Kambagʻallikka qarshi kurashish Ijtimoiy himoya milliy agentligiga oʻtkazildi

Agentlik har yili 50 ta mahalla tanlab, ularni kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirib boradi.

Iqtisod
14-avgust, 19:27
Kambagʻallikka qarshi kurashish Ijtimoiy himoya milliy agentligiga oʻtkazildi

Kambagʻallikni qisqartirish vazifalari endi toʻliqligicha Ijtimoiy himoya milliy agentligiga oʻtkazildi. Ular bugun prezidentga soha boʻyicha taqdimot qildi.

Endi kambagʻallikni aniqlash mezonlari va manzilli roʻyxatiga “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”dagi va kambagʻallikka tushish xavfi yuqori boʻlganlar kiritiladi. Bunday oilalar “mahalla yettiligi” va faollari tomonidan ovoz berish yoʻli bilan tasdiqlanadi. Kambagʻallikdan chiqarishga qaratilgan barcha ijtimoiy xizmat va yordamlar “Inson” markazlari tomonidan amalga oshiriladi.

Kambagʻallik omillarini oʻrganish uchun ijtimoiy himoya va bandlik masalalarida 8 ta yoʻnalishda yagona savolnoma ishlab chiqiladi. Shu asosida oilalarning imkoniyatlari baholanib, 3 ta toifaga ajratiladi. Har bir oilaga individual yondashilib, “oyoqqa turishi”ga koʻmaklashiladi.

Shu taxlit, kambagʻallik darajasi yuqori boʻlgan mahallalar roʻyxati ham shakllantiriladi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi va hokimliklar tomonidan har yili 50 ta mahalla tanlab olinib, ular kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirib boriladi.

Bugungi kunda hokim yordamchilariga 20 dan ortiq vazifalar yuklatilgan. Shu sababli kambagʻallikni qisqartirish masalasi ikkilamchi darajaga tushib qolgan. Endi hokim yordamchilarining faoliyatini qayta koʻrib chiqilib, asosiy eʼtibor kambagʻallikni qisqartirish va ular bandligini taʼminlashga qaratiladi.

Har yili kambagʻallikni qisqartirishga 14 trillion soʻm yoʻnaltirilmoqda. Lekin bu mablagʻ 40 turdagi moliyaviy vositalar orqali, 10 ga yaqin idora tomonidan berilmoqda, yagona yondashuv yoʻq. Shu bois bu tizim ham oʻzgartiriladi. Mablagʻlar hudud, tuman va mahallalar kesimida kambagʻal oilalar sonidan kelib chiqib, mos ravishda Agentlik va hokimliklar tomonidan taqsimlanadi. Bunda mablagʻlar, birinchi navbatda, oilani kambagʻallikdan chiqarishga yoʻnaltiriladi.

Kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan dasturlar ijrosi  boʻyicha 3 bosqichda – mahalla va tuman, viloyat hamda respublika darajasida monitoring tashkil qilinadi. Bu borada jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi.

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+