"Ijtimoiy karta" axborot tizimi joriy etiladi

2025 yil oktabrdan yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yoʻqotganligi boʻyicha pensiyalarni ijtimoiy karta orqali olish mumkin boʻladi. 

Jamiyat
24-iyul, 11:55
"Ijtimoiy karta" axborot tizimi joriy etiladi

Oʻzbekistonda ijtimoiy himoya boʻyicha yangi tizim ishga tushadi. "Aholini davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tartibini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida" Prezident Qarori qabul qilindi.

Aholini davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga oid barcha choralarni raqamli texnologiyalar asosida taqdim etishga oʻtishning asosiy yoʻnalishlari sifatida "Ijtimoiy karta" axborot tizimi joriy etiladi.

Qarorga koʻra 2024 yil 1 sentabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy kartasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash belgilangan.

Endilikda, "Ijtimoiy karta" orqali ijtimoiy toʻlovlar va subsidiyalar, ijtimoiy xizmatlar va yordamlarni tayinlash, taqdim etish, monitoring qilish va baholash jarayonlarini, shuningdek, aholini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning ijtimoiy xususiyatga ega boshqa barcha choralarni bosqichma-bosqich toʻliq avtomatlashtirilishi koʻzda turilgan.

 "Ijtimoiy karta" tizimi orqali davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralarini manzilli, qisqa muddatlarda, masofadan turib hamda proaktiv tarzda olish imkoniyati paydo boʻladi.

Ijtimoiy sugʻurtalashni joriy qilish doirasida raqamli servislarni rivojlantirish orqali davlat va tadbirkorlik subʼektlari oʻrtasida hamkorlik qilishni soddalashtiriladi.

Endilikda "Ijtimoiy karta" AT tizimi orqali quyidagi qoʻllab-quvvatlash imkoniyatlari taqdim etilishi belgilangan: 

-2024 yil 1 dekabrdan yangidan tayinlanadigan ijtimoiy toʻlovlar, xizmatlar va imtiyozlar;

-2025 yil 1 apreldan bosqichma-bosqich shaxsning nogironligini, talaba, oʻquvchi, urush qatnashchisi yoki urush qatnashchisiga tenglashtirilgan shaxs holatini tasdiqlash. 

 Bunda nogironlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma va guvohnomalar, talabalik guvohnomalari, oʻquvchilar guvohnomalari, urush qatnashchilari yoki ularga tenglashtirilgan shaxslar guvohnomalarining qogʻoz shakli ijtimoiy kartaga almashtirish orqali bekor qilinadi; 

Nogironligi boʻlgan va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun umumiy foydalanishdagi avtomobil, temir yoʻl, havo va daryo transporti, yoʻnalishsiz taksi xizmatlaridan foydalanish boʻyicha imtiyozlar, shuningdek ushbu xizmatdan imtiyozli foydalanish huquqiga ega boʻlgan aholining boshqa toifalari uchun imtiyozlar;

Davlat ijtimoiy obʼektlariga, konsert-tomosha tadbirlari va boshqa tadbirlarga bepul tashrif buyurish yoki qisman haq toʻlash boʻyicha imtiyozlar;

2025 yil 1 iyuldan "Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilganlarga belgilangan tovarlar (xizmatlar)ni xarid qilishda toʻlangan QQS summasini 1 ish kunida qaytarish;

2025 yil 1 oktabrdan Hukumat tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga muvofiq fuqarolarga budjet mablagʻlari hisobidan koʻrsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordam, subsidiyalar, grantlar, imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlar hamda moddiy xususiyatga ega boshqa toʻlovlar taqdim etilishi;

 2026 yil 1 yanvardan qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlardan foydalanish.

 2025 yil 1 oktabrdan pensiya oluvchilarga oʻz xohishiga koʻra yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yoʻqotganligi boʻyicha pensiyalarni ijtimoiy karta orqali olish huquqi beriladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+