Futbol mutaxassisi Sayfiddin Ermatov vafot etdi
U mashhur hakam va OʻFA vitse-prezidenti Ravshan Ermatovning otasi boʻlib, hakam, inspektor va murabbiy sifatida ishlagan.
Taniqli futbol mutaxassisi, mashhur hakam va OʻFA vitse-prezidenti Ravshan Ermatovning otasi Sayfiddin Ermatov vafot etdi.
Sayfiddin Gaziyevich Ermatov 1953 yil 22 fevral kuni Toshkentda tavallud topgan. Avval "Paxtakor", "Spartak" va "Avtomobilchi" jamoalarida toʻp surgan. Shundan soʻng Sayfiddin Gaziyevich "Paxtakor" bolalar-oʻsmirlar sport maktabi va xalq orasida "Chigʻatoy" nomi bilan mashhur boʻlgan futbol boʻyicha Respublika Oliy sport mahorati maktabida yoshlarga futboldan saboq bergan.
Keyinchalik futbol hakami va inspektori sifatida samarali mehnat qilgan.
Sayfiddin Ermatov faoliyati davomida koʻplab isteʼdodli yosh hakamlarni tarbiyalashda hissa qoʻshgan. Shogirdlari orasida FIFA referisi, futbol mundiallarini boshqarish boʻyicha jahonning mutlaq rekordchisi Ravshan Ermatov, shuningdek, Abduhamidullo Rasulov kabi taniqli hakamlarni uchratish mumkin.
Shuningdek, tarkibida Server Jeparov, Shuhrat Mirxoldirshoyev, Yaroslav Krushelnitskiy, Yuriy Nikitov kabi iqtidorlarni jamlagan 1982 yilda tugʻilgan futbolchilardan iborat Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi bosh murabbiyi boʻlgan.