Navoiyda viloyat hokimi oʻrinbosari va ikki hokim jazolandi
Navoiy viloyati hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik boʻyicha oʻrinbosari hamda Nurota, Navoiy shahar hokimlariga hayfsan berildi.

Navoiyda viloyat hokimi oʻrinbosari va ikki hokimga jazo qoʻllanildi.
Jumladan, Navoiy viloyati hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Kamolov Erkin Shamsiddinovichga hayfsan jazosi qoʻllanildi.
Aytilishicha, oʻrinbosar oʻziga yuklatilgan lavozim majburiyatlarini lozim darajada bajarmagan;
- talabchanlikni susaytirib yuborgan;
- kommunal soha boʻyicha yetarlicha shugʻullanmasdan, ishlarni oʻz holiga tashlab qoʻygan;
- ishda kamchiliklarga yoʻl qoʻygan.
Shuningdek, Navoiy shahar hokimi Ergashev Dilmurod Bekmuradovich va Nurota tumani hokimi Fayziyev Azamat Ismatovichga hayfsan jazosi berildi.
Bunga hokimlarning aholi bandligini taʼminlash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, eksport prognozi ijrosini taʼminlash, kommunal soha bilan ishlash, ijro intizomini mustahkamlash masalalarida ishlarni qoniqarsiz tashkil etgani, talabchanlikni susaytirib yuborgan, ishda kamchiliklarga yoʻl qoʻygani sabab qilib keltirilgan.