Elektromobillar “eyforiya”si yoʻqolmoqda

Oʻzbekistonda tobora ommalashib, monopollashib borayotgan bu turdagi mashinalardan dunyo davlatlari sekin-asta voz kechmoqda.

Tahlil
8-avgust, 20:11
Elektromobillar “eyforiya”si yoʻqolmoqda
Fotokollaj: Platina.uz

2000-yillarda boshlangan elektromobil “vasvasasi”, aniqroq aytganda, “eyforiyasi” oʻz choʻqqisiga chiqib, endi pasaya boshlagan koʻrinadi. Buning sabablari koʻp va bu faqat elektromobillarning noqulayligi bilan bogʻliq emas. Hatto yirik avtomobil ishlab chiqarish kompaniyalari ham avval elektromobillar asri boshlanishini bashorat qilib, yaqin 5-10 yil davomida ichki yonuv dvigatelli (IYoD) transport vositalarini ishlab chiqarishni toʻxtatib, faqat elektr transport vositalarini (ETV) ishlab chiqarishini eʼlon qilgan boʻlsa-da, soʻnggi paytlarda bu rejalariga tuzatish kiritmoqda. 

Masalan, Ford kompaniyasining ekologiya uchun zararsiz va elektromobil ishlab chiqarishga masʼul Model E – “yashil” boʻlinmasi ijrochi direktori Marin Gjajaning aytishicha, Yevropa avtomobil modellari qatori uchun elektrlashtirish strategiyasini qayta koʻrib chiqishga qaror qilingan. Maʼlumki, 2021 yilda Ford’ning Yevropa boʻlinmasi rahbariyati yangi ishlab chiqarish dasturini eʼlon qildi. Dasturga koʻra, kompaniya 2030 yilgacha elektromobillar ishlab chiqarishga toʻliq oʻtishi kerak edi. Biroq, vaqt koʻrsatganidek, oʻn yillik oxirigacha IYoD avtomobillardan butunlay voz kechish rejasi balandparvoz boʻlgani tan olindi. “Sanoatdagi barcha ishtirokchilar buni oʻz achchiq tajribalari orqali anglab yetdi”, degan Marin Gjaja.

Xususan, Ford rahbariyati Okvillda (Ontario, Kanada) joylashgan va 3 mlrd dollar sarmoya yotqizilgan zavodda SUV – toʻliq elektr yoʻltanlamas avtomobillarini ishlab chiqarish rejalarini kechiktirishga qaror qildi. Zavod Ford Explorer va Lincoln Aviator elektromobillari oʻrniga benzin va dizel dvigatelli yirik Super Duty pikaplarini ishlab chiqaradi. 

General Motors (GM) konserni rahbariyati ham shunday qaror qabul qildi. 2022 yil boshida debyut qilgan Chevrolet Silverado EV elektromobilini ishlab chiqarishni yana (ikkinchi marta!) keyinga qoldirdi. Ammo bu safar reja nomaʼlum muddatga ortga surilgan. 

Chevrolet Silverado EV Detroytdagi Orion zavodida yigʻilishi kerak edi, ammo endi bu zavod faqat IYoD modellarni ishlab chiqaradigan boʻldi. 

Jahon miqyosida oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, Shimoliy Amerika avtomobil bozori xaridorlari na Amerikadan, na Xitoydan keladigan elektromobillarni hatto juda arzon narxda ham sotib olishni xohlamayapti. Hatto Xitoyning demping oʻyinlari ham foyda bermayapti.

(Aytishlaricha, Xitoy oʻz ETVning narxini hatto tannarxidan ham past narxda dunyoga sotib, boshqa mamlakatlarning ETV kompaniyalarini sindirib oʻyindan chiqargach, yakka monopoliyaga aylanib, oʻzi istagancha narxda sotmoqchi edi. Bunda Xitoy avtozavodlariga kompensatsiya va subsidiya berish ham koʻzda tutilgan. Biroq boshqa davlatlar bu “tuzoq”ni payqab qolishdi shekilli, ayrim davlatlar “mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoyalash” bahonasida Xitoy avtomobillari uchun cheklovlar kiritib, boj toʻlovlarini oshirdi. – mual.)

Boshqa avtomobil kompaniyalari ortidan, Audi ham ishlab chiqarish dasturini qayta koʻrib chiqishni eʼlon qildi. Agar avvalroq Audi matbuot xizmati nemis brendi tomonidan ishlab chiqilgan oxirgi IYoD avtomobil 2026 yilda taqdim etilishini, 2033 yilda IYoD avtomobillarini ishlab chiqarishni butunlay toʻxtatishini rejalashtirayotganini bildirgan boʻlsa-da, endi rejalar oʻzgargan. Audi kelgusi yillarda dastlabki rejadan koʻra koʻproq IYoD modellarni modernizatsiya qiladi va ishlab chiqmoqchi. Bundan tashqari, gibrid modellarni ishlab chiqarishga alohida eʼtibor qaratiladi. 

