Partiyalar qanday moliyalashtiriladi?

Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar barcha uchun ochiq boʻlishi lozim. Siyosiy partiyalar oʻz faoliyatining moliyalashtirilish hajmi va manbalari haqida axborot eʼlon qilib turishi kerak.

Saylov-2024
29-iyul, 11:02
Partiyalar qanday moliyalashtiriladi?
Fotokollaj: Platina.uz

Joriy yilning 2 iyulida Oʻzbekiston prezidenti imzolagan tegishli qonun asosida bir necha qonunlarga, xususan, “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida”gi qonunga qoʻshimcha kiritildi. 

Yangi qonunga binoan “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida”gi qonunga siyosiy partiyalarning ustavida nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablagʻlarining yillik hajmini koʻpaytirishni, shu bilan birga, Qonunchilik palatasiga oxirgi saylov natijalariga asosan davlat mablagʻlarini olish huquqiga ega boʻladigan siyosiy partiyalar oʻrtasida ushbu mablagʻlarning taqsimlash tartibini oʻzgartirishni nazarda tutuvchi bandlar kiritildi.

Jumladan, bundan buyon siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablagʻlarining yillik hajmi shu mablagʻlarni ajratish moʻljallanayotgan yildan oldingi yilning 1 sentabridagi holatga koʻra belgilangan BHMning 2,5 foizini Qonunchilik palatasiga oʻtkazilgan oxirgi saylovda saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan fuqarolar soniga koʻpaytmasi miqdorida shakllantiriladi. Shu paytgacha bu miqdor 2 foiz edi.

Adliya vazirligi byudjetdan ajratilgan pulning 40 foizini siyosiy partiyalar oʻrtasida teng miqdorda, 60 foizini siyosiy partiyalar oʻrtasida Qonunchilik palatasida olgan deputatlik oʻrinlariga mutanosib ravishda taqsimlaydi. Qonunchilik palatasi deputatlarining soni oʻzgarsa, davlat mablagʻlari qayta taqsimlanmaydi.

Oʻzbekistonda siyosiy partiyalarni moliyalashtirish manbalari

2004 yil 30 apreldagi “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunning 3-moddasiga koʻra, siyosiy partiyalarni moliyalashtirish manbalari quyidagilardan iborat:

- kirish va aʼzolik badallari, agar siyosiy partiyaning ustavida bunday badallar toʻlash nazarda tutilgan boʻlsa;

- qonunchilikka muvofiq tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlar;

- davlat byudjetidan ushbu qonunga muvofiq ajratiladigan mablagʻlar;

- yuridik shaxslar va fuqarolar tomonidan ushbu qonunga muvofiq beriladigan xayriya yordami.

Taʼkidlash kerak, mazkur qonunning 15-moddasiga koʻra, siyosiy partiyalarga xayriya yordami berishda maʼlum cheklovlar mavjud.

Xususan, siyosiy partiyalarga pul mablagʻlari shaklidagi, mol-mulk berish, xizmatlar koʻrsatish, ishlar bajarish tariqasidagi (shu jumladan grantlar ajratish, texnik yordam koʻrsatish, safarlar bilan, shuningdek Oʻzbekiston hududida va undan tashqarida oʻtkaziladigan treninglar, seminarlar, konferensiyalar bilan bogʻliq xarajatlarga haq toʻlash orqali) xayriya yordami chet davlatlar, chet davlatlarning yuridik shaxslari, ularning vakolatxonalari va filiallari, xalqaro tashkilotlar, ularning vakolatxonalari va filiallari, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar, chet el fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Shuningdek, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, diniy tashkilotlar va nomi yashirilgan yoki faqat taxallusi koʻrsatilgan shaxslar tomonidan siyosiy partiyalarga pul mablagʻlari shaklida, mol-mulk berish, xizmatlar koʻrsatish, ishlar bajarish tarzida xayriya yordami berilishiga ham yoʻl qoʻyilmaydi.

Qonunga koʻra, bunday cheklangan kategoriyaga mansub xayriya yordami olingan kundan eʼtiboran bir oy ichida xayriya yordami beruvchiga qaytarilishi, qaytarish imkoniyati boʻlmagan taqdirda esa davlat daromadiga oʻtkazilishi lozim.

