Oʻzbekiston va Qozogʻiston Oliy davlatlararo kengash qarorlarini imzoladilar
Ular orasida davlat chegarasi, madaniy hamkorlik, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash va boshqa sohalar boʻyicha bitimlar mavjud.

Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisi yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.
Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Joʻmart Toʻqayev Qoʻshma bayonot hamda Oliy davlatlararo kengashning 2024-2034 yillarda strategik sheriklik va ittifoqchilik dasturini tasdiqlash va Tashqi ishlar vazirlari kengashini tuzish toʻgʻrisidagi qarorlarini imzoladilar.
Tashrif doirasida ikki tomonlama hamkorlikning keng koʻlamli masalalarini qamrab olgan hujjatlar toʻplami qabul qilindi. Bular, jumladan:
- Davlat chegarasi rejimi toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitim;
- Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlari va xalqaro avtomobil qatnovi toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitimlarga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi bayonnomalar;
- 2024-2025 yillarda madaniy-gumanitar hamkorlik boʻyicha hukumatlararo tadbirlar rejasi;
- Qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim;
- Sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim;
- Iqtisodiyot vazirliklari oʻrtasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bayonnoma;
- Tabiiy monopoliyalarni tartibga solish va raqobat siyosati sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisidagi bayonnomalar;
- Oʻzbekiston-Qozogʻiston Ekspertlar kengashini taʼsis etish toʻgʻrisida memorandum;
- Oʻzbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va doʻstlik aloqalari qoʻmitasi va Qozogʻiston Respublikasi Otandastar jamgʻarmasi oʻrtasida oʻzaro anglashuv toʻgʻrisida bitim;
- 2024-2026 yillarda Toshkent shahar hokimligi va Ostona shahar hokimligi oʻrtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish boʻyicha amaliy harakatlar rejasi.