Xitoyning Geely xoldingi tomonidan sotib olingan Shvetsiyaning Volvo Cars kompaniyasi ham boshqa Gʻarb avtomobil ishlab chiqaruvchilari ortidan oʻzining "elektr avtomobil" rejalarini qayta koʻrib chiqishga majbur boʻlmoqda. "Biz faqat ETV bilan jon saqlab qololmaymiz” deya bayonot berishgan Volvo’ning bir qator dilerlari. 

Audi, Mercedes-Benz, GM, Ford va boshqa bir qator Gʻarb avtomobil kompaniyalaridan keyin Porsche ham ETV borasida avvalgi umidlari haddan ziyod yuqori boʻlganini tan oldi va endi IYoD modellarning ishlash muddatini uzaytirish va modernizatsiyalash ustida ishlashini maʼlum qildi. 

Biroq esga olish kerakki, ETV davri eyforiyasi global avtomobil sanoatining IYoD transport vositalaridan ETVga bosqichma-bosqich, ammo qatʼiy oʻtishi bilan boshlangan edi. Ushbu oʻtish texnologik yutuqlar, atrof-muhit muammolari, siyosat tashabbuslari va isteʼmolchilarning xohish-istaklarining oʻzgarishi oqibatida shakllangan. Qolaversa, yana bir qator omillar elektromobillarga umidning kuchayishiga olib keldi. 

Texnologik yutuqlar

Avvalo, shuni aytish kerakki, dunyodagi birinchi ETV benzinda ishlaydigan avtomobillardan ancha oldin paydo boʻlgan. Ilk eksperimental prototiplar Vengriya, Niderlandiya va Britaniyada 1830-yillardayoq yasalgan edi. 1890-yillarda amerikalik ixtirochi Uilyam Morrison yaratgan avtomobil amalda foydalanish mumkin boʻlgan ilk ETV hisoblanadi.

Deyarli 300 yillik tarixga ega bu gʻoya IYoD kabi tez rivojlanmasa-da, muntazam va izchil taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtdi. ETVning rivojlanishiga turtki boʻlgan asosiy omillardan biri – akkumulyator texnologiyasini takomillashtirish boʻldi. Dastlab mobil qurilmalarda qoʻllanilgan litiy-ion batareyalar avtomobillarda foydalanish uchun moslashtirildi va sezilarli darajada yaxshilandi. Ushbu akkumulyatorlar yanada sigʻimli, ixcham va bardoshli boʻlib, ETVni omma uchun amaliy va arzonroq qilish imkonini berdi. Quvvatlash stansiyalari infratuzilmasini rivojlantirish muhim jihat boʻldi. Bu ETV egalariga oʻz avtomobillarini nafaqat uyda, balki yoʻlda ham quvvatlantirish kabi qulaylikni taqdim etdi. 

Ekologik ehtiyoj

Energiya inqirozi, neft narxining oshishi va IYoDdan CO2 va boshqa zararli moddalarning havoga va tuproqqa chiqarilishi natijasida yuzaga keladigan ekologik muammolardan xabardorlik muqobil energiya manbalariga qiziqishni oshirdi. Ekologik harakatlar va olimlar anʼanaviy avtomobillarning atrof-muhitga salbiy taʼsirini tobora koʻproq taʼkidlab, bajarish ogʻir emissiya qoidalari va standartlari paydo boʻlishiga turtki boʻlmoqda. Siyosatchilar va hukumatlar, ayniqsa, Yevropa va Xitoyda yashil energiya gʻoyalarini faol ravishda ilgari surish va subsidiyalar, soliq imtiyozlari va IYoDlariga cheklovlar orqali ETVga oʻtishni ragʻbatlantirishga kirishdilar.

Avtomobil ishlab chiqaruvchilarning roli

Yetakchi avtomobil ishlab chiqaruvchilar va startaplar keyingi eyforiyada muhim rol oʻynadi. Tesla ETVlarni ommaviy ishlab chiqarish va ommalashtirishda peshqadam boʻldi. Kompaniya ETVlar nafaqat ekologik toza, balki zamonaviy, yuqori unumdorlikka ega va innovatsion boʻlishi mumkinligini koʻrsatdi. Tesla’dan keyin Nissan, General Motors, Volkswagen kabi gigantlar ham oʻz elektromobillarini loyihalashtirish va ishlab chiqarishga sarmoya kirita boshladi. Buni nafaqat strategik zarurat, balki oʻz imijini yaxshilash va yangi mijozlarni qozonish imkoniyati sifatida ham koʻrdi.