Partiyalarni moliyalashtirish: xorij tajribasi

Albatta, har qanday notijoriy tuzilma normal faoliyat yuritishi, muntazam moliyaviy manbaga ega boʻlishi lozim. Bu manbalar esa shu tuzilma faoliyatidan manfaatdor taraflar zimmasida boʻladi. Siyosiy partiyalar ham shunday tuzilma oʻlaroq, eng avvalo partiya aʼzolari, shuningdek, bu partiya bilan yakdil siyosiy qarashlarga ega, ushbu partiya faoliyatidan qandaydir (siyosiy, iqtisodiy, maʼnaviy, mafkuraviy, maʼmuriy...) manfaat va foyda oluvchi shaxs hamda tashkilotlar tomonidan aʼzolik badallari va xayriya shaklida taʼminlanadi.

Tarixan shunday anʼana yuzaga kelganki, partiyaviy spektrdagi maqomiga koʻra “soʻl” partiyalar (oʻzgarishlar yasash, radikallik va ijtimoiy tenglik tarafdorlari – kommunistlar sotsialistlar va boshqalar) oʻz aʼzolaridan muntazam ravishda aʼzolik badallari yigʻib oladi. Badal miqdori partiya aʼzosi oylik daromadining qanchadir foiziga teng boʻladi. 

Shuningdek, aksariyat siyosiy partiyalarda, ayniqsa davlat boshqaruviga aralasha oladigan yoki hukmron partiyalarda maʼlum bir manfaatdor guruhlarning (yirik biznes, tijorat uyushmalari, monopolistlar, milliy yoki diniy ijtimoiy qatlam yetakchilari)lobbisi mavjud boʻladi. Tabiiyki, ular muntazam asosda moliyaviy taʼminotchi vazifasini oʻtashadi. 

Shu bilan birga, partiyalar va ularning yetakchilari pul va sovgʻalarni kirish badali, saylov roʻyxatiga qoʻshish uchun “tashakkur belgisi” shaklida olishlari ham mumkin. Biroq bu bahsli va shubhali moliyalash usuli boʻlib, qonun buzilishlariga, jumladan, korrupsiyaga ham olib kelishi mumkin.

Taʼkidlash kerak, ayrim partiyalar xorijdagi tuzilmalar yoki hukumatlar tomonidan ochiq yoki maxfiy ravishda moliyalashtirilishi ham mumkin. Biroq aksariyat davlatlarda siyosiy partiyalarga xorijdan moliyaviy yordam olish taqiqlab qoʻyilgan.

Yuqorida taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonda ham “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida”gi qonun siyosiy partiyalarga xorijiy shaxs yoki tashkilotlardan moliyaviy yordam olishni taqiqlaydi. 

Xorijiy moliyalashtirishning taqiqlanishi, avvalo xorijiy hukumat yoki shaxs hamda tashkilotlarning ichki siyosatga aralashuvini profilaktika qilish maqsadini koʻzda tutadi. Masalan, biror davlatda siyosiy rejim yoki hukmronni oʻzgartirish aynan shu yumshoq kuch – siyosiy partiyalar yordamida amalga oshirilishi mumkin.

Ayniqsa, avtoritar rejimlar bu boradagi har qanday xorijiy muloqotga keskin munosabat bildirishadi. Masalan, Belarus prezidenti Aleksand Lukashenko shu yil 9 aprelda mamlakatda siyosiy partiyalarning faoliyati masalasiga bagʻishlangan yigʻilishda mamlakatdagi partiyalarning xorijdan moliyalashtirilishiga qarshiligini yana bir bor taʼkidlagan. (Belarusda bu borada qonun ham mavjud – tahr.)U, shuningdek, xorijdan grant olgan, xorijiy safarlar chogʻida yoʻl xarajatlarini qoplashlariga yoki boshqa xizmatlar koʻrsatilishiga rozi boʻlgan shaxslar avtomatik ravishda Belarusda siyosiy faoliyat bilan shugʻullanish, davlat lavozimlarini yoki saylanaligan mansablarni egallash huquqini yoʻqotishlari” haqida ogohlantirgan. 

Biroq, qiziq jihati shundaki, Lukashenko Belarusdagi siyosiy partiya yetakchilariga davlat byudjetidan moliyaviy yordamni kutmaslikni maslahat bergan. “Byudjet puli sarflanadigan boshqa sohalar ham koʻp” degan Belarus prezidenti. 

Partiyalarni davlat byudjetidan taʼminlash shartmi?

Lukashenko davlat byudjetidan pul bermasligini taʼkidlagan boʻlsa-da, aksariyat davlatlardagi siyosiy partiyalarga davlat byudjetidan pul ajratiladi. 

