Shavkat Mirziyoyev Qozogʻistonning "Oltin Qiron" ordeni bilan mukofotlandi
Mukofotni prezident Qosim-Joʻmart Toʻqayev topshirgan. Orden Qozogʻiston bilan doʻstona munosabatlarni mustahkamlashga hissa qoʻshgan arboblarga beriladi.

Ostona shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Respublikasining "Oltin Qiron" (“Oltin burgut”) ordeni bilan taqdirlandi.
Qardosh mamlakatning oliy davlat mukofotini Oʻzbekiston yetakchisiga Prezident Qosim-Joʻmart Toʻqayev tantanali ravishda topshirdi.
Davlatimiz rahbari koʻp millatli Oʻzbekiston xalqi nomidan samimiy minnatdorlik bildirib, bunday yuksak mukofot ikki xalqning koʻp asrlik chinakam doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalarini mustahkamlash boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarga berilgan baho, shuningdek, Oʻzbekiston va Qozogʻiston munosabatlarini yangi tarixiy bosqich - strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga olib chiqish sari mushtarak intilishlarning eʼtirofi ekanini taʼkidladi.
"Oltin Qiron" oliy ordeni bilan davlat arboblari Qozogʻiston bilan doʻstona munosabatlarni mustahkamlashga qoʻshgan ulkan hissasi uchun taqdirlanadi.