Xarris-Tramp qarama-qarshiligi: kimda imkoniyat koʻproq?
Ushbu saylov kampaniyasini AQSh zamonaviy tarixidagi eng keskin va qutblangan poygalardan biri deya ifodalash mumkin.

AQSh tarixidagi birinchi ayol va afro-amerikalik vitse-prezident Kamala Xarris va mamlakatning 45-prezidenti Donald Tramp oʻrtasidagi 2024 yilgi prezident kampaniyasi Amerika jamiyatidagi chuqur boʻlinishlarni aks ettiruvchi siyosiy kurash hisoblanadi. Ikkala nomzodning ham oʻziga xos tarixi, siyosiy tajribasi va Oq uyga daʼvogarlik qilishda foydalanadigan strategiyalari bor.
Ushbu saylov kampaniyasini AQSh zamonaviy tarixidagi eng keskin va qutblangan poygalardan biri deya ifodalash mumkin. Har ikki nomzod siyosiy keskinlik kuchayayotgan va saylovchilarning xohish-istaklari oʻzgarib borayotgan bir sharoitda ularning qoʻllab-quvvatlashidan umid qilmoqda.
Kamala Xarris: huquqshunos va siyosatchi
Kamala Xarris oʻz faoliyatini prokuror sifatida boshlaganidan soʻng siyosiy pillapoyalardan tez koʻtarildi. U avval Kaliforniya bosh prokurori, keyin esa AQSh senatori etib saylandi va 2020 yilda vitse-prezident lavozimini egallagan birinchi ayol va birinchi afroamerikalik boʻldi. Harris oʻz kampaniyasini ijtimoiy adolat, iqlim oʻzgarishi va iqtisodiy tenglik masalalariga qaratgan.
Xarris kampaniyaning strategiyasi va asosiy yoʻnalishlari
Xarris saylov kampaniyasida ayollar, etnik ozchiliklar va LGBT hamjamiyatining imkoniyatlarini kengaytirishga asosiy urgʻu berilgan. U sogʻliqni saqlash tizimini aholi uchun qulaylashtirish, politsiya va jinoiy-adliya islohotlari va iqlim oʻzgarishi, yashil energiya va yashil iqtisodiyot tashabbuslarini ilgari suradi. Harris Demokratik partiyani birlashtirish, uning progressiv va markazchi qanotlari oʻrtasidagi kelishmovchiliklarni bartaraf etishga intilmoqda.
Harrisning tashqi siyosat strategiyasi – boshqa davlatlar bilan xalqaro alyanslarni mustahkamlash, AQShning jahon miqyosida yetakchiligini tiklash hamda iqlim oʻzgarishi va pandemiya kabi global muammolarga qarshi kurashishga qaratilgan. Harris, shuningdek, koʻp tomonlama kelishuvlar va ittifoqchilar bilan diplomatik muloqotga qaytish muhimligini taʼkidlaydi.
Donald Tramp: tajriba va salobatga ega nomzod
2016 yilda AQSh hokimiyati tepasiga populistik kayfiyat toʻlqinida kelgan Donald Tramp oʻtmishda unga muvaffaqiyat keltirgan usullardan foydalanib, Oq uyga qaytishga intilmoqda. U oʻzining yorqin chiqishlari va radikal qarashlari bilan OAV va saylovchilar eʼtiborini oʻziga jalb etishda davom etayotgan zamonamizning eng nufuzli va bahsli siyosatchilaridan biri boʻlib qolmoqda.
Trampni yaqindan qulogʻidan yaralashgani ham uning populistik faoliyatini avjiga chiqardi. “Men ozodlik uchun oʻq yegan odamman”, deya tinimsiz takrorlab, qulogʻidagi jarohatiga yopishtirilgan leykoplastirini bamisoli medal kabi faxr bilan, bir necha kun olmasdan, ommaviy tadbirlarda qatnashib yurdi.
