“Uotergeyt” mojarosi: yahudiylar oʻchakishgan prezident va “toʻrtinchi hokimiyat”
Falastin-Isroil mojarosi boʻyicha muzokara jarayonlarida Falastin mustaqilligi uchun kichikroq qadam qoʻygan har qanday AQSh prezidenti yoki oʻldirilgan, yoki turli tuhmat va mojarolar bilan obroʻsi toʻkilgan.
Bundan rosa yarim asr avval – 1974 yil 9 avgustda AQSh prezidenti Richard Nikson impichment tahdidi ostida oʻz ixtiyori bilan isteʼfoga chiqdi. Ikki yarim yildan ortiq davom etgan “Uotergeyt” nomli shov-shuvli mojaro prezidentning muddatidan oldin mansabini tark etishi bilan yakunlandi.
Janjal nimadan boshlangan?
1972 yil 17 iyun tunida Vashingtondagi "Uotergeyt" (Watergate) mehmonxonasining qoʻriqchisi Frenk Uills xonalardan birining eshigi ochiq ekanini koʻrib qoladi. Eshikning qulf teshigi yopishqoq tasma bilan yopib qoʻyilgan edi. Qoʻriqchi eshikni farroshlar yopishni unutib qoʻygandir, degan xayolga boradi. Uills eshikni qulflab ketadi. Bir soatdan keyin Uills eshikning yana ochiq turganini koʻradi va politsiya chaqiradi.
Politsiyachilar binoni tintib chiqadi va Demokratik partiyaning oltinchi qavatdagi qarorgohida besh kishini hibsga oladi. Ularning yonidan ikkita mini-mikrofon hamda unga tegishli qismlar, shuningdek, raqamlari ketma-ket keluvchi yuz dollarlik pullarda naqd 5300 dollar topiladi.
Qoʻlga olinganlarning shaxsini aniqlash chogʻida ulardan biri – prezident Richard Niksonningsaylovoldi tashviqoti qoʻmitasi xodimi, yaqin oʻtmishda esa Markaziy razvedka boshqarmasi xodimi boʻlgan Jeyms Makkord ekani oydinlashadi. Qolgan toʻrt nafari Mayamidan kelgan kubalik muhojirlar edi.
Oʻzlarini “chilangarlar guruhi” deb atagan bu shaxslar demokratlar qarorgohida xufiyona tinglash uskunalarini oʻrnatishga urinishgan. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, ular Niksonning siyosiy raqibi, Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Jorj MakGovernning hujjatlarini suratga olishgan.
Oʻzlarini oddiy talonchilar sifatida koʻrsatishga harakat qilayotgan bu shaxslarning chalkash ishini tergov qilish FQB xodimlarining maxsus tuzilgan guruhiga, unga rahbarlik qilish esa Federal byuro direktori oʻrinbosari Mark Feltga topshirildi. Oldinroq ketib aytish mumkinki, bu mojaroning buyurtmachilari jazosiz qolgan boʻlsa-da, ijro etuvchi “piyoda”lar arzimas jazoga tortildi. Masalan, Oq uy maslahatchisi, shuningdek, Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq agenti Xovard Xant sud tomonidan "telefon tinglash"ning "texnik" tashkilotchisi sifatida tan olingan va 33 oy qamoqda oʻtirgan.
Bu mashmashaning asosiy buyurtmachisi deya gumon qilingan Richard Niksonning siyosiy karerasiga esa “Uotergeyt” voqeasi dastlab hech qanday taʼsir koʻrsatmadi – u 1972 yilning noyabrida AQShning 37-prezidenti etib qayta saylanishga muvaffaq boʻldi.
Yoʻnalish oʻzgarib ketdi
Keyinchalik sodir boʻlgan voqealarning eng muhim qismi “Uotergeyt”dagi "chilangarlar"ning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish va tekshirish emas, balki respublikachilar maʼmuriyatining eng yuqori boʻgʻinlarida siyosiy josuslik uchun javobgarlikni fosh qilishga urinish bilan ifodalanadi. Zero, AQSh Kongress rahbariyati "Uotergeyt ishi" bilan qattiq qiziqib qolgan edi. Aynan ularning iltimosiga binoan mustaqil tergov organi tashkil etildi.
