BMT Bosh Assambleyasi Oʻzbekiston tashabbusini maʼqulladi
Tashabbus degradatsiyaga uchragan va qurgʻoq hududlarda barqaror oʻrmonzorlarni barpo etish va boshqa ekologik muammolar bilan bogʻliqdir.

BMT Bosh Assambleyasi Oʻzbekiston tashabbusi bilan ilgari surilgan rezolyutsiyani qabul qildi.
2024 yil 13 avgust kuni BMTning Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasi bir ovozdan "Degradatsiyaga uchragan va qurgʻoq hududlarda barqaror oʻrmonzorlarni barpo etish, daraxt ekish va ularni targʻib qilish – ekologik muammolarga qarshi kurashning samarali yechimi" rezolyutsiyasini qabul qildi.
Mazkur rezolyutsiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatda hayotga tatbiq etilayotgan, shahar va qishloq hududlarini koʻkalamzorlashtirish orqali bioxilma-xillikni saqlash va tiklashga qaratilgan "Yashil makon" milliy dasturi konsepsiyasi asosida ishlab chiqilgan.
Hujjatda Shavkat Mirziyoyevning Bosh Assambleyaning 78-sessiyasi va BMT Iqlim boʻyicha 28-konferensiyasida iqlim oʻzgarishiga va yerlarning degradatsiyasiga qarshi samarali kurashish boʻyicha bildirgan asosiy takliflari oʻz ifodasini topgan.
Rezolyutsiyaga 90 dan ortiq aʼzo davlatlar, jumladan, Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari, Ozarbayjon, Avstriya, Belgiya, Bahrayn, Vengriya, Germaniya, Italiya, Iordaniya, Indoneziya, Qatar, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Latviya, Moʻgʻiliston, Marokash, Oʻmon, BAA, Pokiston, Portugaliya, Rossiya, Koreya Respublikasi, Turkiya, Fransiya va dunyoning turli mintaqalarini ifodalovchi boshqa davlatlar hammualliflik qildi.
Rezolyutsiyada oʻrmonlarni barqaror boshqarish va daraxt oʻtqazishning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik afzalliklari har tomonlama koʻrsatilgan. Ularning biologik xilma-xillikni oshirish, iqlim oʻzgarishi va havo ifloslanishi oqibatlarini yumshatish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qoʻshgan hissasi, jumladan kambagʻallikka barham berish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashdagi hissasi alohida taʼkidlanadi.
Rezolyutsiyaning oʻziga xos xususiyati uning atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi soʻnggi ilmiy yoʻnalishlarga muvofiqligidir. Ekologik toza va ekotizimga asoslangan usullardan foydalangan holda biologik xilma-xillikni saqlash va koʻpaytirish maqsadida BMTga aʼzo mamlakatlarga daraxt ekish sohasida aniq tavsiyalar beriladi.
Eslatib oʻtamiz, 2024 yil 4 iyun kuni BMT Bosh Assambleyasi Oʻzbekiston tashabbusi bilan "Markaziy Osiyo davlatlarining giyohvandlik bilan bogʻliq muammolarni samarali hal etish va bartaraf etish uchun yagona front boʻlib harakat qilish va hamkorlik qilishga tayyorligi" rezolyutsiyasini bir ovozdan qabul qilgandi.
Undan avvalroq BMT “Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi rezolyutsiyani bir ovozdan maʼqullagandi.