Tramp kampaniyasining strategiyasi va asosiy yoʻnalishlari
Tramp saylovoldi kampaniyasining ustuvor yoʻnalishlari sirasiga soliqlarni kamaytirish va tartibga solish yoʻli bilan iqtisodiy taraqqiyotni tiklash, immigratsion nazoratni kuchaytirish va AQSh milliy xavfsizligini mustahkamlash kiradi. Uning "Amerikani yana buyuk qiling" shiori hali ham amerikalik saylovchilarning katta qatlamlari orasida, ayniqsa qishloq va sanoati rivojlangan shtatlarda aks-sado bermoqda.
Xalqaro maydonda Tramp turli alyans va ittifoqlardan koʻra, ikki tomonlama kelishuvlarga, savdo shartnomalarini qayta koʻrib chiqishga va AQShning NATO kabi koʻp tomonlama ittifoqlardagi ishtirokini kamaytirishga eʼtibor qaratib, “Birinchi navbatda Amerika manfaati” gʻoyasini ilgari surishda davom etmoqda. U, shuningdek, Xitoy, Eron va boshqa mamlakatlarga nisbatan qattiq siyosiy ritorikasi bilan tanilgan va ularni AQSh milliy manfaatlariga tahdid deb biladi.
Trampni kim qoʻllab-quvvatlashi mumkin?
2024 yil 6 avgustdagi ijtimoiy soʻrovlarga koʻra, saylov poygasi oʻta keskinligicha qolmoqda. Xarris juda oz farq - 0,5 foiz bilan Trampdan orqada turibdi. (Tramp - 47,4 foiz, Harris 46,9 foiz)
Bunday natija Amerika jamiyatidagi qutblanishning yuqori darajada ekanligidan guvoh beradi. Michigan, Pensilvaniya va Viskonsin kabi muhim shtatlarda ikkala nomzod ham “yelkama-yelka” ketayotgan boʻlib, ayni paytda 5 noyabrga belgilangan saylov natijalarini oldindan taxmin qilish qiyin boʻlmoqda.
Nomzodlarning bayonotlari va ommaga taʼsiri
Ikkala nomzod ham bir-birini faol tanqid qilyapti, oʻz tarafdorlarini safarbar qilish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanyapti.
Harrisning taʼkidlashicha, Trampning prezidentlikka qaytishi demokratik institutlar hamda milliy, diniy, etnik va gender ozchiliklarning huquqlariga putur yetkazadi. Xarris Trampning 2021 yil 6 yanvar “toʻpolon”laridagi rolini va saylov natijalarini bekor qilishga uringanlarini ham uning “yuziga solmoqda”. U, shuningdek, Trampning COVID-19 pandemiyasi va uning iqtisodiy oqibatlarini bartaraf eta olmaganiga saylovchilar eʼtiborini qaratmoqda.
Tramp esa, oʻz navbatida, Harris Amerika iqtisodiyotini haddan tashqari tartibga solish va yuqori soliqlar orqali yoʻq qilmoqchi boʻlgan “radikal soʻl kuchlar vakili” ekaniga eʼtibor qaratyapti. Tramp, shuningdek, Harrisda tajriba yetishmasligi va milliy xavfsizlik masalalarini hal eta olmasligini “bashorat” qilib, Xarris prezident etib saylansa, AQShning xalqaro maydondagi mavqesi zaiflashishini taʼkidlamoqda.
Jamoat arboblari va ekspertlarning fikrlari
Saylovoldi poygasida nufuzli siyosat va jamoat arboblarining fikrlari muhim oʻrin tutadi. Demokratik partiyaning progressiv qanoti yetakchilaridan biri, senator Berni Sanders Xarrisni faol qoʻllab-quvvatlab, uning ijtimoiy adolat masalalari va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashga sodiqligini qayd etdi. Sandersning fikricha, Harris mamlakatni birlashtirishga va demokratik institutlarga ishonchni tiklashga qodir nomzod.
