Jizzaxda tugʻuruqxona boʻlimi katta doyasining kirdikorlari oshkor boʻldi
U bemorlar uchun ichki dorixonadan olingan dorilarni oʻzlashtirish va rastrata yoʻli bilan talon-taroj qilgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Gʻallaorol tuman sudida tibbiyot birlashmasi tugʻuruqxona boʻlimi katta doyasiga nisbatan ish koʻrib chiqildi. Sud hukmi Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Maʼlum boʻlishicha, sudlanuvchi S.X. 2023 yil 9 fevral kunidan Gʻallaorol tuman tibbiyot birlashmasi tugʻuruqxona boʻlimi katta doyasi vazifasida ishlab kelib, moddiy javobgar shaxs hisoblanib, 2023 yil fevral-oktabr oylarida bemorlar uchun ichki dorixonadan olingan dorilarni tarqatish boʻyicha oʻzining moddiy javobgarligiga berilgan jami 182.768.944 soʻmlik, juda koʻp miqdordagi dori-darmon va tibbiyot vositalarini oʻzlashtirish va rastrata qilish yoʻli bilan talon-taroj qilgan.
Shuningdek, sudlanuvchi oʻzi sodir etgan talon-toroj jinoyatini yengillashtirish va yashirish hamda 2023 yil fevral-oktabr oylarida bemorlar uchun ichki dorixonadan olingan dorilarni oʻzining moddiy javobgarligidan chiqarilishiga erishish maqsadida, navbatchi hamshiralar nomidan bemorlar uchun berilgan dori-darmon va tibbiyot vositasi uchun yozilgan talabnomalarga bila turib takroran yolgʻon maʼlumotlar va yozuvlar kiritib, ularni qalbakilashtirgan.
S.X sudda oʻz aybiga toʻliq iqrorlik bildirib, dastlabki tergovda bergan koʻrsatuvlarini tasdiqladi.
Sud sudlanuvchiga jazo tayinlashda, uning oʻz aybiga toʻliq iqror boʻlib, qilmishidan chin koʻngildan pushaymonligini, yetkazilgan moddiy zararni ixtiyoriy ravishda toʻliq qoplanganligini, ayol kishi ekanligini, oilaviy ahvolini, muqaddam sudlanmaganligini jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb topib, uning harakatlarida jazoni ogʻirlashtiruvchi holatlar mavjud emas deb baholadi.
Yakuniy hukmga koʻra, sud S.X.ga oʻtash uchun har oylik ish haqining 10 (oʻn) foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 (ikki) yil 1 (bir) oy 27 (yigirma yetti) kun axloq tuzatish ishlari jazosini tayinladi.