Yaponiya bosh vaziri kuchli zilzila sabab Markaziy Osiyoga safarini bekor qildi
Kyusyu oroli hududida 7,2 magnitudali zilzila qayd etildi, sunami xavfi ham eʼlon qilingan.

Yaponiya bosh vaziri Fimio Kisida Markaziy Osiyo davlatlariga rejalashtirilgan tashrifini bekor qildi. Bung Kyusyu oroli hududidagi 7,2 magnitudali kuchli zilzila sabab boʻlgan, deya yozadi The Japan Times.
Gazetaning yozishicha, Kisida oʻz qarorini 9 avgust kuni maʼlum qilgan. Yaponiya bosh vaziri Qozogʻistonga, soʻngra Oʻzbekiston va Moʻgʻulistonga tashrif buyurishi rejalashtirilgan edi.
8 avgust kuni Yaponiyaning janubi-gʻarbiy qismida Kyusyu orolida 7,2 magnitudali zilzila qayd etildi. Shundan soʻng darhol sunami xavfi eʼlon qilindi. Bu haqda Milliy meteorologiya boshqarmasi xabar berdi. Keyinchalik jiddiy zarar belgilari yoʻqligi qoʻshimcha qilingan.
Yapon rasmiylari zilziladan keyin atom elektr stansiyalarida jiddiy holat kuzatilmaganini maʼlum qilgan.
Zilzila epitsentri Miyazaki prefekturasi yaqinida, okean tubidagi 30 km chuqurlikda joylashgan.