Toshkentda sobiq soliq mansabdorlari aholi pullarini talon-toroj qilgani aniqlandi
Ular toʻlov kvitansiyalarini soxtalashtirib, jami 103 mln soʻmdan oshiq mablagʻni qoʻlga kiritishgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Uchtepa tuman sudida aholi toʻlagan soliq mablagʻlarini oʻz ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan mutasaddilarga jazo tayinlandi. Sud hujjati Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Birinchi ayblanuvchi Toshkent shahar Uchtepa tuman soliq inspeksiyasi Jismoniy shaxslarga xizmat koʻrsatish boʻlimi davlat soliq katta inspektori lavozimida ishlagan. U vakolatidan foydalanib, Uchtepadagi aholidan 33 ta holatda mol-mulk va yer soligʻi uchun fuqarolar tomonidan toʻlangan jami 20.960.799 soʻmni toʻlov kvitansiyalariga takroran soxta maʼlumotlar va yozuvlar kiritib, soxta toʻlov kvitansiyalarini fuqarolarga taqdim etib, talon-toroj etgan.
Ikkinchi ayblanuvchi esa 2018-2022 yillarda Uchtepa tuman soliq inspeksiyasining Jismoniy shaxslarga xizmat koʻrsatish boʻlimi davlat soliq katta inspektori boʻlib ishlagan. U 31 ta holatda mol-mulk va yer soligʻi uchun fuqarolar tomonidan toʻlangan jami 82.494.000 soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari evaziga toʻlov kvitansiyalariga takroran soxta maʼlumotlar va yozuvlar kiritib, soxta toʻlov kvitansiyalarini fuqarolarga taqdim etib, mansab mavqeini suiisteʼmol qilish yoʻli oʻz shaxsiy manfaatlari uchun ishlatib yuborgan.
Har ikkala sudlanuvchi oʻz aybiga toʻliq iqror boʻldi. Yetkazilgan zararlar tergov davridayoq toʻliq qoplangan.
Yakuniy sud hukmiga koʻra, birinchi sudlanuvchi 2 (ikki) yil muayyan huquqdan, yaʼni davlat organlari va davlat ulushi boʻlgan korxona, muassasa, tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilib, ish haqining 20 (yigirma) foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 (ikki) yil 11 (oʻn bir) oy 27 (yigirma yetti) kun axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Ikkinchi sudlanuvchiga esa tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, ish haqining 20 (yigirma) foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 (uch) yil axloq tuzatish ishlari jazosi berildi.