Avvaliga amaldagi prezident Richard Nikson bu mojaroni yashirishga harakat qildi. Prezident va maʼmuriyat rahbari Bob Xoldman oʻrtasidagi suhbatlar audioyozuvlari shundan dalolat beradi. Biroq, keyinroq, prezident Kongress talabiga binoan, tasmani qonun chiqaruvchi organga topshirishga majbur boʻlganida, kimdir 18 daqiqalik yozuvlarni oʻchirib tashlagani aniqlashdi. Oʻchirilgan parchani qayta tiklashning ham, aybdorni aniqlashning ham iloji yoʻq edi. Biroq, saqlanib qolgan yozuvlar ayblarni fosh etish uchun yetarli edi.
Misol sifatida prezident maʼmuriyati apparatining rahbari Xoldmanning quyidagi soʻzlarini keltirish mumkin:
"Surishtiruvlarga kelsak, bu voqea demokratlarning qarorgohiga uyushtirilgan bosqinchilik masalasi bilan bogʻliq. Biz murakkab vaziyatda qoldik. Federal qidiruv boshqarmasi bizga boʻysunmaydi... Lekin tergov ishlari ancha siljigan – ular pullarning (agentlar yonidan topilgan 5300 dollarning – mual.) kelib chiqishi va pul olingan bankni aniqlagan".
Keyingi kunlarda Nikson va uning yordamchilari mikrofon yozuvchi ostida muammoni bir necha marta muhokama qilishga majbur boʻlgani aniqlandi. Mazkur suhbatlarda milliy xavfsizlik manfaatlari yoʻlida tergovni toʻxtatish imkoniyatlari muhokama qilingan. Bu masala yuzasidan tergov olib borayotgan Federal surishtiruv byurosi va uning direktori vazifasini bajaruvchi Patrik Grey aynan Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Richard Xelms va uning oʻrinbosari general Vernon Uolters tomonidan toʻxtatilishi lozim edi. Nikson bu ishga shaxsan aralashgisi kelmadi. Taʼkidlash kerak, prezident maʼmuriyatidagi bu oʻzaro suhbatlarni yozib olish Richard Niksonning shaxsiy tashabbusi bilan amalga oshirilgan.
“Toʻrtinchi hokimiyat”ga aylangan matbuot
Nihoyat 1973 yil yanvar oyida “Uotergeyt” “qulfbuzarlari” ustidan sud jarayonlari boshlandi. AQSh (va umuman dunyo tarixida) birinchi marta sud majlislari butun mamlakat boʻylab televideniye orqali namoyish etildi. Jurnalistlar tinmay olovga “moy sepishar” edi. Aynan jurnalistlar kuchli tahlil va sinchkovlik bilan oʻtkazgan jurnalisttik surishtiruvlari yordamida tergovchilarning ham nazaridan chetda qolgan dalil va “ilmoq”larni topib berishar edi.
Ayniqsa, Washington Post gazetasi jurnalistlari Bob Vudvord va Karl Bernstayn bir qator shov-shuvli fosh etuvchi materiallarni eʼlon qilishdiki, ular asosida keyinchalik “Uotergeyt” mojarosi haqida ikkita bestseller kitob yozishdi.
Bu kitoblar xuddi josuslik haqidagi yoki detektiv qissa kabi oʻqiladi. Ayniqsa, koʻngilli va maxfiy axborot manbalari bilan muzokaralar olib berishgani va ulardan maʼlumot olishgani borasidagi voqealar oʻquvchini batamom oʻziga rom etib qoʻyadi. Bunday manbalardan biriga "Chuqur halqum" taxallusi berilgan boʻlib, u jurnalistlarga Nikson maʼmuriyatiga oid qimmatli va hech kim bilmaydigan maʼlumotlarni taqdim etgan. U jurnalistlar bilan aloqalar maxfiy va bardavom qolishi uchun qoʻlidan kelgan barcha ayyorliklarni qoʻllagan. U telefon orqali faqat tun paytida gaplashar, yuzma-yuz uchrashuvlar uchun yerosti mashina turargohlari kabi xufiyona va kimsasiz joylarni maʼqul koʻrar, ismlar oʻrniga taxalluslar qoʻllab gaplashar edi.
