Jizzaxda bir kunda mablagʻ ajratish boʻyicha beshta hujjat eʼlon qilindi
Mablagʻlar viloyat hokimligi kotibiyati va axborot xizmatini texnik jihozlash, "Yoshlar kuni" bayrami xarajatlari, harbiy xizmatga kuzatishdagi tantanali tadbir uchun sarflanadi.

12 avgust kuni Xalq deputatlari Jizzax viloyati kengashining turli xarajatlar uchun mablagʻ ajratish boʻyicha beshta qarori eʼlon qilindi.
Jumladan, viloyat mahalliy byudjetining erkin qoldiq va daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi hamda viloyat mahalliy budjetiga ajratilgan ssuda mablagʻlari hisobidan "Yoshlar kuni" bayrami munosabati bilan mustaqillik maydoniga sahna oʻrnatish, maydonni bayramona bezatish hamda boshqa xarajatlar uchun 666 mln 265 ming soʻm mablagʻni viloyat hokimligiga ajratiladi.
Viloyat hokimligi turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari kotibiyati uchun kompyuter, orgtexnika, ofis jihozlari va boshqa zarur
anjomlar xarid qilish uchun 136 440,0 (bir yuz oʻttiz olti million toʻrt yuz qirq) ming soʻm beriladi.
Byudjet daromadlarining oshirib bajarilgan qismidan "Keksalar maslahati" guruh rahbarlarini ragʻbatlantirish uchun 234,5 mln, viloyatda harbiy xizmatga kuzatilgan yoshlar uchun bayram tushligi va sovgʻalar sabab yuzaga kelgan qarzdorlik sabab 302 mln. soʻm ajratilishi koʻzda tutilgan.
Viloyat mahalliy byudjetining erkin qoldiq va daromadlari rejasining oshirib bajarilgan qismi hamda viloyat mahalliy budjetiga ajratilgan ssuda mablagʻlari hisobidan hokimlik axborot xizmatining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun 251 mln soʻm mablagʻ sarflanishi kutilmoqda.