platina.uz

Surxondaryoda yuzlab ayollarga Prezident sovgʻasi topshirildi

250 nafarga yaqin ishsiz fuqaroga esa subsidiya asosida motokultivator, pishiriq pechlari kabi mehnat jixozlar berilib, bandligi taʼminlandi. 

Jamiyat
13-avgust, 11:52
Surxondaryoda yuzlab ayollarga Prezident sovgʻasi topshirildi

Prezident Xalq qabulxonalari tomonidan hududlarda aholi bandligini taʼminlash, ularning daromad manbayini shakllantirish va shu asosda turmush farovonligini taʼminlashga qaratilgan “Murojaatdan — daromadga” loyihasi amalga oshirilmoqda.

“Bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida Surxondaryo viloyati Denov shahrida loyihaning navbatdagi bosqichi tashkil etildi.

Xususan, Prezident maslahatchisi oʻrinbosari - Xalq qabulxonasi rahbari Ulugʻbek Muhammadiyev boshchiligida Xalq qabulxonalariga moddiy yordam masalasida murojaat qilgan ehtiyojmand, ishsiz ayollarga Prezident sovgʻalari – tikuv mashinalari tantanali ravishda topshirildi.

Xususan, Denov tumanida 100 ta, Oltinsoy tumanida 100 ta, Sariosiyo tumanida 100 ta, Uzun tumanida 100 ta hamda Shoʻrchi tumanida 105 ta, jami 505 ta ayollarga tikuv mashinalari berildi.

Shu bilan birga, har bir ayol oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻyib olishi uchun mahallasidagi yetakchi chevar tadbirkor ayollarga biriktirilib, ularning faoliyati nazoratga olindi. Yaʼni, Prezident Xalq qabulxonasi, sektorlar va “mahalla yettiligi” har bir kooperatsiya ish jarayonini doimiy monitoring qilib boradi.

Tikuv mashinasi ajratilgan har bir murojaatchining avval barqaror daromadga chiqib, soʻng yaqin uch-toʻrt yil ichida oʻz oilaviy tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilishigacha yaqindan yordam berib boriladi.

Bundan tashqari, 250 nafarga yaqin ishsiz fuqaroga subsidiya asosida motokultivator, pishiriq pechlari, sartaroshlik uskunalari kabi qator mehnat jixozlar topshirildi.

Tadbir doirasida turli koʻrgazmalar, yarmarkalar hamda sport musobaqalari ham tashkil etildi.

Jumladan, aholi orasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish, yoshlarni jismoniy tarbiya va ommaviy sportga jalb etish maqsadida Prezident Xalq qabulxonasi rahbari Ulugʻbek Muhammadiyev boshchiligida “Istiqbol” mahallasida “Sogʻlom hayot uchun 5000 qadam” yurish marafoni boʻlib oʻtdi.

Unda viloyat va tuman sektor rahbarlari, nuroniylar, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamda 1500 dan ortiq 7 yoshdan 70 yoshgacha boʻlgan keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida “Armiyam – faxrim” shiori ostida harbiylarning chiqishlari, koʻrgazmalari hamda turli sport yoʻnalishlari boʻyicha musobaqalar tashkil etildi.

Erishayotgan yuqori natijalari, tashabbuskorligi va fidoyiligi uchun bir guruh yoshlar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+