"Royal" anor sharbati sifat talablariga mos emas deb topildi
Anor sharbati mahsuloti tarkibida
"Azorubin, E 122" moddasi belgilangan meʼyordan ortiq ekanligi aniqlangan.

Afgʻonistonda ishlab chiqarilgan va Oʻzbekiston bozorlarida sotilayotgan "Royal" brendi ostidagi anor sharbati sifat talablariga javob bermasligi aniqlandi.
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan hamda import qilinayotgan mahsulotlar sifati va xavfsizligi oʻrganilgan.
Jumladan, bozorlar va savdo rastalarida sotilayotgan "Royal" savdo belgisi ostidagi anor sharbati mahsuloti texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi meʼyoriy hujjatlar talabiga qay darajada mos kelishi oʻrganildi.
Oʻrganish natijalariga koʻra, "Royal" savdo belgisi ostidagi anor sharbati mahsuloti tamgʻalanishi (markirovka) boʻyicha UzTR.490-022:2017 "Oziq-ovqat mahsulotlarini tamgʻalash yuzasidan uning xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglament"ining 8, 36, 53 va 58-bandlari talablariga nomuvofiqligi aniqlandi.
Akkreditlangan sinov laboratoriyasining xulosasiga koʻrab "Royal" savdo belgisi ostidagi anor sharbati mahsuloti tarkibida
"Azorubin, E 122" moddasi belgilangan meʼyordan ortiq ekanligi maʼlum boʻldi.
UzTR.490-022:2017 "Oziq-ovqat mahsulotlarini tamgʻalash yuzasidan uning xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglament"ning 36-bandiga muvofiq, tarkibida rang beruvchilar (E122 azorubin, E sariq xinolin, FSF E110 sariq "quyosh botishi", AS E129 qizil maftunkor, 4R E124 ponso va E102 tartrazin) oziq-ovqat mahsulotlari uchun "Tarkibida rang beruvchi (rang beruvchilar) mavjud, ular bolalarning faolligiga va diqqatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin" degan ogohlantiruvchi yozuv yozilishi kerak.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, ishlab chiqaruvchilar "Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida"gi, "Standartlashtirish toʻgʻrisida"gi, "Metrologiya toʻgʻrisida"gi, «Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida"gi qonunlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablarini bajarmaslik qonun buzilishiga olib kelishi toʻgʻrisida ogohlantirilgan.