Isteʼmolchilarning taʼblari oʻzgarishi

Har yili tobora koʻproq isteʼmolchilar oʻz avtomobillarini IYoDdan elektr dvigateliga oʻzgartirish haqida oʻylay boshladilar. Bu nafaqat ekologik, balki iqtisodiy masalalarga ham bogʻliq edi. Batareya narxining pastligi, uzoqroq masofalarga safar qilish imkoniyati va koʻproq quvvatlash stansiyalari ETVni yanada arzonroq qildi. Bundan tashqari, ularning operatsion xarajatlari (texnik xizmat koʻrsatish, quvvatlash) anʼanaviy avtomobillarga nisbatan sezilarli darajada past edi.

Siyosat va iqtisod

Bir qator mamlakatlarning hukumatlari kelajakda IYoD transport vositalarini ishlab chiqarish va sotishga taqiq va cheklovlar joriy qila boshladi, bu esa elektromobillar bozorining rivojlanishi uchun qoʻshimcha ragʻbat yaratdi. Masalan, Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilari uchun ETV ishlab chiqarish kvotalarini belgilab, ichki bozorni ragʻbatlantirdi va neftga qaramlikni kamaytirdi. Yevropa davlatlari qatʼiy emissiya standartlarini joriy etdi va IYoD boʻlgan avtomobillarni bosqichma-bosqich bekor qilish rejalarini ishlab chiqishni boshladi.

Ommaviy eyforiya

Bu omillarning barchasi birgalikda 2020-yillarning boshlarida dunyo "ETV davri" deb ataladigan davrga qadam bosishiga olib keldi. Elektr avtomobillari endi ekzotik yoki oʻziga xos mahsulot emas – ular ommaviy hodisaga aylandi. ETVlar barqarorlik, innovatsiyalar va iqtisodiy manfaatlar markaziy rol oʻynaydigan yangi davrning ramzi boʻldi. ETVlar atrofidagi eyforiya global ifloslanish va iqlim oʻzgarishi muammolarini hal qilishga yordam beradigan toza va barqaror kelajakka umid qilishdan kelib chiqdi. 

“Olimp” choʻqqisidan qulashning boshlanishi

Biroq oxirgi paytlarda ETV mashhurlik va jozibadorligini yoʻqotmoqda. Oʻtgan yigirma yil ichida ular uglerod chiqindilari va qazib olinadigan yoqilgʻiga qaramlik kabi muammolarga yechim taklif qilishdi. Biroq, dastlabki shov-shuvga qaramay, biroz oʻtib, koʻplab mutaxassislar elektromobillar davri tugashi haqida gapira boshladilar. Ular ETVlarning IYoD avtombillaridan afzal emasligini taʼkidlab, ularning ayrim kamchiliklariga urgʻu berishmoqda.

Iqtisodiy samarasizlik

ETVlardan umidsizlikka tushishning asosiy sabablaridan biri – ularning yuqori narxidir. Tadqiqotlarga koʻra, elektr avtomobil ishlab chiqarish IYoDga ega, shunga oʻxshash avtomobilga qaraganda 45 foiz qimmatga tushadi. Bu farqning katta qismi batareya ishlab chiqarish ulushiga toʻgʻri keladi. Misol uchun, Tesla’ning S modeli uchun akkumulyator taxminan 15-20 ming dollar turadi, bu butun avtomobil narxining yarmidan koʻpini tashkil etadi. Texnologiyadagi yutuqlar va ishlab chiqarishning koʻpayishiga qaramay, batareyalar narxi ETVning narxini IYoD avtomobillari bilan raqobatbardosh qilish uchun yetarlicha tez pasaymayapti.

Bundan tashqari, ETVning operatsion xarajatlari ham kutilganidan yuqori. Elektr energiyasi benzinga qaraganda arzonroq boʻlsa-da, qimmat batareyalarni almashtirish va murakkab boshqaruv tizimlari tufayli ETVga texnik xizmat koʻrsatish xarajatlari yuqori boʻlishi mumkin. Batareyaning oʻrtacha ishlash muddati, uni almashtirish kerak boʻlgunga qadar taxminan 8-10 yilga teng. Yangi akkumulyatorning narxi avtomobil narxining 50% gacha boʻlishi mumkin, bu esa uzoq muddatli istiqbolda elektromobillarni kamroq jozibador qiladi.

