Tokioda jazirama sabab 120 kishi hayotdan koʻz yumdi
Yaponiya rasmiylari aholidan uyda qolish, yetarlicha suv ichish va konditsionerlardan foydalanishni tavsiya qilmoqda.

Tokioda joriy iyul oyidagi kuchli jazirama sabab 120 kishi halok boʻldi.
Iyul oyi Yaponiyada rekord darajadagi eng issiq boʻldi. Minglab odamlar issiqlik urishi bilan shifoxonalarga yotqizilgan.
Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, iyul oyida Tokioda jazirama oqibatida 120 dan ortiq kishi halok boʻlgan. Ularning aksariyati 60 yoshdan oshganlardir.
Oʻtgan oy mamlakatda 1898 yildan beri olib borilayotgan kuzatuvlar tarixidagi eng issiq oy boʻldi.
Harorat oʻrtacha koʻrsatkichdan 2,16 daraja yuqori edi.
Tokio va Yaponiyaning gʻarbiy qismida issiq ob-havo haqida ogohlantirishlar eʼlon qilindi. Poytaxt markazida havo harorati taxminan +34 darajagacha koʻtarildi.
"Men issiq fasl yil sayin uzayib borayotganini his qilyapman", deb noliydi kiotolik mahalliy aholi vakillaridan biri.
"Menda konditsioner 24/7 ishlaydi, hatto uxlayotganimda ham. Koʻchaga chiqmaslikka harakat qilaman", - deya qoʻshimcha qiladi u.
Mahalliy ob-havo xizmati maʼlumotlariga koʻra, avgust oyida issiqlik pasaymaydi, aksincha, harorat koʻtariladi. Yaqin kunlarda mamlakat poytaxtida +35 va undan yuqori harorat kutilmoqda.
Yaponiya sogʻliqni saqlash idoralari va sinoptiklar aholi va sayyohlarga uyda qolishni, namlikni saqlab qolish uchun yetarli miqdorda suyuqlik ichishni va konditsionerdan foydalanishni tavsiya qilmoqda.