Maʼlumki, siyosiy partiyalar biror aholi qatlamining va umuman xalq manfaatlarini himoya qilish, xalqning siyosiy irodasini tamsil etish va shu maqsadda qonuniy siyosiy kurashlar orqali hokimiyat tepasiga intiladi. Bir soʻz bilan aytganda, ular hukmron partiya yoki elita uchun siyosiy muxolifat hisoblanadi. Nega unda hukumat bu partiyalarni byudjetdan moliyalashtirish kabi “saxiylik”ni oʻziga ep koʻradi?

Avvalo, boshqa moliyalashtirish shakllari taqiqlansa yoki realizatsiya qilish imkoniyati boʻlmasa, partiyalarni byudjetdan moliyalashtirish yagona chora boʻlib qoladi. 

Qolaversa, yana bir maqsad borki, uni chuqurroq anglash uchun, misol sifatida SSSRda vijdon erkinligi tarixiga qisqa nazar solish mumkin.

Maʼlumki, SSSRda hukmron va yagona partiya – Kommunistik partiya edi. Bu partiya mafkurasiga binoan, ideal sovet fuqarosi dinsiz ateist boʻlishi va dinga, “eskilik sarqitlari”ga qarshi muntazam kurash olib borishi lozim boʻlgan. Biroq 1943 yilda Stalindek qonxoʻr va dinsiz diktator davrida, ayni urush qizgʻin ketayotgan paytda dindorlarga, jumladan, musulmonlarga erkinlik berishga qaror qilinadi. Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari idorasi tuzilib, diniy marosimlarni oʻtkazishga taqiqlar olib tashlanadi. Albatta davlat, ichki ishlar va maxsus xizmatlarning qatʼiy nazorati ostida boshlangan va davom ettirilgan bu qadamlardan asosiy maqsad – urush paytida dindorlarning ham samimiy qoʻlloviga erishish boʻlsa, ikkinchidan, dunyo hamjamiyati nigohida SSSRni goʻyoki haqiqiy demokratik davlat, inson huquqlari, jumladan, diniy erkinliklar taʼminlangan tuzum sifatida koʻrsatishga urinish bor edi.

Lekin shuni unutmaslik kerakki, oʻnlab, hattoki yuzlab partiyalarning mavjudligi real ishlayotgan koʻppartiyali tizim borligidan darak bermaydi.

Albatta, demokratik tuzumlarda ham tashqi taʼsir ehtimolini kamaytirish maqsadida siyosiy partiyalarni davlat byudjetidan moliyalashtirish yoʻlga qoʻyilgan. Biroq demokratiya rivojlangan davlatlarda bu qiyinroq kechadi. Chunki xalq oʻziga yot va tushunarsiz mafkuradagi qandaydir partiyalarga oʻz choʻntagidan pul berishni istamasligi mumkin.

Masalan, Buyuk Britaniyada ham shunday moliyalashtirish taklif etilgan boʻlsa-da, hamon tasdiqlanmagan. Sobiq sovet davlatlarida, jumladan, Rossiyada saylovlarda maʼlum natijaga erishgan, saylovlarda kamida 3 foiz ovoz olgan partiyalarga byudjetdan pul ajratiladi.

Byudjetdan moliyalashtirish va “choʻntak partiyalari”

Siyosiy partiyalarni byudjetdan moliyalashtirishning yaxshi va yomon jihatlari bor. 

Avvalo, aksariyat hollarda bunday tartibga oʻtish uchun xalqning roziligi olinmagan – referendum, jamoatchilik muhkoamasi va hokazolar taʼminlanmagan boʻladi.

Masalan, 2009 yil 21 oktabrda Qozogʻiston markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalarni moliyalashtirishi tartibini tasdiqlagan. Qozogʻistonlik ekspert Sanjar Bokayevning yozishicha, bu masala keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilinmagan.

Natijada xalq puli hisobidan moliyalashtirilayotgan boʻlsa-da, partiya xalq emas, hukmron elitaning manfaatlariga xizmat qiluvchi tuzilmaga aylanadi. Bunday partiyalarning vakillari parlamentga saylansa ham, tabiiyki, xalqqa xizmat qiladigan qonunlar ishlab chiqarmaydi.