Cheklangan masofa va infratuzilma

ETV sohiblari duch keladigan ikkinchi jiddiy muammo – bu bir zaryadda cheklangan diapazon va quvvatlash stansiyalarining yetarli darajada rivojlanmagan infratuzilmasi hisoblanadi. Elektromobillar bir marta quvvatlanganda taxminan 300-400 kilometr masofani bosib oʻta oladi. Lekin bu muntazam va uzoq quvvatlash uchun toʻxtashlarsiz uzoq safar qilishga yetarli emas. 

IYoDga ega avtomobillar esa benzin toʻlatilgan bak bilan 600 kilometrdan ortiq masofani bemalol bosib oʻta oladi, yonilgʻi quyish jarayoni uchun esa bir necha daqiqa kifoya boʻladi.

Quvvatlash infratuzilmasi ham asosiy muammo boʻlib qolmoqda. Dunyoning aksariyat mamlakatlarida quvvatlash stansiyalarining soni anʼanaviy yoqilgʻi quyish shoxobchalari miqdoridan ancha kam. Misol uchun, AQShda har bir quvvatlash stansiyasiga 25 ga yaqin yoqilgʻi quyish shoxobchalari toʻgʻri keladi, bu esa ETV egalari uchun ancha noqulaylik tugʻdiradi. Baʼzi hududlarda quvvatlash stansiyalariga kirish cheklangan boʻlishi ham mumkin.

Ekologik notoʻgʻri tushunchalar

Bir vaqtlar ETVlarga IYoD oʻrniga ekologik toza muqobil variant sifatida qaralgan. Biroq ETVni ishlab chiqarish va ulardan foydalanishning oʻsishi bilan birga ular qanchalik ekologik toza ekanligi haqida savollar paydo boʻldi. ETV uchun akkumulyatorlarni ishlab chiqarish katta resurslarni, jumladan, litiy, kobalt va nikel kabi noyob qazilma metallarini talab qiladi. Ushbu metallarni qazib olish jiddiy ekologik va ijtimoiy oqibatlarga olib keladi. Ekotizimlar va mahalliy jamoalar huquqlarining buzilishi shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, ETVni ishlab chiqarish yuqori CO– karbonat angidrid chiqindilari bilan bogʻliq. Tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, elektr avtomobil ishlab chiqarish jarayoni IYoD avtomobil ishlab chiqarishga qaraganda 50% koʻproq CO2 chiqarishi mumkin. Bu batareyalar va boshqa elektr avtomobil komponentlarini ishlab chiqarish uchun yuqori energiya xarajatlari bilan bogʻliq. Natijada, ETVning ekologiyaga umumiy taʼsiri avvallari oʻylashganidek unchalik past emas.

ETVning ishlash ekologiyasi ularni quvvatlash uchun ishlatiladigan elektr energiyasi manbasiga bogʻliqligini ham hisobga olish kerak. Elektr energiyasining katta qismi koʻmir yoki gaz elektr stansiyalaridan ishlab chiqariladigan mamlakatlarda ETVdan foydalanish nafaqat COchiqindilarini kamaytirmaydi, balki oshiradi ham. Bunday sharoitda IYoD avtomobillar, ayniqsa, zamonaviy chiqindi gazlarni tozalash tizimlari bilan jihozlangan boʻlsa, ETVlardan tozaroq boʻlishi mumkin.

Texnologik cheklovlar

ETV ham bir qator texnologik cheklovlarga ega. Ulardan biri - quvvatlash vaqtidir. Hatto eng zamonaviy, tez quvvatlash stansiyalarida ham ETVni toʻliq quvvatlash 30 daqiqadan bir necha soatgacha davom etadi. Bu bir necha daqiqada yonilgʻi quyish mumkin boʻlgan IYoD avtomobil bilan solishtirganda ETVdan foydalanish imkoniyatini sezilarli darajada cheklaydi.

Bundan tashqari, ETV past haroratli muhitda sezilarli samaradorligini yoʻqotadi. Sovuq havoda batareya quvvati 20-30% ga kamayishi mumkin, bu esa har bir zaryad oraligʻini kamaytiradi va tez-tez quvvatlashni talab qiladi. Bu ETVning qishi qattiq boʻlgan hududlar uchun jozibadorligini pasaytiradi. 

