platina.uz
Jamiyat

OTMlar va taʼlim yoʻnalishlarini tanlash boshlandi

Abituriyentlar 2024 yil 27 iyuldan 10 avgustga qadar OTM tanlashi mumkin boʻladi. 

OTMlar va taʼlim yoʻnalishlarini tanlash boshlandi

Oliy taʼlim muassasalari va taʼlim yoʻnalishlarini tanlash boshlandi. Bu haqda Oliy taʼlim vazirligi xabar berdi.

Oliy va professional taʼlim muassasalariga kirish test sinovlarida ishtirok etgan abituriyentlar 2024 yil 27 iyuldan 10 avgustga qadar 15 kun davomida oliy taʼlim muassasalari va taʼlim yoʻnalishlarini tanlashlari lozim.

Buning uchun my.uzbmb.uz platformasining "Oliy va professional taʼlim muassasalariga qabul" boʻlimiga kirib, "Xizmatdan foydalanish" tugmasi bosiladi va "OTM tanlash" boʻlimiga oʻtiladi.

Dastlab abituriyent "Tanlov ustuvorligi" va "Maqsadli qabul" boʻyicha oʻz tanlovini amalga oshiradi.

Shundan soʻng abituriyent test topshirgan fanlar majmuasi va taʼlim tiliga mos boʻlgan beshtagacha oliy taʼlim muassasasi va taʼlim yoʻnalishini taʼlim shakli bilan birga tanlaydi.

Bunda taʼlim yoʻnalishlarini bir oliy taʼlim muassasasi yoki turli oliy taʼlim muassasalari doirasida tanlash mumkin.

Taʼlim yoʻnalishlarini tanlab, "Saqlash" tugmasi bosilgandan soʻng maʼlumotlarni tasdiqlash uchun abituriyentning telefon raqamiga SMS xabar yuboriladi. SMS xabardagi kodni dasturga kiritish orqali maʼlumotlar tasdiqlanadi.

Maʼlumotlar tasdiqlanganidan soʻng, "Abituriyent qayd varaqasi" shakllanadi. Qayd varaqada abituriyent tanlagan tanlov ustuvorligi, taʼlim shakllari, oliy taʼlim muassasalari va taʼlim yoʻnalishlari aks etgan boʻladi. Yuklab olish tugmasi orqali abituriyent qayd varaqasini yuklab olishi mumkin.

Abituriyentlar taʼlim yoʻnalishlarini tanlash muddati yakunlangunga qadar oʻz maʼlumotlarini oʻzgartirishlari va qayd varaqasini qayta yuklab olishlari mumkin.

Abituriyentlarning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani toʻgʻrisidagi yakuniy tanlov natijalari taʼlim yoʻnalishlarini tanlash toʻliq yakunlangandan soʻng bir hafta muddatda eʼlon qilinadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid