Iroqdagi AQSh harbiy bazasiga raketa hujumi uyushtirildi
Oqibatda bir necha amerikalik harbiylar jarohatlangan. Hujum boʻyicha javobgarlikni hozircha hech kim oʻz zimmasiga olmadi.

Iroqdagi "Al-Asad" harbiy aviabazasiga berilgan zarba natijasida bir necha amerikalik askar tan jarohati oldi, deya xabar bermoqda Reuters amerikalik rasmiylarga asoslanib.
Bazaga ikkita raketa uchirilgan, deydi agentlik xavfsizlik manbalari.
Reuters suhbatdoshlaridan birining xabar berishicha, raketalar aviabaza binosining oʻziga kelib tushgan. Hozirda muassasa xodimlari zararni baholamoqda. Jabrlanganlarning aniq soni va ularning jarohatlari darajasi agentlik materialida aytilmagan.
Accosiated Press va Reuters xabarlariga koʻra, Iroqdagi bazaga hujum Eronda HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniyaning oʻldirilishi, shuningdek, Livandagi "Hizbulloh" guruhining yuqori martabali amaldorlarining oʻlimi fonida sodir boʻlgan.
Ayni paytda Iroqdagi bazaga qilingan hujum uchun javobgarlikni hech kim oʻz zimmasiga olmadi.