Yevropa Ittifoqi aholisi qariyb 450 million kishiga yetdi
Polsha, Vengriya, Gretsiya kabi davlatlarda aholi kamayib borayotgan boʻlsa, eng katta oʻsish Ispaniya (525,1 ming kishi), Germaniya (330 ming kishi) va Fransiyaga (229 ming kishiga) toʻgʻri keldi.

Yevropa Ittifoqi mamlakatlari aholisi 2024 yil 1 yanvar holatiga koʻra 449,2 million kishini tashkil etdi, oʻtgan yili bu 447,6 million kishi edi, deya xabar berdi YeI statistika boshqarmasi.
Aholi oʻsishi COVID-19 pandemiyasining oqibatlari tufayli oldingi ikki yildagi pasayishdan keyin ketma-ket ikkinchi yil qayd etildi. 2020 yilda aholi soni qariyb 0,5 million kishiga, 2021 yilda qariyb 0,3 million kishiga kamaygandi.
Biroq, soʻnggi paytlarda aholining oʻsishi asosan migratsiya harakatining kuchayishi bilan bogʻliq. Aholining tabiiy qisqarishi (tugʻilganlardan koʻproq oʻlim) ijobiy sof migratsiya hisobiga qoplandi, deyiladi hisobotda.
Yevropa Ittifoqi aholisi 1960 yilga nisbatan 94,7 million kishiga koʻpaydi. Biroq, soʻnggi oʻn yilliklarda oʻsish surʼati asta-sekin sekinlashdi: aholi 2015-2024 yillarda yiliga oʻrtacha 0,6 million kishiga koʻpaydi, 1960 yillarda oʻrtacha yillik oʻsish 2,9 million kishini tashkil etgandi.
Germaniya, Fransiya va Italiya aholisi birgalikda 2024 yil 1 yanvar holatiga koʻra Yevropa Ittifoqi umumiy aholisining deyarli yarmini (47%) tashkil etdi. Malta aholisi 0,6 million boʻlsa, Germaniyada esa 83,4 million aholi istiqomat qiladi.
Oʻtgan yili Yevropa Ittifoqining yettita davlatida aholi sonining qisqarishi qayd etilgan. Bu holat Polshada (132,8 ming kishiga), Gretsiyada (16,8 ming kishiga) va Vengriyada (15,1 ming kishiga) sezilarli boʻldi. Aholining eng katta oʻsishi Ispaniya (525,1 ming kishi), Germaniya (330 ming kishi) va Fransiyaga (229 ming kishiga) toʻgʻri keldi.