Markaziy bank 20 ta tijorat bankini ogohlantirdi
Ular isteʼmolchilar bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda amaldagi qonunchilikka rioya qilmagan.
Markaziy bank 20 ta tijorat banki ogohlantirdi. Bu haqda MB matbuot xizmati xabar berdi.
Aytilishicha, ular isteʼmolchilar bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda amaldagi qonunchilikka rioya qilinmaganligi uchun ogohlantirilgan.
Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi joriy yilning iyul oyidagi yigʻilishlarida (8 marta) 59 ta masalani koʻrib chiqqan va ular boʻyicha tegishli qarorlarni qabul qilgan.
Roʻyxatga olish va ruxsat berish yoʻnalishida 51 ta masala, shu jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazish (12 ta), toʻlov tashkilotlarining tashkiliy-huquqiy shakli aksiyadorlik jamiyatiga oʻzgarganligi munosabati bilan toʻlov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyani qayta rasmiylashtirish (12 ta) koʻrilgan.
Bundan tashqari tijorat banklarining chet elda vakolatxona ochishga ruxsatnoma berish (1 ta), mikromoliya tashkilotlarini hisob roʻyxatidan oʻtkazish (1 ta), tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi aʼzolari, shuningdek, muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini koʻrib chiqishga doir (21 ta) masalalar koʻrildi.
Shu bilan birga, toʻlov tizimi operatori (1 ta) hamda toʻlov tashkiloti faoliyatini (3 ta) amalga oshirish uchun berilgan litsenziya chaqirib olindi.
Kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 8 ta masala – Markaziy bankning koʻrsatmalari va prudensial meʼyorlari talablarining bajarilishi, mikromoliya tashkilotida oʻtkazilgan tekshirishlar natijasi ham muhokama qilindi.
Toʻlov tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlarining ustav fondi va tashkiliy-huquqiy shakliga qoʻyilgan talablarga rioya qilmaganligi uchun 13 ta toʻlov tizimlari operatorlari hamda toʻlov tashkilotlariga nisbatan chora va sanksiyalar qoʻllanilishi toʻgʻrisida ogohlantirildi.
Telegramda kuzatib boring!