Shavkat Mirziyoyevga Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Faxriy nishoni topshirildi
Nishon "mintaqa davlatlari oʻrtasidagi doʻstlik, qoʻshnichilik va oʻzaro anglashuvni rivojlantirishdagi alohida xizmatlar uchun" taqdim etiladi.

Navbatdagi Maslahat uchrashuvi doirasida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga mintaqa davlatlari oʻrtasidagi doʻstlik, qoʻshnichilik va oʻzaro anglashuvni rivojlantirishdagi alohida xizmatlari uchun Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Faxriy nishonini tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Davlat rahbari Markaziy Osiyo yetakchilariga minnatdorlik bildirib, ushbu yuksak mukofot mamlakatlarimizning mintaqaviy hamkorlik va strategik sheriklikni mustahkamlashdagi umumiy yutuqlarining eʼtirofi ekanini taʼkidladi.
- Siyosiy iroda va birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz tufayli bugun Markaziy Osiyo qoʻshnichilik, oʻzaro manfaatli hamkorlik va barqaror taraqqiyot makoniga aylanmoqda, - dedi Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida.
Muvofiqlashtirilgan faoliyat natijasida tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi bir necha barobar koʻpaydi, keng koʻlamli hamkorlik loyihalari amalga oshirilmoqda, chegaraoldi savdo hududlari, qoʻshilgan qiymat zanjirlari, zamonaviy transport va energetika infratuzilmasi barpo etilmoqda.
Birdamlik va mintaqaviy oʻziga xoslik tuygʻusi tobora mustahkamlanib bormoqda. Eng muhimi, ushbu ijobiy oʻzgarishlarni mintaqa mamlakatlari fuqarolari oʻz kundalik hayotida his qilmoqda.
Xalqaro subʼektlikning mustahkamlanishi va mintaqaning yuqori jozibadorligi tufayli Markaziy Osiyo iqtisodiy faollik markaziga, Sharq va Gʻarb, Shimol va Janubni bogʻlovchi transport-kommunikatsiya koʻprigiga aylanayotgani qayd etildi.
Mirziyoyev muhim tashabbus va qarorlarning tizimli ravishda amalga oshirilishi natijasida mintaqa mamlakatlarining yaqinlashuv jarayoni barqaror, izchil va ortga qaytmas tus olganini alohida taʼkidladi.
Yakunda Shavkat Mirziyoyev yetakchilarga yuksak mukofot uchun yana bir bor minnatdorlik bildirib, Markaziy Osiyoni tinch va farovon hududga aylantirish Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor maqsadi boʻlib qolishini taʼkidladi.