Jahondagi epidemiologik vaziyat
Ayni paytda dunyoning turli chekkalarida u yoki bu xavfli kasalliklar bosh koʻtarib qolmoqda. Iqlim oʻzgarishlari, hayot sharoiti va tibbiy xizmat sifatining yomonlashuvi bunga sabab boʻlishi mumkin.

Oʻrta asrlarda tarqalib oʻnlab million aholining umriga zomin boʻlgan vabo va oʻlat epidemiyalari sal unutilganida, 2020 yilda Covid-19 xastaligi pandemiyasi jahon hamjamiyatini larzaga solgan edi. Keyinchalik vaksinalar hamda kollektiv immunitet yordamida SARS-CoV-2 qoʻzgʻatuvchisi sabab boʻlgan bu xastalik jilovlangan esa-da, hamon u bilan ogʻrish va vafot etish holatlari uchrab turibdi. Qolaversa, ayni paytda dunyoning turli chekkalarida u yoki bu xavfli kasalliklar bosh koʻtarib qolayotganiga guvohmiz. Iqlim oʻzgarishlari, hayot sharoiti hamda tibbiy xizmat sifatining yomonlashuvi buning asosiy sababchilari boʻlishi mumkin.
Koronavirus (SARS-CoV-2)
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, koronavirus birinchi bor qayd etilgan 2019 yil 17 noyabrdan boshlab, 2024 yil 23 may holatiga qariyb 776 million kishi bu xastalik bilan ogʻridi va ularning 7 million 47 ming kishidan ziyodi vafot etdi.
Biroq The Economist nashri oʻtkazgan surishtiruv va tahlil natijalariga koʻra, 2024 yil 5 prelgacha dunyo boʻylab koviddan oʻlganlarning miqdori 18,5-35,2 mln atrofida.
Ayni paytga kelib esa jahonda koronavirusning FliRT guruhiga oid shtammlari tarqalmoqda. Ular Yevropaning 14 ta davlati va Isroilda aniqlangan. Bu shtammlar koronavirus bilan nabatdagi xastalik toʻlqinlarini vujudga keltirishi mumkin. Bu xastalikni yuqtirganlar soni ortib bormoqda.
Vabo (Vibriocholerae bakteriyasi)
Lagos shtati hukumati vabo avj olgani gumon qilingan vaziyat natijasida besh kishining 48 soat ichida vafot etganidan soʻng hushyorlik va ehtiyotkorlik choralarini kuchaytirishga chaqirdi. Eti Osa, Lagos oroli, Ikorodu va Kosofe aholi punktlarida yashovchi jamoalarda ogʻir gastroenterit (oshqozon va ingichka ichakning oʻtkir yalligʻlanishi) holatlari qayd etilgan. Kasallikning avj olishi natijasida 60 ga yaqin odam kasalxonaga yotqizilgan. Asosan, kuchli suvsizlangan va kasalxonaga juda kech keltirilgan bemorlar vafot etgan.
Soʻnggi yomgʻirlardan keyin Lagos shtatida qusish va ich ketish alomatlari bilan bogʻliq shikoyatlar koʻpaygan. Vabo yuqishi mumkin boʻlgan vaziyat, ayniqsa, sanitariya sharoitlari yomon shaharlarning odamlar gavjum, qashshoq va xaroba boshpanalar koʻp hududlarida xavfli tus olgan.
Maymunchechak (MPOX)
Janubiy Afrika Respublikasida maymunchechak bilan kasallangan odam vafot etdi. Bu haqda mamlakat sogʻliqni saqlash vaziri Jo Paaxla maʼlum qilgan.
JARda laboratoriya tomonidan tasdiqlangan beshta holat va bitta oʻlim holati haqida xabar berilgan, dedi u. Barcha bemorlar 30-39 yoshdagi erkaklar boʻlgan. Shunisi gʻalatiki, ularning hech biri ayni davrda maymunchechak avj olgan mamlakatlarga tashrif buyurmagan.
Sibir yarasi
Ozarbayjonning Zagatali tumanida 3 kishi “Sibir yarasi” – Bacillus anthracis bakteriyasi qoʻzgʻatadigan xastalik tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.
AQSh ning Texas shtatida esa rancho egasi ushbu xastalikni yuqtirgan. U hovlida oʻlib qolgan buzoqni soʻyib, uni qovurgan va 10 nafar doʻstini mehmon qilgan. Qolganlarga xastalik yuqmagan. Rancho sohibi buzoqni oʻzi soʻyib, nimtalagani bois kasallik yuqtirgan boʻlishi mumkin.
