Tugʻilgan kuningiz bilan, janob prezident!

Shavkat Mirziyoyev bugun 67 yoshini qarshi oldi. 8 yillik davlat boshqaruvida salmoqli islohotlar amalga oshirildi.

Siyosat
24-iyul, 9:02
Tugʻilgan kuningiz bilan, janob prezident!

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 24 iyul kuni 67 yoshini qarshi olmoqda. Uning 8 yillik prezidentlik davrida mamlakatda salmoqli islohotlar amalga oshirildi, deyish mumkin.

Shavkat Mirziyoyev 2016 yilda davlat rahbarligini oʻz qoʻliga olgach, yurtda keskin oʻzgarishlar kuzatildi. Albatta, buni hozir koʻpchilik eslamaydi, zero, yaxshilik koʻpincha unut boʻladi. Yomonlik esa xotirda kuchli saqlanadi, kami ham koʻpdek koʻrinadi. Ammo biz bu yutuqlarni aytmasak, insofsizlik qilamiz.

2016 yilgacha oylik maoshlar plastik kartalarga tushirib berilgan, naqd pul yoʻq hisobi edi. Odamlar kartasiga narsa sotib olmoqchi boʻlsa, bankomatu terminallar yoʻq edi. Naqd pul qilish esa ancha qimmatga tushar, katta foizlarda naqdlashtirilgan. Mirziyoyev sharofati bilan bu muammoga chek qoʻyildi, har qadamga bankomatlar, har doʻkonga terminallar joylashtirildi.

Shuningdek, keksa otaxonu onaxonlar oʻz pensiyalarini olish uchun koʻp sarsonlik koʻrgan. Avval markazga borib, naqd pul olish uchun uzun navbatlarga turgan boʻlsa, pulni naqdlashtirishda maʼlum cheklov ham bor edi. Hozir esa pensiyalar kartalarga oy boshidayoq tushadi, agar xohlasalar, naqd koʻrinishda uylarigacha olib borib berishadi.

Valyuta islohoti iqtisodiy yutuq sifatida har qancha eslansa arziydi. Axir ungacha xalq "qora bozor"da sargʻayib, kimga ishonishni bilmay, dollarlarini ne qilarini bilmay yurgandi. Hozir istalgan bankdan istalgancha ayirboshlash mumkin. Muhimi, ishonchli.

Yon atrofimizdagi chegaralar orqali qanchadan-qancha vatandoshlarimiz yillab sarson boʻlgan, qarindoshlarini, yaqinlarini koʻrolmagan, ziyorat qilolmagan. Chegaralar ochilgach, azaliy doʻstlik aloqalari qayta tiklandi.

Respublika ichidagi blokpostlarning oʻzi erkinlikka tushov edi. Bir mamlakat ichida turib xuddi boshqa mamlakatga oʻtayotgandek his qilgan odamlar. Prezident amri bilan barcha postlar olib tashlandi.

Nechalab vatandoshlarimiz pasport ololmay, fuqaroligi noayon boʻlib turgan paytda hammalariga pasportlar, aydi-kartalar berildi. Bu ezgu ishlar hamon davom etmoqda.

Hozirgi tahlikali va ertasi noayon dunyoda Vatan tinchligini saqlash, mustaqilligini asrash, xalq farovonligini taʼminlash oson kechmayapti. Yangicha dunyoqarash, zamonaviy fikrlash va barcha davlatlar bilan birdek iliq munosabat oʻrnatish bugungi kun uchun oliy maqsadga aylandi.

Bunday islohotlar hozir ham bor, endi ular yangicha koʻrinishda, zamonaviy uslubda el koriga yarayapti. Investorlarning kirib kelishi yangi ish oʻrinlarini yaratsa, sportdagi muvaffaqiyatlar yurt dovrugʻini yanada koʻklarga koʻtaryapti.

Albatta, yutuq va mehnat bor joyda kamchilik boʻladi. Busiz iloji yoʻq. Ammo yutuqlarni unutib, faqat illat izlasak, noshukrlikka yoʻl qoʻyamiz. Ishonchimiz shundaki, bu kamchiliklar ham yuqoridagilarga oʻxshab tarixga aylanadi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+