Amerikalik tadqiqotchi Samyuel Xantington 70-yillarda tuzilgan Uch tomonlama komissiya uchun yozgan hisobotida shunday degan edi: "Nikson maʼmuriyati davrida roʻy bergan ikkita eng dramatik ichki siyosiy mojaro – Pentagon hujjatlarining chop etilishi va “Uotergeyt” voqeasi natijasida yuzaga kelgan mojarolar jarayonida AQSh ommaviy axborot vositalari mamlakatning eng oliy ijrochi hokimiyati rahbariga qarshi chiqa olishdi va uni magʻlub eta olishdi. Shu voqeaga qadar AQSh tarixidagi hech bir siyosiy kuch ikki yil avval qayta saylangan prezidentni lavozimidan chetlatishga muvaffaq boʻlmagan edi. Bu Amerika tarixidagi eng muhim voqealardan biriga aylandi."
Nega AQSh matbuoti Nikson bilan oʻchakishib qolgan?
Shu oʻrinda biroz mavzudan chetlashib, nega AQSh matbuoti Nikson bilan bunchalik oʻchakishib qolganiga eʼtibor qaratsak. Chunki AQSh tarixida Niksondan ham battarroq “qovun tushirgan” davlat rahbarlari ham boʻlgan. Biroq Niksonga qarshi kampaniya OAV vositasida milliy fojea darajasiga olib chiqilgan va saylanganiga endi 2 yil boʻlgan prezidentning isteʼfosi bilan yakunlangan.
Avvalo shuni aytish kerakki, Nikson “haqiqiy amerikalik” edi. U bir hovuch boylar va yahudiy lobbilarining istak-irodasi emas, avvalo AQSh manfaatini ustun qoʻyadigan shaxs edi. 1973 yilda aynan Niksonning buyrugʻi bilan AQSh qoʻshinlari Vetnamdan olib chiqib ketilganini ham aytib oʻtish joiz.
KGB razvedkasi maʼlumotlariga koʻra, Niksonning oʻzi atrofdagilari bilan shaxsiy suhbatlardan birida nolib aytishicha, uning yahudiy maslahatchilari xuddi “tinchlik kabutari” kabi dunyoning istalgan chekkasidagi urushni toʻxtatishga AQShni majburlay oladi. Biroq yahudiy davlati – Isroilga tahdid soladigan masalalarda bu beozor “kabutarlar” birpasda vahshiy urush “qirgʻiylariga” aylanishadi. Bu masalalarda ular hatto yadro qurolini ishlatishga ham tayyor boʻlishadi.
Shu oʻrinda taʼkidlash kerak, AQShda hatto asosiy ikkita partiya ham prezidentlikka nomzodlar qoʻyish orqali “almashib” mamlakatni boshqarishadi. Biroq AQShning qon tomiri boʻlgan milliy iqtisodiyot rahbarlari tez oʻzgarmaydi. Masalan, dollar chiqaradigan yagona vakolatli idora hamda AQSh markaziy banki vazifasini bajaruvchi Federal rezerv tizimini 1987 yildan 2006 yilgacha – naqd 19 yil ashaddiy sionist yahudiy Allan Grinspan boshqargan.
Aytishlaricha, Isroil rahbariyati zarur hollarda, yaʼni AQShdan navbatdagi yordam yoki pul olish kerak boʻlganda, AQSh prezidentini ham aralashtirmasdan, bevosita Grinspanga murojaat qilishgan!
Falastin-Isroil mojarosi boʻyicha muzokara jarayonlarida Falastin mustaqilligi uchun kichikroq qadam qoʻygan har qanday AQSh prezidenti yoki oʻldirilgani, yoki turli tuhmat va mojarolar bilan obroʻsi toʻkilganini esga olsak, masala oydinlashadi. Agar Niksonga qarshi kampaniya boʻronini koʻtargan OAVlarning rahbarlari sionistlar, bu borada jonbozlik koʻrsatgan jurnalistlarning esa yahudiy millatiga mansub ekanini hisobga olsak, masala yanada oydinlashadi!