Denge isitmasi
Eronda 93 kishi Denge isitmasi virusini yuqtirgan. Ularning 3 nafari vafot etgan. Xoʻrmoʻzgon, Siiston va Belujiston, Busher, Fors, Gilyan, Mozandaron va Guliston viloyatlarida hamon ushbu xastalikni yuqtirish xavfi mavjud.
Gʻarbiy Nil isitmasi
Isroilda sirli xastalik – gʻarbiy Nil istimasi bilan ogʻriganlar soni 42 kishiga yetdi, ulardan 3 nafari vafot etgan.
Bu isitma hasharotlarning chaqishi orqali yuqadi, lekin xasta inson boshqa odamlarga bu kasallikni yuqtirmaydi. Gʻarbiy Nil isitmasi 20 foiz bemorlarda turli ogʻirlikda isitmalash, charchoq, bosh ogʻrishi kabi belgilar bilan kechadi. Atigi 1 foiz bemorda jiddiy nevrologik asoratlar kuzatilishi mumkin.
Buyrak sindromi mavjud gemorragik isitma (BSGI)
Shvetsiya janubida 2 kishi ushbu kasallikka chalingani xabar qilindi. Ikki bemor ham virusni uyida yuqtirgan. Umuman, Shvetsiyada har yili 100-450 kishida mazkur sindrom qayd etiladi. (Qayd etish joiz, xastaliklar nomidagi “gemorragik” soʻzi qon ketishi bilan birga kuzatiladigan belgilarni anglatadi).
Virus asosan Skandinaviyada, xususan, Finlyandiyada bosh koʻtarib turadi. Shuningdek, baʼzan Shimoliy Yevropa, Polsha va Rossiyada ham uchraydi. BSGIning asosiy belgilari – isitma, umumiy holsizlik, burundan qon ketishi va buyraklarning ishdan chiqishidan iborat. Olimlar bu xastalik tarqalish hududi yil sayin kengayib borayotganidan xavotirga tushmoqda.
Kongo-qrim gemorragik isitmasi (KQGI)
Rossiyada kana chaqishi orqali yuqadigan KQGI sindromiga chalinish holatlari yana koʻpaymoqda. Boisi, harorat selsiy boʻyicha 10 darajadan yuqorilaganda, yaʼni asosan bahor va yoz fasllarida bu kanalar faollashib qoladi. Dam olishga yoki qishloq xoʻjaligi hamda chorvachilik faoliyati bois oʻtloq hamda oʻrmonlarga chiqqan odamlarni kana chaqadi va uning soʻlagidagi infeksiya odam organizmiga oʻtadi. Mavsum boshidan beri Rossiyada 128 kishi shunday shikoyat bilan tez tibbiy yordam boʻlimlariga murojaat qilgan.
Darrov chora koʻrilmasa, KQGI oʻlim bilan yakunlanadi. Yaqinda Dogʻistondagi Qizilyurt markaziy shifoxonasida bir bemor ushbu xastalik oqibatida vafot etdi. Ilk taxminlarga koʻra, u kasallikni kana chaqishi oqibatida yuqtirgan.
Kongo-qrim gemorragik isitmasi – oʻtkir yuqumli kasallik boʻlib, badan haroratining koʻtarilib ketishi, umumiy organizm zaharlanishi, teri va ichki aʼzolarga qon quyilishi bilan kechadi. Bu kasallik oʻz vaqtida davolanmasa, oʻlim bilan yakunlanishi mumkin.
Parranda grippi(A(H5N2)
Oʻtgan oyda Meksikada parranda grippi A(H5N2) bilan kasallinish holatlari qayd etildi. Bir bemor vafot etgan. Bu dunyoda birinchi laboratoriya vositasida tasdiqlangan kasallanish holati hisoblanadi.
Hindistonda esa ikkinchi holat kuzatildi: Gʻarbiy Bengaliyada yashovchi 4 yashar bolada A(H5N2) virusi aniqlangan. Birinchi holat 2019 yilda – Kalkuttadan Avstraliyaga uchib ketayotgan bolada kuzatilgan edi.
Oropush isitmasi (OROV)
Braziliyada ikki nafar qiz Oropush isitmasi virusidan vafot etdi. Bu tarixda Oropushdan oʻlgan ilk qurbonlar hisoblanadi. Ikki qiz ham 30 yoshdan kichik boʻlgan va Baiya shtatida yashagan.
Umuman olganda, 2024 yilda Braziliyaning 20 ta shtatida 7236 kishi mazkur xastalikka chalingan. Biroq kasallikning oʻlim bilan yakunlanishi nafaqat Braziliya, balki dunyo boʻyicha ham birinchi marta roʻy berishi hisoblanadi.
