Hindistonda chandipura virusi oqibatida oʻnlab odamlar oʻlmoqda
Chandipura virusi birinchi marta 1965 yilda Maxarashtra shtatining Nagpur tumanida aniqlangan. U asosan chivin chaqishi orqali yuqadi.

Hindistonning Gujarat shtatida Chandipura virusi keltirib chiqaradigan oʻtkir kasallik koʻpaymoqda. Bu haqda The Times of India yozmoqda.
Shtat Sogʻliqni saqlash departamenti 21 iyul kuni virusning 13 ta yangi taxminiy holati va 5 kishining oʻlimi haqida xabar berdi. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, virusni yuqtirganlar soni 84 nafarga, vafot etganlar soni esa 32 nafarga yetdi.
2003-2004 yillarda Markaziy Hindistonda xuddi shunday epidemiyalar paytida oʻlim darajasi 56-75% ni tashkil etdi.
Chandipura virusi birinchi marta 1965 yilda Maxarashtra shtatining Nagpur tumanida aniqlangan. Avvalroq Andxra-Pradesh, Maxarashtra, Odisha va Gujaratda bir nechta epidemiyalar qayd etilgan edi.
Hindiston Pediatriya Akademiyasi rahbari doktor Vasant Xalatkarning aytishicha, virusga tashxis qoʻyish qiyin. Kasallik asosan 15 yoshgacha boʻlgan bolalarga taʼsir qiladi.
Virus asosan chivinlar orqali yuqadi. Kasallik Hindistonning baʼzi qismlarida endemik boʻlib, epidemiyalar asosan chivinlar populyatsiyasi eng yuqori choʻqqisiga chiqqan musson fasllarida va undan keyin qayd etilgan.
Alomatlar orasida yuqori isitma, bosh ogʻrigʻi koʻp uchraydi. Bu alomatlar nevrologik asoratlar, koma va hatto oʻlimga olib kelishi mumkin.
Virusdan himoyalanish, birinchi navbatda, chivin chaqishi oldini olish boʻyicha profilaktika choralarini oʻz ichiga oladi.