Islomiy moliyalash tartiblari belgilandi
Islomiy ijara, foydani taqsimlashga asoslangan moliyalashtirish (muzoraba), nasiya savdoga asoslangan moliyalashtirish (murobaha) va boshqa savdo masalalari tartibi eʼlon qilindi.
Markaziy bank “Mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlarni koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga sharhni eʼlon qildi.
Unda islomiy moliyalash tartiblari haqida soʻz boradi.
Mazkur nizom Islomiy moliya institutlari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkilotining (AAOIFI) islomiy moliyalashtirishga oid standartlari asosida, shuningdek, ilgʻor xorijiy tajriba hamda milliy kontekstni hisobga olgan holda ishlab chiqildi.
Shuningdek, mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar koʻrsatish tartibini belgilaydi.
Nizom bilan mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlarni koʻrsatishda rioya qilinishi lozim boʻlgan umumiy talablar oʻrnatildi.
Xususan, mikromoliya tashkilotlari islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlarni koʻrsatishi uchun oʻzida islomiy moliya masalalarini muvofiqlashtiruvchi maxsus kengashni tashkil etishi lozimligi yoki uning faoliyatini autsorsing asosida jalb qilishi mumkinligi belgilandi.
Shu bilan birga, mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar bilan bir qatorda, qonunchilikka muvofiq boshqa anʼanaviy xizmatlar ham koʻrsatilsa, ushbu mikromoliya tashkilotining islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyati boʻyicha buxgalteriya hisobi alohida yuritilishi kerakligi qayd etildi.
Bundan tashqari, mazkur nizom bilan maxsus kengash va uning aʼzolariga nisbatan qoʻyiladigan talablar hamda islomiy ijara, foydani taqsimlashga asoslangan moliyalashtirish (muzoraba), nasiya savdoga asoslangan moliyalashtirish (murobaha), sherikchilik – foyda va zararlarni taqsimlashga asoslangan moliyalashtirish (mushoraka), oldindan toʻlovga asoslangan moliyalashtirish (salam) kabi islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar va ushbu xizmatlarni koʻrsatish yuzasidan talablar belgilandi.
Tegishli bandlarda moliyaviy operatsiyalar tartibi belgilangan.
Masalan, islomiy ijarada mijoz va tashkilot oʻrtasida shartnoma tuzilgach, qoʻshimcha toʻlovlarni mijoz zimmasiga yuklash taqiqlanadi.
Ijara toʻlovlari grafik yoki biryoʻla toʻlanadigan tartibda boʻlishi mumkin.
Telegramda kuzatib boring!