Bu hech qanday konspirologik xulosa emas. Zero, Niksonning oʻzi ham “toʻrtinchi hokimiyat”ning unga qarshi keskin dushmanlik kampaniyasiga ayni shu naqtai-nazardan baho bergan. Uning aytishicha, “yahudiy doiralari taʼsiridagi OAV unga qarshi kurashgan”.
Sionist yahudiylarning “Yevreyskiy obozrevatel” nashrining yozishicha ham, yahudiylar Niksonni yomon koʻrishgan. Uni Isroilga qarshi, “antisemit” deb hisoblashgan.
Nikson oʻzaro suhbatlarda yahudiylarga xushomad bilan gapirmagan, qoʻpol soʻzlarni ishlatgan va buni yahudiylar haqorat deya qabul qilishgan. Hatto Nikson bir marta oʻz spichrayteri – prezident nutqlarini yozib beruvchi xodimining yahudiylar mitingida qatnashish taklifini rad etadi. “Xoʻp, bordim ham deylik, xoʻp, gaplarimga qarsak ham chalishar, lekin baribir menga ovoz bermaydi bular. Har doim shunday boʻlib kelgan va shu safar ham shunday boʻladi. Lekin ishonchim komil, mening Isroil borasidagi pozitsiyam toʻgʻri – Isroilni qoʻllab-quvvatlash AQSh manfaatlariga toʻla javob beradi,” degan.
SSSRning Vashingtondagi sobiq elchisi Anatoliy Dobrinin Richard Nikson bilan “dildan” suhbatlashganida, Nikson unga shikoyat ohangida “odob-axloq va nonkoʻrlikning ham chegarasi bor axir. Lekin bular haddidan oshib ketdi” degan. Nikson soʻzi yakunida SSSR rahbari Brejnevga “Amerika matbuotida uning isteʼfosi yoki impichmenti borasidagi bu shov-shuvlarga ishonmaslikni, u Oq uyda muddati oxirigacha qolishini, qaysar va soʻzini shamolga sovurmaydigan inson ekanini” yetkazib qoʻyishni soʻragan.
Biroq, taʼkidlash kerak, Nikson ham baribir yahudiy lobbilariga majbur taslim boʻlgan. Qudratli yahudiy lobbisi, xususan, uning Davlat kotibi Henri Kessenjerning sionist va Isroilning ashaddiy himoyachisi ekani buning asosiy sababi edi, ehtimol.
Maʼlumki, “Uotergeyt” mojarosining olovi oʻchmagan paytlarda, 1973 yil oktabr oyida Isroil arab davlatlariga qarshi “Qiyomat kuni” harbiy operatsiyasini boshlaydi. Lekin bir haftaga yetmasdan misrliklar va suriyaliklar SSSRning xufiyona yordamida yahudiy askarlarining ahvolini tang qilishadi.
Shunda yahudiy davlatining rahbariyati yana har doimgidek AQShdan pul, qurol va siyosiy yordam soʻraydi. Nikson, uning ustidan magʻzava agʻdarayotgan yahudiy OAV va lobbisining rahmini keltirmoqchi boʻladimi yoki Kissenjerning taʼsiri bilanmi, ishqilib, bu talabni qondirishga qaror qiladi. “Yevreyskiy obozrevatel” nashrining tan olib yozishicha, Richard Nikson zudlik bilan Isroilga kerak barcha qurol va mablagʻni berishni topshiradi. Bir oy ichida AQSh harbiy yuk samoyotlari Isroilga 567 ta reysni amalga oshiradi. Ular yahudiy davlatiga umumiy hisobda 22 300 tonna qurol-yarogʻ berib beradi.
Natijada, davlat sifatida yoʻq boʻlib ketishiga bar lahza qolgan yahudiylar saqlanib qoladi va falastinliklarni oʻldirib, yerlarini istilo qilishda davom etadi.
Ish kattalasha boshladi...
Afsuski, Niksonning yahudiylarga xushomadi ham foyda bermadi. Niksonning oʻz hokimiyatini saqlab qolish istagi kuchli boʻlishiga qaramay, “Uotergeyt” mojarosi battar avj oldi.
Boshlangan sud jarayonida 21 kishi turli jinoyatlarda aybdor deb topildi, ular orasida prezidentning eng yaqin maslahatchilari, AQSh Bosh prokurori va Niksonning saylov kampaniyasini moliyalashtirish boʻyicha direktor ham bor. Bunga parallel ravishda demokratlar tashabbusi bilan respublika maʼmuriyatining boshqa mansabdor shaxslari faoliyatiga oid qator tekshiruvlar boshlanib ketdi.
1973 yil aprel oyida Prezident maʼmuriyatining rahbari Bob Xoldeman isteʼfoga chiqdi. Prezidentning ichki siyosat boʻyicha maslahatchisi Jon Erlixman va AQSh bosh prokurori Richard Kleyndinst “oʻz xohishiga koʻra” isteʼfoga chiqishdi. Bir yil oʻtgach, uchalasi ham “Uotergeyt” tergoviga toʻsqinlik qilish uchun til biriktirganlikda aybdor deb topildi va turli muddatlarga qamoq jazosiga hukm qilindi.
1974 yil fevral oyida AQSh Kongressining Vakillar palatasi Niksonga qarshi impichment (davlat mansabdor shaxsini egallab turgan lavozimidan chetlatish maqsadida javobgarlikka tortish) jarayonini boshlashga qaror qildi va Oval kabinetdagi oʻzaro suhbat tasmalarini berishni talab eta boshladi. Nikson bu talabni rad etdi, AQSh Oliy sudi bu yozuvli kassetalarni prokuraturaga berishni talab qildi.
1974 yil 5 avgustda Nikson bir nechta tasmani eʼlon qildi. Ulardan maʼlum boʻlishicha, Nikson jinoyatni yashirish bilan shugʻullangan, oʻz xodimlariga MRB va FQB xodimlariga haqiqatni aytmaslikni buyurgan va ikki yil davomida bu voqeadan xabardor boʻlmaganman, deya yolgʻon gapirgan.
Nihoyat “oq bayroq” koʻtarildi.
1974 yil 9 avgust kuni Richard Nikson, senatning impichment haqidagi qarorini kutmasdan, ixtiyoriy ravishda isteʼfoga chiqishini maʼlum qildi.
Kechki soat 9 da Nikson AQSh prezidenti lavozimidan ketishi haqida bayonot berdi va vertolyotda ketishdan oldin Oq uy xodimlari bilan xayrlashdi. Bu – Amerikaning urushdan keyingi siyosiy tarixidagi eng dramatik lahzalar sifatida muhrlanib qoldi. Bu – shuningdek, AQSh tarixida birinchi marta tirik prezidentning lavozim muddati qisqartirilishi hisoblanadi.
1974 yil sentabr oyida AQSh prezidenti Jerald Ford (1974-1977) Niksonning “aybi toʻla, shartlarsiz va mutlaqo afv etilgani” haqida farmon chiqardi (AQSh prezidenti jinoyatchilarni avf etish huquqiga ega – mual.).
1977 yilda esa sobiq prezident Nikson yoʻl qoʻygan xatolari uchun Amerika xalqidan kechirim soʻradi.
“Chuqur halqum” nihoyat oshkor boʻldi
Bu dunyoda deyarli hech narsa sir boʻlib qolib ketmaydi. “Uotergeyt” mojarosida Washington Post gazetasi jurnalistlarini ichki maxfiy maʼlumotlar bilan taʼminlab turgan maxfiy manba – “Chuqur halqum”ning kimligi ham vaqt oʻtishi bilan oshkor boʻldi. U FQB direktori oʻrinbosari Mark Felt boʻlib chiqdi. Ha, bu mojaroli ishni tergov qilish boʻyicha tuzilgan FQB xodimlari maxsus guruhining rahbari Mark Felt shu manba ekanini 2005 yilda rasman oshkor qildi.
