platina.uz
Jamiyat

Laboratoriya sinovida 8 mahsulot amaldagi hujjatlarga nomuvofiq deya topildi

Raqobat qoʻmitasi va Texnik jihatdan tartibga solish agentligi Toshkentdagi savdo shoxobchalarida nazorat tadbiri oʻtkazdi va 9 mahsulotni tekshirdi. 

Laboratoriya sinovida 8 mahsulot amaldagi hujjatlarga nomuvofiq deya topildi

Raqobat qoʻmitasi oʻtkazgan nazorat xaridida 8 mahsulot amaldagi hujjatlarga nomuvofiq deb topildi.

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan hamkorlikda boshlangan yangi loyihaga asosan nazorat xaridi tashkil etildi. Loyihadan koʻzlangan maqsad sifatsiz mahsulotlardan isteʼmolchilarni himoya qilish, mahsulotlar sifatini nazorat qilish, isteʼmolga yaroqsiz hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjat talablariga javob bermaydigan mahsulotlar aylanmasining oldini olishdir, deyiladi xabarda.

Nazorat xaridi uchun Toshkent shahridagi savdo shoxobchalaridan 9 nomdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan namunalar xarid qilindi va belgilangan tartibda rasmiylashtirilib, akkreditasiyadan oʻtgan laboratoriyalarga sinovdan oʻtkazish uchun taqdim etildi.

Mahsulotlarning sifati va xavfsizligi boʻyicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining Milliy “Referens” va “Texnostandart–NEO” MChJ huzuridagi akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyalar xulosalarini berdi. Sinov natijalarida 9 nomdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan 8 nomdagisi yaʼni ularning 88 foizi amaldagi texnik jihatdan tartibga solish hujjatlariga nomuvofiqligi maʼlum boʻldi.

Jumladan, texnik reglament yoki standart talablari boʻyicha kamchiliklar mahsulotning tarkibi, yoriqlanishi va qadoqlanishi bilan bogʻliq boʻlib, quyidagi ishlab chiqaruvchi korxonalarga tegiishli ekanligi aniqlandi:

1. “BRUNI” shokoladli keks mahsuloti - ishlab chiqaruvchi korxona “Almerro Group” MChJ;

2. “SELLATILGAN MOL GO‘SHTI oliy nav” Konservalangan mol goʻshti mahsuloti – ishlab chiqaruvchi korxona “Marmaks” QK MChJ;

3. “BIO KEFIR” kefir – ishlab chiqaruvchi korxona “DIL-BAH DAIRY GROUP” MChJ;

4. “Qand” mahsuloti – ishlab chiqaruvchi korxona “Prima industries group” MChJ;

5. “Chernogolovka” gazlangan salqinlantiruvchi ichimlik - ishlab chiqaruvchi korxona “Aqua Products” MChJ QK;

6. “Urussa” kungaboqar yogʻi - ishlab chiqaruvchi korxona “Resurs” moy ekstraksiya zavodi;

7. “Kunjutnoye maslo” yogʻ mahsuloti - ishlab chiqaruvchi korxona “Maxmadjon Nurafshon” XK;

8. “Sedana yog‘i” yogʻ mahsuloti – ishlab chiqarvchi korxona “Maxmadjon Nurafshon” XKlar.

Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining:

1-moddasiga muvofiq, tovarning nuqsoni - tovarning normativ hujjatlarning majburiy talablariga, shartnoma shartlariga yoxud tovarning sifatiga odatda qoʻyiladigan talablarga nomuvofiqligi;

13-moddasiga muvofiq, nuqsonli tovar sotilganda isteʼmolchi, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib oʻtilmagan boʻlsa, oʻz xohishiga qarab quyidagilardan birini talab qilishga haqli:

tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berish;

tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib, uning xarid narxini tegishincha qayta hisob-kitob qilish;

tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki isteʼmolchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplash;

xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirish;

shartnomani bekor qilib, koʻrilgan zararni qoplash belgilangan.

Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 02.06.2021 yildagi PF-6240-son Farmonining 3-bandiga muvofiq, sanitariya-epidemiologik xulosasi majburiy tartibda olinishi lozim boʻlgan oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga nisbatan muvofiqlik sertifikatini olish ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi. Bunda, ushbu mahsulotlarni tayyorlovchilar (ishlab chiqaruvchilar), yetkazib beruvchilar va sotuvchilar ularning texnik reglamentlar va standartlar bilan belgilangan majburiy talablarga muvofiqligini taʼminlash uchun javobgar hisoblanishi belgilab qoʻyilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 12 iyuldagi 490-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oziq-ovqat mahsulotini tamgʻalash yuzasidan uning xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentining 90-bandiga asosan, nazoratni amalga oshiruvchi davlat organlari Texnik reglament talablariga muvofiq boʻlmagan tamgʻalangan oziq-ovqat mahsulotlari muomalaga chiqarilishining oldini olish, shuningdek bunday mahsulotlarni bozorda muomaladan olib qoʻyish uchun barcha choralarni koʻrishi shartligi belgilagan.

Raqobat qoʻmitasi tomonidan nazorat xaridi davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va sifatsiz mahsulotlarning sotilishiga chek qoʻyish yuzasidan belgilangan tartibda choralar koʻrilmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid