Dunyo liderlari Shavkat Mirziyoyevni tabriklamoqda
Xitoy, Rossiya, Turkiya yetakchilari, qoʻshni davlatlar rahbarlari Oʻzbekiston prezidentiga tabriknoma yoʻllagan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tavallud kuni munosabati bilan xorijiy davlatlar, hukumatlar va parlamentlar, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlaridan qutlovlar kelmoqda.
Jumladan Rossiya rahbari Vladimir Putin, XXR raisi Si Szinpin, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻonlar tabrik yoʻlladi.
"Yaqinda Toshkentda oʻtgan samarali muzokaralarimizni iliq eslayman. Rossiya va Oʻzbekistonning doʻst xalqlari farovonligi yoʻlida konstruktiv muloqotni va yaqin hamkorlikni davom ettirishdan mamnunman" deyiladi Putin tabrigida.
Qoʻshni davlatlar rahbarlari, Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston rahbarlari ham Shavkat Mirziyoyevni qutlagan.
Yevropa davlatlaridan Vengriya bosh vaziri Viktor Orban, Sharqiy Osiyodan Janubiy Koreya rahbari Yun Sok Yol Mirziyoyevni tavallud kun bilan tabrikladi.