Yangiariq tumaniga hokim tayinlandi
Zafarbek Matnazarov bungacha Qoʻshkoʻpir tumani hokimining birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlagan.

Matnazarov Zafarbek Bahadirovich - xalq deputatlari Yangiariq tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Yangiariq tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi. Bu haqda Xorazm viloyati hokimligi xabar berdi.
Zafarbek Matnazarov 1986 yilda tugʻilgan, maʼlumoti oliy, Toshkent moliya institutini tamomlagan.
U Tayinlovga qadar Qoʻshkoʻpir tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari - tuman iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlagan.
Nomzod Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Milliy kadrlar zahirasidan tavsiya etilgan.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Gʻozgʻon, Furqat, Mingbuloq, Taxiatosh, Toshkent va Qoraoʻzak tumanlarida hokimlar almashgandi.
