻlganlar soni 40 ming kishidan oshdi
Soʻnggi 24 soat ichida Isroil armiyasining hujumlari natijasida 40 kishi halok boʻlgan, 107 kishi jarohatlangan.

Gʻazo sektori sogʻliqni saqlash tashkiloti Isroil bilan urush boshlanganidan beri anklavda 40 005 kishi halok boʻlganini maʼlum qildi. Yaradorlar soni 92,4 ming kishiga yetdi.
Departament bayonotida aytilishicha, soʻnggi 24 soat ichida Isroil armiyasining hujumlari natijasida 40 kishi halok boʻlgan, yana 107 kishi jarohatlangan.
Qurbonlarning baʼzilari hamon vayronalar ostida va tez yordam brigadalari yetib bora olmaydigan yoʻllarda qolmoqda.
Gʻazo sektoridagi urush 2023 yil 7 oktabrda boshlangandi. HAMAS hujumidan soʻng Isroil kuchlari Gʻazoga bostirib kirdi. Xalqaro bosim va ogohlantirishlarga qaramasdan Isroil harbiy harakatlarni davom ettirmoqda.
Avvalroq Tehronda HAMAS rahbari Ismoil Xaniya oʻldirilib, uning oʻrniga Yahyo Sinvar harakat rahbari boʻlgandi.