platina.uz
Madaniyat

Ostonada Alisher Navoiy haykali ochildi

Shavkat Mirziyoyev Qosim-Joʻmart Toʻqayevga Alisher Navoiyga haykal oʻrnatish tashabbusi uchun minnatdorlik bildirdi.

Ostonada Alisher Navoiy haykali ochildi

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Joʻmart Toʻqayev Ostona shahrida oʻzbek xalqining buyuk farzandi, shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalini tantanali ravishda ochdilar.

Shavkat Mirziyoyev Qasim-Jomart Toqayevning Alisher Navoiyga haykal oʻrnatish tashabbusi uchun samimiy minnatdorlik bildirib, Qozogʻiston poytaxti markazida muhtasham yodgorlik bunyod etilgani qozoq xalqining qardosh Oʻzbekistonga boʻlgan chuqur hurmatining yorqin ifodasi ekanini taʼkidladi.

- Buyuk faylasuf va insoparvar shoir Alisher Navoiyning ijodiy merosi nafaqat oʻzbek xalqiga, balki butun dunyoga tegishli noyob boylikdir. Navoiy asarlari XVI asrdayoq italyan va nemis tillariga tarjima qilingan boʻlsa, bugungi kunda dunyoning deyarli barcha tillarida yangramoqda. Asrlar davomida hayotning oʻziga xos ensiklopediyasi boʻlgan uning ijodi millionlab insonlarni hayratga solib, ruhlantirib kelmoqda, - dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Haykali Toshkentning markaziy maydonlaridan birini bezab turgan qozoq xalqining buyuk farzandi, qozoq adabiyotining mumtoz namoyandasi Abay Qoʻnonboyev Sharqning boshqa buyuk shoirlari qatori Alisher Navoiyni ham oʻzining ustozi deb bilgan.

Navoiy va Abay ijodi abadiyat, doʻstlik, muhabbat va sadoqat sheʼriyatidir. Ularning falsafiy qarashlari millatning maʼnaviy yuksalishida bebaho manba hisoblanadi.

2020 yilda marhum qozoq shoiri Nesipbek Aytuli Alisher Navoiyning eng muhim asari - "Xamsa"ni qozoq tiliga tarjima qilib, nashr etdi va ushbu kitobga soʻzboshi shaxsan Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev tomonidan yozildi.

- Ishonchim komilki, Alisher Navoiy haykali ikki xalq oʻrtasidagi doʻstlik va qardoshlik rishtalarining yana bir yorqin ramziga aylanadi, uning merosi esa yana koʻplab avlodlarni buyuk yutuqlarga ilhomlantiradi, - dedi soʻzining yakunida Oʻzbekiston Prezidenti.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid