Raqobat qoʻmitasi propan narxi boʻyicha oʻrganish boshladi
Oʻzbekistonda propan narxi keskin oshib, ikki oy ichida 44 foizga yuqoriladi.

Raqobat qoʻmitasi propan narxi oshgani sabab oʻrganish boshladi.
Aytilishicha, ijtimoiy tarmoqlar orqali “Propan” gaz narxlarining keskin oshganligi yuzasidan eʼtirozlar tarqalib, jamoatchilik tomonidan muhokamalarga sabab boʻlmoqda.
Raqobat qoʻmitasi yuqoridagi holatlarni inobatga olgan holda oʻz vakolatlari doirasida tovar-xom ashyo birjalari orqali realizatsiya qilinishi belgilangan suyultirilgan gaz mahsulotining qoʻyilishi va sotilishi yuzasidan tegishli oʻrganishlarni olib bormoqda.
Oʻrganish yakunlari yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot taqdim etiladi.
Maʼlumot uchun, Raqobat qoʻmitasi oʻz funksiyalaridan kelib chiqqan holda birja savdolarida sotilayotgan yuqori likvidli mahsulotlarning realizatsiyasi holatini doimiy tahlil qilib keladi, xususan, suyultirilgan gazning narxlarini oshishi mumkinligini oldindan prognoz qilgan holda, uning narxini barqarorlashtirishni taʼminlash maqsadida tegishli choralar koʻrish yuzasidan masʼul regulyatorga (15.07.2024 yil) xabar yuborilgan, deyiladi qoʻmita izohida.
Oʻzbekistonda yengil avtomobillar uchun metanning 1 avgustgacha belgilangan 3750 soʻm miqdoridagi chakana narx cheklovi toʻxtatildi. Endi yonilgʻi quyish shoxobchalari narxni oʻzlari belgilaydi, u oʻrtacha 200−500 soʻmga koʻtarildi. Propan narxi keskin oshib, ikki oy ichida 44 foizga yuqoriladi.