Ayrim taxminlarga koʻra, shaxsiy manfaatlar va FQB direktori lavozimini egallash istagi Feltni shunday jinoyat sodir etishga undagan – u tergov sirlarini jurnalistlarga oshkor qilgan. Rasmiy sirlarni oshkor qilgani uchun qamoq jazosi olishdan qoʻrqib, shuncha yil sukut saqlashga majbur boʻlgan. 2008 yil dekabr oyida Mark Felt Kaliforniyadagi hospisda (oʻlim toʻshagida yotuvchi bemorlarning azoblari yengillashtiriladigan tibbiy muassasa) 95 yoshida vafot etdi.
“Uotergeyt”ning AQSh jamiyatiga taʼsiri
Xulosa oʻrnida shuni aytish kerakki, “Uotergeyt”, AQShdagi korrupsiya va inson huquqlarining buzilishi boʻyicha boshqa shov-shuvli janjallarga qaramay, hamon hokimiyatni eng yuqori darajada suiisteʼmol qilish ramzi hisoblanadi. Bu mojaro AQSh jamiyatiga katta taʼsir qildi.
Eng avvalo, “Uotergeyt”AQSh jurnalistikasi tarixida burilish nuqtasi boʻldi. Avvallari matbuot sohasiga faqat gazeta ishining fidoyilari – oʻz ijtimoiy mavqelarini past hisoblaydigan mutaxassislar ishga kelgan boʻlsa, “Uotergeyt” mojarosidan keyin bu sohaga ilgʻor gʻoyalar uchun kurashishga va konservativ “ajdaho”larni oʻldirishga ishtiyoqi baland insonlar yopirilib kela boshladi.
Avvallari jurnalistlar jamiyatda hurmati shubhali shaxslar sifatida maʼlum boʻlsa, bu mojarodan keyin ular elita ham hisoblashadigan, majburan hurmat qiladigan odamlarga, taqdirlar va tarixlarda burilishlar yasay oladigan tabaqa vakillariga aylanishdi. Jurnalistika tom maʼnoda “toʻrtinchi hokimiyat”ga aylandi.
“Uotergeyt” mojarosi nafaqat prezidentning lavozimdan ketishi, balki uning atrofidagi 40 ga yaqin mansabdor shaxslarning jazolanishiga sabab boʻldi. Ayrimlari isteʼfoga ketishga majbur boʻldi, ayrimlari – 25 kishi turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi.
Shu bilan birga, “Uotergeyt” mojarosidan keyin AQSh Kongressi “Prezidentnnig barcha yozuv va materiallarini saqlash haqida” (1974), “Hukumatdagi odob-axloq haqida” (1978), “Prezident hujjatlari haqida” (1978) va mustaqil agentlik – “Milliy arxivni tashkil etish haqida”gi (1984) qonunlarni qabul qilishga undadi.
“Uotergeyt” soʻzi esa, aniqrogʻi, “geyt” qoʻshimchasi hukumat miqyosidagi xufiyona jinoyatlarni ifoda etish uchun foydalanib kelmoqda. 2001 yilda CBC News izoh berishicha, bu atama “etikaga zid xatti-harakat va haqiqatni yashirishni anglatadi”.
Masalan, New York Times nashrining 2006 yil 5 noyabrdagi sonida Qozogʻiston bilan bogʻliq “Neft, pul va korrupsiya” nomli maqola asosida “Kazaxgeyt” atamasi paydo boʻlgan. Bu mojaro doirasida AQSh hukumati Qozogʻistonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning sobiq maslahatchisi Jeyms Giffenni 1990-yillarda Gʻarb kompaniyalarini neft qazib boʻyicha shartnomalar bilan “taʼminlash” maqsadida qozoq hukumati rahbarlariga pora berishda ayblagan. Oqibatda Giffen kichik jarima bilan qutulgan.
Abulfayz Sayidasqarov
Telegramda kuzatib boring!