Ishlatilgan batareyalarni utilizatsiya – yoʻq qilish bilan bogʻliq muammolar ham juda ogʻriqli. Hozirgi vaqtda akkumulyatorlarni qayta ishlash tizimlari yetarli darajada ishlab chiqilmagan, bu esa jiddiy ekologik tahdidlarni keltirib chiqaradi. Natijada, koʻp miqdorda ishlatilgan batareyalar chiqindixonalarga tushib, zaharli moddalari bilan atrof-muhitni ifloslantiradi. Batareya uchun zarur nodir metal va moddalarni qazib olish tabiatga qanchalik zarar yetkazayotgani esa alohida mavzu.

Ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlar

Avtomobil sanoati koʻplab mamlakatlar iqtisodiyotida asosiy rol oʻynaydi va ETVga oʻtish jiddiy ijtimoiy buzilishlarga olib kelishi mumkin. ETVni ishlab chiqarish IYoD avtomobillarini ishlab chiqarishdan koʻra kamroq ish oʻrinlarini talab qiladi, bu esa avtomobil va tegishli sohalarda ishdan boʻshatish holatlarining koʻpayishiga olib kelishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, ETV ishchilardan yangi koʻnikma va malakalarni talab qiladi, bu esa qayta tayyorlash bilan bogʻliq muammolarni keltirib chiqarish ehtimolini oshiradi. Germaniya, Yaponiya va AQSh kabi avtomobilsozlik sanoati rivojlangan mamlakatlarda yoppasiga ETVga oʻtish iqtisodiy yoʻqotishlarga va ijtimoiy keskinlikning kuchayishiga olib kelishi mumkin.

Shuni ham taʼkidlash joizki, ETV hali ham aholining katta qismi uchun qoʻl yetmas orzu boʻlib qolmoqda. ETVning qimmatligi ularni boylar qatlami uchun xos qiladi. IYoD avtomobillari esa oʻrta sinf va kam daromadli odamlar uchun qulay variant boʻlib qolmoqda. Bunday vaziyat ijtimoiy tengsizlikni kuchaytirishi va jamiyatning yanada tabaqalanishiga olib kelishi mumkin.

IYoD avtomobillarining afzalliklari

IYoD avtomobillar, ularning kamchiliklariga qaramay, ETVga nisbatan bir qator afzalliklarini saqlab qolmoqda. 

Avvalo, ular katta avtonomiyaga va foydalanish qulayligiga ega. IYoD transport vositasini yonilgʻi bilan toʻldirish bir necha daqiqa vaqtni oladi va deyarli hamma joyda amalga oshirilishi mumkin. ETVni quvvatlash esa ancha vaqtni va quvvatlash stansiyasini talab qiladi.

Bundan tashqari, IYoD avtomobillar yanada rivojlangan va qulay infratuzilmaga ega. Yoqilgʻi quyish shoxobchalari deyarli hamma joyda mavjud, bu esa IYoD mashinalardan foydalanishni qulayroq koʻrsatadi. 

Buning ustiga, IYoD avtomobillar uzoqroq xizmat qiladi va arzonroq texnik xizmat koʻrsatishni talab qiladi. Zamonaviy IYoD ancha ishonchli va oʻnlab yillar xizmat qilishi mumkin. ETV esa batareyalarni muntazam ravishda almashtirish va murakkab texnik xizmat koʻrsatishni talab qiladi.

“Yana neft magnatlarini boy qilamizmi?”

Koʻrib turganingizdek, ETVlarning IYoDlarga qarshi navbatdagi “urushi” ham muvaffaqiyatsiz yakunlanishi mumkin. Ayrim konspirologik qarashlarga koʻra, neft qazib olish va qayta ishlash kompaniyalari hech qachon ETVlarga bozorni butkul egallashiga yoʻl qoʻymaydi. Aks holda yoqilgʻi biznesiga putur yetishidan qoʻrqishadi. Shu bois, “ETVlarga oʻtishni tezlashtirish shart, boʻlmasa yana neft magnatlarini boy qilaveramiz” degan shiorlar hamon yangrab turadi. 

Biroq teran tahlillar va mavjud vaziyat ETVlar hali mukammallikdan yiroqligini, IYoDlarni butunlay siqib chiqara olmasligini koʻrsatmoqda. Yuqori ishlab chiqarish va foydalanish xarajatlari, cheklangan diapazon va yomon infratuzilma, atrof-muhit muammolari va texnologik cheklovlar ETVga ishonchni va ularning jozibadorligini pasaytirishi tabiiy. IYoD avtomobillari esa, qator kamchiliklariga qaramay, hamon muhim afzalliklarni saqlab, koʻpchilik isteʼmolchilar uchun jozibaliroq tanlov boʻlib qolyapti.

Abulfayz Sayidasqarov

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+