Boshqa tomondan, sobiq davlat kotibi Mayk Pompeo va boshqa yuqori martabali respublikachilar Trampni qattiq qoʻllab-quvvatlab, uni Xitoy va Rossiya tahdidlariga qarshi tura oluvchi yagona nomzod, deb koʻrsatishmoqda. Ular Trampning milliy xavfsizlik masalalari borasida qatʼiyatli ekani va Amerika fuqarolari manfaatlarini himoya qilishga sodiqligini taʼkidlaydi.
Kamala Xarris uchun muvaffaqiyat omillari
Ayollar va etnik ozchiliklarni qoʻllab-quvvatlash
Harris ayollar, afro-amerikaliklar, ispaniyaliklar va osiyolik amerikaliklar orasida koʻproq obroʻga, demakki, muhim ustunlikka ega. Bu esa aholisi orasida mazkur qatlamlarning ulushi yuqori boʻlgan asosiy shtatlarda hal qiluvchi rol oʻynashi mumkin.
Progressiv dastur
Harrisning iqlim oʻzgarishi, politsiya islohoti va sogʻliqni saqlashdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha dasturlari yosh saylovchilar va Demokratik partiyaning progressiv qanotida ijoiby aks-sado bermoqda.
Xalqaro ittifoqchilikni qayta tiklash
Harris AQShning xalqaro siyosatdagi yetakchilik roliga qaytishiga umid qilmoqda. Bu maqsadni Amerikaning koʻplab ittifoqchilari qizgʻin qoʻllab-quvvatlaydi.
Demokratiyaga ishonch
Harris demokratik jarayonlar va institutlarga ishonchni tiklash boʻyicha faol ishlamoqda. Bu, 2020 yilgi saylovlarni buzishga qaratilgan urinishlar fonida ayniqsa katta ahamiyatga ega.
Donald Tramp uchun muvaffaqiyat omillari
Iqtisodiy populizm
Tramp iqtisodiy oʻsish, soliqlarni kamaytirish va tartibga solishni bekor qilish vaʼdalari bilan oʻrta qatlam va qishloq saylovchilarini oʻziga jalb etishning uddasidan chiqmoqda.
Immigratsion siyosat
Trampning immigratsiyaga nisbatan murosasiz pozitsiyasi - milliy xavfsizlik va madaniy oʻziga xoslik masalalaridan xavotirda boʻlgan saylovchilarning “mehri”ga sazovor boʻlyapti.
Kuchli qoʻllab-quvvatlash bazasi
Tramp, ayniqsa oq tanli ishchilar sinfi va diniy konservatorlar orasida sodiq saylovchilariga ega. Bu degani, Tramp asosiy shtatlarda oson gʻalaba qozonishi mumkin, deganidir.
“Birinchi navbatda Amerika manfaati” ritorikasi
Trampning milliy manfaatlarga urgʻu berishi va AQShning xalqaro ittifoqlardagi ishtirokini kamaytirishi “Amerika hukumati ichki masalalarga koʻproq eʼtibor qaratishi kerak”, deb hisoblaydigan saylovchilar tomonidan qatʼiy qoʻllab-quvvatlanishi aniq.
Saylov prognozi va ehtimoliy oqibatlar
Xoʻsh, umuman olganda tarozining qaysi pallasi ogʻir kelmoqda, hozirgi muvozanat 5 noyabrdagi saylovlargacha saqlanib qoladimi? Qaysi nomzod saylansa, AQSh va dunyodagi qanday katta oʻzgarishlarga sabab boʻlishi mumkin?
Qisqasini aytganda, Harris va Tramp siyosiy kurashining hal qiluvchi voqealari bir necha muhim shtatlarda roʻy beradi va saylov natijasi iqtisodiy koʻrsatkichlar, ichki partiyaviy boʻlinishlar hamda saylovchilarning ishtiroki darajasi kabi turli omillarga bogʻliq boʻladi.
2024 yil 8 avgust holatiga koʻra, gʻolibni oldindan aytish qiyin, ammo Harris hozircha biroz ustunlikni saqlab turibdi. Yana bir muhim jihat - Trampga qarshi sud jarayoni tarozining bir pallasini bosib ketadigan tosh rolini oʻynash ehtimoli bor. Ehtimoliy sud jarayonlari Tramp obroʻsiga taʼsir qilishi mumkin.
Xarris gʻolib chiqsa nima boʻladi?
Agar Xarris gʻalaba qozonsa, Bayden maʼmuriyati tomonidan belgilab qoʻyilgan trayektoriyani davom ettiradi. Bunda xalqaro alyanslarni qayta tiklash va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash boʻyicha global tashabbuslarni ilgari surishga urgʻu beriladi. AQSh BMT va JSST kabi xalqaro tashkilotlardagi avvalgi faol roliga qaytishi, shuningdek, uglerod chiqindilarini kamaytirishga qaratilgan yangi koʻp tomonlama shartnomalarni imzolashi mumkin.
Xarris gʻalabasi AQShda sogʻliqni saqlash, ijtimoiy siyosat va jinoiy-adliya tizimida ijobiy islohotlarga olib kelishi mumkin. Lekin bu Amerika jamiyatining yanada qutblanishiga ham sabab boʻladi. Ayniqsa, Harrisning kun tartibini anʼanaviy qadriyatlarga tahdid, deb hisoblaydigan konservativ doiralar Xarrisni “tinch qoʻymasligi aniq”.
Tramp gʻalaba qilsa nima boʻladi?
Mabodo Donald Tramp ikkinchi marta Oval kabinetni qoʻlga kiritsa, AQShning boshqa davlatlardan ihotalanish siyosatining kuchayishiga olib keladi. Shuningdek, Xitoy, Eron va AQSh uchun tahdid deb hisoblangan boshqa davlatlar bilan munosabatlar yomonlashib ketishi mumkin. Bu, shuningdek, turli muhim xalqaro savdo bitimlarini qayta koʻrib chiqilishiga va AQShning baʼzi xalqaro shartnomalardan, masalan, iqlim boʻyicha Parij kelishuvidan chiqib ketishiga sabab boʻlishi mumkin.
Tramp prezident etib saylansa, turli ijtimoiy guruhlar oʻrtasidagi qarama-qarshilikning kuchayishi va uning siyosati tarafdorlari va muxoliflari oʻrtasida yanada boʻlinish yuz berishi ham kutilmoqda. Trampning soliqlarni kamaytirish va tartibga solish borasidagi iqtisodiy islohotlari iqtisodiy oʻsishni kuchaytirishi, biroq tengsizlikning ortishi va ilgʻor odamlarning norozligiga sabab boʻlishi taxmin qilinmoqda.
Umuman olganda, Kamala Xarris va Donald Tramp oʻrtasidagi 2024 yilgi poygaga shunchaki ikki nomzod oʻrtasidagi kurash emas, balki Amerika kelajagi uchun ikki xil qarashlarning toʻqnashuvi, deb qarash toʻgʻri boʻladi.
Ayni damda har ikki nomzodni ham yetarlicha qoʻllab-quvvatlashayotgani inobatga olinsa, saylov natijalarini oldindan aytish qiyin. Biroq, Kamala Xarris ayollar, etnik ozchiliklar va yosh saylovchilar orasida oʻz qoʻllab-quvvatlash bazasini saqlab qolsa va kengaytira olsa, Trampni ortda qoldirish imkoniyatiga ega.
Biroq, yaqinda prezident Jo Bayden, Tramp magʻlub boʻlsa, hokimiyatning tinch yoʻl bilan tranzitiga shubha bilan qarashini taʼkidladi. Bunday holatda Tramp va uning tarafdorlari saylov natijalarini tan olmasligi va turli toʻnashuvlarga sabab boʻlishi mumkinligi gumon qilinmoqda.
Demakki, bizni hali oldinda judayam qiziq siyosiy shou kutyapti. Zero 2024 yilgi AQSh prezident saylovlari nafaqat Amerika kelajagini, balki yaqin yillardagi siyosiy vaziyatni ham belgilab beradigan juda muhim geosiyosiy jarayon hisoblanadi.
Abulfayz Sayidasqarov