SSVning tizim tashkilotlariga nisbatan ish qoʻzgʻatildi
Ular aholiga kafolatlanmagan tibbiy xizmat koʻrsatgan. Qonun buzilishiga yoʻl qoʻygan 8 ta masʼul mansabdor shaxslarga jazo tayinlash uchun hujjatlar sudga yuborilgan.

SSV tizim tashkilotlari tomonidan kafolatlanmagan tibbiy xizmatlar koʻrsatilgani aniqlandi. Raqobat qoʻmitasi mazkur muassasalarga qarshi ish qoʻzgʻatdi.
Raqobat qoʻmitasi tomonidan isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish borasida respublika miqyosida faoliyat yuritayotgan tibbiyot muassasalarida tibbiyot uchun moʻljallangan oʻlchash va sinash vositalarining metrologik koʻrikdan oʻtkazilganligi holati tahlil qilindi.
Jumladan, Navoiy, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent, Andijon, Namangan, Fargʻona viloyatlaridagi tibbiyot muassasalarida oʻtkazilgan tahlil natijalariga koʻra, oʻtgan davr mobaynida oʻlchash va sinash vositalarini oʻz vaqtida metrologik koʻrikdan oʻtkazilmaganligi holatlari aniqlandi.
Fargʻona viloyati misolida, viloyat hududidagi 9 ta tibbiyot muassasalarida (Respublika Ixtisoslashtirilgan Ona va bola salomatligi ilmiy amaliy tibbiyot markazi Fargʻona viloyati filiali, Fargʻona viloyati 2-sonli oftalmologiya shifoxonasi, Respublika ixtisoslashtirilgan Dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmi-amaliy tibbiyot markazining Fargʻona viloyati hududiy filiali, Respublika Ixtisoslashtirilgan Urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Fargʻona filiali, Fargʻona viloyati Ftiziatriya va pulmonologiya markazi, Fargʻona viloyati Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Fargʻona filiali, Respublika Ixtisoslashtirilgan Endokrinologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Fargʻona filiali, Respublika Ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitlar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Fargʻona filiali, Qoʻshtepa tumani tibbiyot birlashmasi, Rishton tumani tibbiyot birlashmalari) oʻtkazilgan tahlil natijalariga koʻra, oʻlchash va sinash vositalarini oʻz vaqtida metrologik koʻrikdan oʻtkazilmaganligi holatlari aniqlandi.
Yuqoridagilarga koʻra, Raqobat qoʻmitasi tomonidan metrologik koʻrikdan oʻtkazilmagan tibbiy sinash va oʻlchash vositalaridan foydalanib jami 600 mingdan ortiq isteʼmolchilarga 300 mln soʻmga yaqin kafolatlanmagan xizmatlar koʻrsatilganligi aniqlangan.
Jizzax viloyati misolida, viloyat hududidagi 5 ta davlat tibbiyot muassasalarida (“Baxmal tumani tibbiyot birlashmasi”, “Jizzax viloyat stomatologiya tabobatxonasi”, “Jizzax shahar tibbiyot birlashmasi”, “Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Jizzax viloyat hududiy filiali” va “Jizzax viloyat nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazi”) oʻtkazilgan tahlil natijalariga koʻra, jami 344 ta oʻlchash va sinash vositalarini oʻz vaqtida metrologik koʻrikdan oʻtkazilmaganligi boʻyicha kamchiliklar aniqlandi.
Sirdaryo viloyati misolida, viloyat hududidagi 2 ta tuman tibbiyot birlashmalarida (Mirzaobod tuman tibbiyot birlashmasi va Oqoltin tuman tibbiyot birlashmasi) aholiga oʻz vaqtida metrologik koʻrikdan oʻtmagan tibbiy uskunalar orqali pullik xizmat koʻrsatilganligi holatlari aniqlandi.
Bu bilan tibbiyot muassasalari Oʻzbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 4, 12, 19, 20 va 27 moddalari talablariga zid ravishda ish tutgan deb topilib, Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qaroriga muvofiq yuqoridagi tibbiyot muassasalariga nisbatan ish qoʻzgʻatildi.
Qonunbuzarlik holatini bartaraf etish yuzasidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berildi hamda qonun buzilish holatlariga yoʻl qoʻygan 8 ta masʼul mansabdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy javobgarlik choralarini koʻrish yuzasidan hujjatlar tegishli tartibda sud organlariga yuborildi.