Temurbeklar maktabi bitiruvchilari uchun alohida qoʻshimcha kvota ajratiladi

Davlat komissiyasi bir hafta muddat ichida taʼlim yoʻnalishining oldingi oʻquv yilidagi oʻrtacha oʻtish ballarini hisobga olgan holda davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida oʻtish balini tasdiqlaydi. 

Jamiyat
21-iyul, 18:58
Temurbeklar maktabi bitiruvchilari uchun alohida qoʻshimcha kvota ajratiladi

Temurbeklar maktabi bitiruvchilari uchun alohida qoʻshimcha kvota ajratiladi, ular endi boshqalarga xalaqit bermaydi. 

Buni oʻzida aks ettirgan prezident farmoyishi eʼlon qilindi.

"2024/2025 oʻquv yili uchun davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida"gi farmoyishga koʻra,  oliy taʼlim muassasalariga kirishda toʻplagan baliga nisbatan maʼlum miqdordagi qoʻshimcha ball beriladigan shakldagi imtiyozga ega abituriyentlar 2024/2025 oʻquv yilida tanlagan taʼlim yoʻnalishi boʻyicha belgilangan oʻtish bali va undan yuqori ball toʻplagan taqdirda, toʻplagan baliga mos ravishda davlat granti yoki toʻlov-kontrakt asosida qoʻshimcha kvota bilan talabalikka tavsiya etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi bir hafta muddatda 2024/2025 oʻquv yili uchun:

a) bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga qabul boʻyicha:

oliy taʼlim muassasalari, taʼlim shakllari va taʼlim tillari kesimidagi umumiy qabul parametrlarini;

imtiyozga ega abituriyentlar uchun qoʻshimcha qabul parametrlarini;

tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishining oldingi oʻquv yilidagi oʻrtacha oʻtish ballarini hisobga olgan holda davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilishning minimal oʻtish balini;

hududlar, sohalar va tarmoqlarning oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash uchun davlat organlari va tashkilotlari hamda ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari buyurtmalariga muvofiq, umumiy davlat granti asosidagi qabul parametrlari doirasida maqsadli qabul kvotalarini va ushbu kvotalarning tuman (shahar)lar kesimidagi taqsimotini;

har bir bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oliy taʼlim tashkilotining umumiy qabul parametriga nisbatan davlat granti kvotasining ulushini taʼlim sohalari (bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari) kesimida;

b) magistratura mutaxassisliklari boʻyicha qabul parametrlarini davlat granti va toʻlov-kontraktga ajratgan holda oliy taʼlim muassasalari va tillar kesimida tasdiqlaydi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+