Qoʻqonda aholi murojaatlarining 70 foizdan oshigʻi qisqa muddatda hal etildi
Respublika ishchi guruhi tomonidan yuzdan ziyod mahalliy aholi doimiy ish bilan taʼminlandi, ichki yoʻllar va kommunal xizmatlari holati oʻrganildi.

Prezident topshirigʻiga asosan Respublika ishchi guruhi oʻz faoliyatini Fargʻona viloyatida davom ettirmoqda.
Prezident masalahatchisi oʻrinbosari – Xalq qabulxonasi rahbari Ulugʻbek Muhammadiyev boshchiligidagi guruh Qoʻqon shahrining 21 ta mahallasida aholi muammolari va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni oʻrganish va hal etish, bandlikni taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini tashkil etish yuzasidan ishlar olib bormoqda.
Ishchi guruh oʻrganishlari davomida aholi tomonidan 468 ta masala boʻyicha murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning 72.8 foizi qisqa muddatlarda bartaraf etildi.
Jumladan, murojaatlardan kelib chiqqan holda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 32 ta ijtimoiy soha obʼektlari atroflicha oʻrganildi. Aniqlangan 17 ta muammoli masalalardan 8 tasi tezkorlik bilan bartaraf etildi. Qolganlari boʻyicha taʼmir ishlari boshlab yuborildi.
Bundan tashqari, ichki yoʻllar holatini yaxshilash boʻyicha 5 km masofada shagʻallashtirish ishlari olib borildi. Aholi xonadonlarining elektr taʼminotini yaxshilash uchun 2 ta transformator kapital taʼmirlandi, yangi SIP kabellar tortildi.
Gaz taʼminotini yaxshilash maqsadida 3 ta GRP taʼmirlandi, 2.5 km gaz tarmoqlari yangilandi. Murojaat qilgan ehtiyojmand xonadonlarga qoʻshimcha suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berildi. Ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash uchun esa 2 ta nasos yangilandi.
“Mahalla yettiliklari” bilan hamkorlikda “Sayxunobod tajribasi” asosida 127 ta mikroloyihalar amalga oshirilib, yuzdan ziyod mahalliy aholi doimiy ish bilan taʼminlandi. Bank vakillari ishtirokida “Kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash”, “Oilaviy tadbirkorlik” dasturlari doirasida 2.6 mlrd soʻm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi. Yuz nafar fuqaroga “Biznesga birinchi qadam” dasturi doirasida 1.2 mlrd soʻm miqdorida imtiyozli mikroqarzlar ajratib berildi.
Bundan tashqari, “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda mahallalarning ichki sharoiti va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda 76 nafar fuqaroning bandligi taʼminlandi, 7 nafarining tadbirkorlik faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Oʻrganishlar davomida aniqlangan 103 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga manzilli yordamlar koʻrsatildi. Xususan, 7 nafar ogʻir sharoitda yashayotgan fuqaroning xonadonida taʼmirlash ishlari boshlandi, 16 nafar ogʻir sharoitda yashayotgan fuqarolarga moddiy yordamlar koʻrsatildi, 50 nafariga oziq-ovqat mahsulotlari va 136 nafari bepul dori-darmonlar, nogironlik aravachalari bilan taʼminlandi. 159 nafar fuqaro profilaktik-tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi, 7 nafariga davolanish uchun bepul order berildi.

“Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan 16 nafar xotin-qizlarga jami 10 mln soʻmga yaqin modiy yordam koʻrsatildi.
Shuningdek, Respublika ishchi masʼullari va “mahalla yettiligi” ishtirokida 40 ta ajrim yoqasidagi oilalarni yarashtirish choralari koʻrildi, 35 ta notinch oilalardagi nizolarga barham berildi, 4 nafar fuqaroga tazyiq va zoʻravonlikdan himoya orderi berildi.
Respublika ishchi guruhi faoliyati davom etmoqda.