Boshqa jihatdan, byudjetdan moliyalashtirish ayni shunday “choʻntak partiyalar” vujudga kelishining oldini olishi ham mumkin. Zero, siyosiy partiya biror boy oligarx yoki tashkilotning puli evaziga faoliyat koʻrsatsa, oʻshalarning “choʻntak partiyasi”ga aylanib qoladi. Bunday partiya hokimiyat tepasiga chiqqanida oʻz homiylarining manfaatlarini davlat va xalq manfaatidan ustun qoʻyadi.

Masalan, rossiyalik jurnalist Maksim Shevchenko Rossiyadagi “Pravoye delo” partiyasini (2006-2016 yillarda faoliyat koʻrsatgan – tahr.) tadbirkor Mixail Proxorovning puli evaziga hokimiyat tepasiga chiqayotgan “choʻntak teatri” deb atagan edi. “Demokratik jamiyatda bunday partiya boʻlishi kerak emas. Siyosiy partiya xalq irodasini tamsil etishi kerak, qandaydir boyvachchaning manfaatlarini emas”, degan Shevchenko.

Yaqinda oʻtkazilgan tadqiqotlarga koʻra, amerikalik fuqarolarning uchdan ikki qismi partiya va saylov kampaniyalariga pul xayriya qiladigan yirik “saxovat egalari” bois, AQSh hukumatiga ishonmaydi.

Byudjetdan ajratilgan mablagʻlar qanday sarflanyapti?

Imtiyoz va oson pul bor joyda korruputsiya va oʻgʻirlik yuzaga kelishi ehtimolga yaqin boʻladi. 

Partiyalar uchun yigʻilgan yoki ajratilgan mablagʻlarni sarflash borasida korrupsion mojarolar yuzaga kelmagan biror-bir davlat yoki jamiyat yoʻq. Hatto demokratiya borasida namuna oʻlaroq koʻriladigan AQShda ham yaqinda “partiya pullari” borasida mojaro chiqdi. Maʼlumki, Jo Bayden saylov poygasida qatnashishi uchun yigʻilgan 150 million dollar mablagʻ, Bayden poygadan chiqarilgani bois yangi demokratik nomzod Kamala Harris uchun sarflanishi aytildi. Biroq bu respublikachi nomzod, sobiq prezident Donald Trampning noroziligiga sabab boʻldi. Bayden uchun yigʻilgan pullar Harris uchun sarflanishi notoʻgʻri ekani taʼkidlandi. Biroq demokratlar lageri Harris ayni paytda vitse-prezident ekani va boshqa sabablarga koʻra qonun buzilmagani haqida bayonot berishdi.

Oʻzbekiston misolida olsak, shunday mojarolar hamda byudjet pullarining talon-toroj qilinishining oldini olish maqsadida, “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida”gi qonunning 5-moddasiga muvofiq, siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar barcha uchun ochiq boʻlishi lozim. Siyosiy partiyalar oʻz faoliyatining moliyalashtirilish hajmi va manbalari haqida axborot eʼlon qilib turishi kerak. Bu esa ushbu maʼlumotlarning OAVda yoki boshqa ochiq axborot resurslarida chop etilishini nazarda tutadi. 

Qolaversa, siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning mazkur partiyalar aʼzolari va jamoatchilik uchun ochiqligi siyosiy partiyalarning oʻzi tomonidan taʼminlanishi lozim. Albatta, tegishli davlat idoralari bu pullar qanday sarflanayotgani yuzasidan nazoratni boʻshashtirmasligiga shubha yoʻq. Biroq qonun talabiga muvofiq, birorta partiyaning bu boradagi hisobotlari bilan OAV orqali tanishish hamon imkonsiz boʻlib qolmoqda. 

Albatta, turli populistik tadbirlar bilan band partiyalarning quruq tavsiyalarga rioya qilishga vaqti boʻlmasligi mumkin. Shu bois, ekspertlar partiyalarning moliyaviy faoliyatini taftish qilish uchun tashqi mustaqil auditni ham jalb etishni qonun bilan mustahkamlab qoʻyishni taklif etishadi.

Shu bois, siyosiy partiyalar qanday manbalardan daromad olayotgani va bu pullarni, xususan, xalq pullarini qanday sarflayotgani haqida xalqqa hisobot berib turishi qonunga ham, mantiqqa ham muvofiq boʻlardi. Zero, shaffoflik yoʻq joyda korrupsiya vujudga kelishiehtimoli ortishi hayotda allaqachon oʻz isbotini topgan. 

Abulfayz Sayidasqarov

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+