Prezident sunʼiy intellektni rivojlantirishni topshirdi
Sunʼiy intellekt va IT sohasidagi startap loyihalarni rivojlantirish chora-tadbirlariga doir taqdimot boʻlib oʻtdi.

Sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi, bank, soliq, bojxona kabi sohalarda sunʼiy intellekt texnologiyalari rivojlantiriladi.
Bu haqda Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan sunʼiy intellekt va IT sohasidagi startap loyihalarni rivojlantirish chora-tadbirlariga doir taqdimotda aytiladi.
Aytilishicha, sunʼiy intellekt boʻyicha qonunchilik bazasi yaratiladi. Sunʼiy intellektni joriy etish strategiyasi va ikki yillik loyihalar dasturi ishlab chiqiladi. Prezident Sunʼiy intellekt texnologiyalari markazini tashkil qilish boʻyicha topshiriq berdi.
Xususan, bank-moliya sohasida sunʼiy intellektni qoʻllashni kengaytirish, bu boʻyicha kadrlar tayyorlash va xodimlar malakasini oshirish zarurligi taʼkidlandi.
"Bugungi kunda 4 ta universitetda sunʼiy intellekt boʻyicha kadrlar tayyorlanayapti. Hozirda katta maʼlumotlarni qayta ishlash va til modellari boʻyicha 600 nafar mutaxassisga talab bor. Bu kelgusi yillarda karrasiga oshadi. Shuni inobatga olib, sohalar kesimida talabga mos mutaxassislar tayyorlash muhimligi aytildi", deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Qayd etilishicha, oʻtgan yili startap loyihalar uchun jalb qilingan venchur investitsiyalar hajmi 134 million dollarni tashkil qilgan.