Kamala Xarris AQSh prezidentligiga nomzodini qoʻyishini aytdi
Bayden ikkinchi muddat uchun kurashmasligini aytgach, Xarrisning nomzodini qoʻllab chiqqandi.

AQShning amaldagi vitse-prezidenti Kamala Xarris prezidentlikka nomzodini qoʻyishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi.
Amerika OAVlari uning soʻzlaridan iqtibos keltirdi: "Prezidentning tasdigʻini olish men uchun katta sharaf va men bu nomzodlikni qoʻlga kiritish va gʻalaba qozonish niyatidaman".
Xarris respublikachi Donald Trampni magʻlub etish uchun "Demokratik partiya" va xalqni birlashtirish uchun "hamma narsani qilishini" qoʻshimcha qildi.
Oq uyning sobiq rahbari Tramp, oʻz navbatida, avvalroq CNN telekanaliga "Xarrisni magʻlub etish osonroq boʻladi", deb aytdi va Baydenni tarixdagi eng yomon prezident deb atadi.
AQSh prezidenti Jo Bayden 21iyul kuni prezidentlik saylovlaridan oʻz nomzodini qaytarib olishini eʼlon qilgan edi. U bu qarorni Demokratik partiya va butun mamlakat manfaatlarini koʻzlab qabul qilganini taʼkidladi. Bayden tez orada xalqqa murojaat qilib, tafsilotlarni aytib berishga vaʼda berdi. Uning qoʻshimcha qilishicha, u amaldagi muddatining qolgan qismida asosiy eʼtiborini prezidentlik vazifalarini bajarishga qaratadi.
Bayden oʻzining oʻrniga Kamala Xarrisni taklif qilib, uni "toʻliq qoʻllab-quvvatlashini" bildirdi. "Demokratlar - birlashish va Trampni yengish vaqti keldi. Keling, buni qilaylik!" - deb yozdi u X ijtimoiy tarmogʻida.
Endi Xarrisning nomzodi Demokratik partiya yigʻilishida rasman tasdiqlanishi lozim.