Jizzaxdagi shifoxonada tibbiy uskunalar tegishli koʻrikdan oʻtkazilmasdan ishlatilayotgani aniqlandi
Shifoxonaga 468 dona tibbiy uskunalar va oʻlchash vositalaridan foydalanishni taqiqlashga koʻrsatma berilgan.

Jizzaxdagi tibbiyot birlashmasida ayrim uskunalar koʻrikdan oʻtkazilmasdan ishlatilayotgani aniqlandi. Bu haqda Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi xabar berdi.
Inspeksiyaning Jizzax viloyati inspektorlari tomonidan Sharof Rashidov tumanida joylashgan "Sharof Rashidov tumani tibbiyot birlashmasi” da davlat nazorati oʻtkazilgan.
Shifoxonada tibbiyot uchun moʻljallangan oʻlchash vositalari va sinash uskunalari davlat metrologik qiyoslov koʻrigidan oʻtkazilmasdan foydalanilayotganligi aniqlandi.
Bu bilan, Oʻzbekiston Respublikasining "Metrologiya toʻgʻrisida"gi, Qonunining 16, 20-moddalari talablariga amal qilinmagan.
Tekshiruv natijasida shifoxona masʼuliga maʼmuriy chora koʻrildi.
Shifoxonaga 468 dona tibbiy uskunalardan va oʻlchash vositalaridan foydalanishni taqiqlash boʻyicha koʻrsatma chiqarildi.