"Murojaatdan daromadga" loyihasida qariyb 2 ming kishiga yordam berildi

Ogʻir sharoitdagi xotin-qizlarga oʻn turga yaqin ish anjomlari olib berilib, oʻz hududidagi lider tadbirkorlarga biriktirildi.

Jamiyat
26-iyul, 13:41
"Murojaatdan daromadga" loyihasida qariyb 2 ming kishiga yordam berildi

Bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan yana biri – aholi daromadlarini oshirish uchun shart-sharoit yaratish va yordam berishdan iborat. 

Prezident Xalq qabulxonalariga joriy yil yarmida eng koʻp kelib tushgan murojaatlar aynan ijtimoiy taʼminot masalasida ekani ham buni dalillaydi. Mazkur ariza-shikoyatlar tahlil qilinganda, moddiy yordam soʻrovlarining asl sababi oilaviy daromad pastligi bilan bogʻliqligi oydinlashdi.

Shundan kelib chiqib, davlat rahbari topshirigʻiga koʻra, Prezident Xalq qabulxonasi joriy yilda oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash orqali yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha “Murojaatdan daromadga” loyihasini amalga oshirishga kirishdi.

Bu loyiha besh bosqichni oʻz ichiga oladi.

Birinchi qadam – murojaatni qabul qilish boʻlib, bunda asosan moddiy yordam masalasida koʻp arz qilgan fuqarolar uyiga borilib, oilaviy ahvoli, chindan muhtoj yo muhtojmasligi, bu arizalarga qanday omillar sabab boʻlayotgani “mahalla yettiligi”, hokimlik, sektorlar vakillari bilan hamkorlikda har tomonlama chuqur oʻrganildi.

Ikkinchi qadam – fuqaroning kasb-hunarga layoqati, oilaviy sharoiti, tomorqadan foydalanish madaniyati, mavjud imkoniyatlarini oʻrganish uchun murojaatchilar bilan individual suhbatlashildi, qaysi yoʻnalishda ishni eplab ketishi, daromad topa olishi boʻyicha bir toʻxtamga kelindi.

Uchinchi qadam – daromad topishga tayyorlash boʻlib, bu jarayonda chevarlik yoki pishiriq pishirishga qiziqadigan xotin-qizlarni kasb-hunarga oʻqitish, soʻng ularga tikuv mashinasi yo pishiriq pechlari olib berishga qaror qilindi. Xuddi shunday uyida chorvasi bor ayollarga sutni qayta ishlovchi separator, tomorqalarda xizmat koʻrsatishni tanlagan yigitlarga motokultivator, yer maydoni bor-u, biroq oqar suv muammosiga uchrayotgan oilalarga sugʻorish nasosi ajratildi.

Toʻrtinchi qadam – ishsiz insonlarni lider tadbirkorlarga biriktirish boʻlib, bunda hunari va ish anjomi bor fuqarolarni shu sohada kuchli malaka va katta tajribaga, oʻz bozoriga ega tadbirkorlarga bogʻlash boʻyicha ish olib borildi. Bu esa ular bilan kooperatsiya tashkil qilish imkonini berdi.

Beshinchi qadam – murojaatchilarni daromadga olib chiqish boʻlib, Xalq qabulxonasi, sektorlar va “mahalla yettiligi” kooperatsiya faoliyatini va murojaatchining barqaror daromad topishini doimiy monitoring qilib boradi.

Albatta, buning uchun murojaatchilardan kuchli sabr, chidam, metin iroda, betinim mehnat talab etiladi. Muhimi, ularning daromadli boʻlishi uchun barcha sharoit va imkoniyat yaratilib, mahalla vakillari doimiy koʻmakchi boʻlmoqda.

Ayni shu maqsadda davlat rahbari topshirigʻiga asosan Prezident Xalq qabulxonasi joriy yilning oʻtgan davrida Jizzax, Fargʻona, Xorazm, Qoraqalpogʻiston, Buxoro va Surxondaryo viloyatlaridagi 400 dan ziyod mahallada mazkur loyihani amalga oshirdi. Unga koʻra Baxmal, Arnasoy, Mirzachoʻl, Toshloq, Quvasoy, Fargʻona, Shovot, Hazorasp, Tuproqqalʼa, Yangibozor, Shofirkon, Xoʻjayli, Boʻzatov, Denov, Oltinsoy, Sariosiyo, Uzun, Shoʻrchi  tumanlari, Nukus, Fargʻona, Quvasoy, Qoʻqon shaharlaridagi 1 ming 788 nafar murojaatchiga amaliy yordam koʻrsatildi. 

Shulardan 1 ming 400 nafardan ziyod ishsiz murojaatchilarga, asosan ogʻir sharoitdagi xotin-qizlarga oʻn turga yaqin ish anjomlari olib berilib, oʻz hududidagi lider tadbirkorlarga biriktirildi. Misol uchun, Shovotning Shovot mahallasida hunarmand Sadoqat Matpanayeva 10 turdagi quroqlar tayyorlab, Qozogʻistonga eksport qilyapti. Buyurtmalari kundan kun oshayotgan Sadoqat ham mazkur loyiha doirasida yana 6 nafar quroqchini ishga qabul qildi. Xuddi shunday kamida besh yillik tajribaga ega baxmallik Marhabo Nazarova va Mehriniso Rahmonova kabi yosh tadbirkorlar ham 3-4 nafardan yangi chevarlarni yoniga olib, faoliyatini yanada kengaytirdi. Ularning aytishicha, ishlagan chevar Baxmalning shu chekka qishlogʻida turib ham oyiga 3-4 million soʻm bemalol daromad qila oladi. 

Shofirkonning “Qalmaqon” mahallasida yashovchi Mohira Ikromova oʻz uyida goʻshtni qayta ishlab, yarim tayyor oziq-ovqat mahsulotlari, Denov mahallasida yashovchi Nodira Karimova esa separatorda sutdan qaymoq, sariyogʻ olib, bozorga chiqarishni yoʻlga qoʻydi.

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+