Oropush infeksiyasini asosan oqmas suv havzalari va botqoqliklarga tuxum qoʻyib koʻpayadigan bezgakpashshalar (Culicoides paraensis) tarqatadi. Kasallanish holatlari ham koʻpincha shunday havzalar yaqinida yashovchilarda kuzatiladi.
Nipax virusi (Nipah henipavirus)
Hindistonda Nipah virusidan bir kishi vafot etdi. Mazkur virus bosh miya yalligʻlanishi (ensefalit) va respirator sindromlarga sabab boʻladi.
Ushbu infeksiyani Pteropodidae koʻrshapalaklari tarqatadi. Ular odamni, uy hayvonlari va mevalarni tishlashi oqibatida soʻlak orqali virusni oʻtkazadi. Virus, shuningdek, odamdan odamga ham oʻtishi mumkin. Shu bois bemorlar bilan muloqotda ehtiyot choralari koʻrilishi lozim.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Nipah infeksiyasining oldini olish uchun vaksina va uni davolash uchun dori yoʻqligini taʼkidlagan.
Chandipura virusi (Chandipura vesiculovirus)
Muntazam antisanitariya vaziyati bilan dunyoga tanilgan Hindistonda Chandipura virusidan odamlar oʻlishi koʻpaygan. Mazkur virus chivinlar orqali yuqadi va kasallik asosan 15 yoshgacha boʻlgan bolalarga taʼsir qiladi. Hindistonning Gujarat shtatida Chandipura virusi chaqiradigan oʻtkir ensefalitga chalinish holatlari koʻpaymoqda. Gujarat shtatining Sogʻliqni saqlash departamenti 21 iyul kuni virusning 13 ta yangi taxminiy holati va 5 ta oʻlim haqida xabar berdi. Mazkur sana holatiga Chandipura virusini yuqtirganlar soni 84 kishiga yetgan. Ularning 32 nafari vafot etgan.
Listerioz (Listeria monocytogenes)
AQSh va Kanadada esa xavfli va kam uchraydigan listerioz kasalligidan odamlar oʻlmoqda. Avvalroq, 17 may kuni Moskvada ham bir kishi bu xastalikdan vafot etgani maʼlum qilingan edi. U dengiz mahsulotlaridan zaharlangan.
AQShda 20 iyul holatiga listerioz tarqalishi 12 shtatni qamrab olgan, 2 kishi oʻlgan, 28 kishi shifoxonaga yotqizilgan. Bemorlar infeksiyani oziq-ovqat doʻkonlaridan sotib olingan goʻsht va kolbasa mahsulotlarini isteʼmol qilish orqali yuqtirishgan.
Listerioz – Listeria monocytogenes bakteriyasi tabiatda keng tarqalgan. Ular suv, tuproq, oʻsimlik hamda ayrim hayvonlar axlatida uchraydi va oziq-ovqat mahsulotlariga tushib qolishi mumkin.
Listerioz immun tizimi past, surunkali xastaliklardan azob chekayotgan bemorlar, keksalar va chaqaloqlarda ayniqsa ogʻir kechadi. Bu xastalikni yuqtirganlarning 20-30 foizi vafot etadi. Bemorlar yuqori tana harorati, mialgiya (mushaklarning qaqshab ogʻrishi), septitsemiya (yalligʻlanish va zaharlanish) va meningitdan azob chekishadi.
Immun tizimini mustahkamlang!
Yuqoridagi holatlarga chalinmaslik uchun sanitariya va gigiyena tabalariga rioya etish, bemorlar va kasallik tarqalish ehtimoli yuqori hududlar bilan kontakt qilmaslik, kasallikning ilk belgilari namoyon boʻlgani zahoti shifokorlarga murojaat qilish muhim albatta. Ammo pprofilaktika, xastalikning oldini olish va emlash masalalarini ham nazardan soqit qilmaslik lozim. Zero, kasallik davolangani bilan, u asoratlar qoldirishi, salomatlik bilan bilan bogʻliq boshqa muammolarga ham yoʻl ochib berishi mukin.
Eng muhimi, insonning immun tizimi maromida ishlasa, hech qanday xastalik insonga xavf tugʻdira olmaydi. Sogʻlom va immuniteti yaxshi organizm xastalikni oʻzi yenga oladi. Immunitet kuchli boʻlishi uchun esa sogʻlom hayot tarzi va sogʻlom ovqatlanish, uxlash va mehnat qilish tartibiga rioya etish lozim.