Armaniston – Sharq va Gʻarb siyosiy chorrahasida

Tarixan armanlar bor hududlardan tashqari, ozarbayjonlar, albanlar va boshqa xalqlar yashagan yerlar ham armanlarga olib berilgani bois Armaniston deyarli hech qaysi qoʻshnisi bilan doimiy tinch-totuvlikda boʻlmagan.

Tahlil
21-iyul, 16:44
Armaniston – Sharq va Gʻarb siyosiy chorrahasida
Fotokollaj: Platina.uz

Soʻnggi paytlarda Armaniston hukumati Yevropaga intilish va Rossiyaga anʼanaviy bogʻlanish borasidagi fikrlar qarama-qarshiligidan aziyat chekmoqda. Nafaqat xalq va hukumat orasida,balki hukumat ichida ham bu borada turli fikrlar toʻqnashuvi kuzatilmoqda.

Rossiyaga tarixiy qaramlik

Umuman olganda, Armaniston, Rossiya imperiyasi tomonidan Eron va Turkiya hududidan etnik armanlarni koʻchirib kelib, Kavkazda musulmonlarga qarshi “balansni tiklash” maqsadida qurib berilgan davlat ekani bois, doimo Rossiya bilan yaqin munosabatlarda boʻlib kelgan. Bu yerda doimo Rossiya taʼsiri bor va Moskva hamon bu mamlakatni oʻz geopolitik manfaatlari doirasiga kiritadi. 

Tarixan armanlar bor hududlardan tashqari, ozarbayjonlar, albanlar va boshqa xalqlar yashagan yerlar ham armanlarga olib berilgani bois Armaniston deyarli hech qaysi qoʻshnisi bilan doimiy tinch-totuvlikda boʻlmagan. Doimo chegara va resurslar borasida kelishmovchiliklar kelib chiqqan. Shu bois Armaniston Rossiyaning harbiy-siyosiy va iqtisodiy himoyasi ostida yashashga majbur boʻlgan. Qolaversa, Armanistonning dengizga chiqa olmasligi va tabiiy energetik resurslarga boy emasligi, iqtisodiy muvaffaqiyat qozona olmagani ham uning asosan Rossiyaga qaram boʻlib qolishining asosiy sabablari hisoblanadi.

Qolaversa, Moskva yetakchiligidagi ikki tuzilma – Yevroosiyo iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (YeOIHT) va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi (KXShT) tashkilotiga aʼzolik ham Armanistonni Rossiya bilan bogʻlab turadi. 

Gʻarb bilan tarixiy doʻstlik

Toʻgʻri, koʻpchilik davlatlarda yirik arman diasporlari mavjudligi va ular qudratli lobbiga aylangani bois Armaniston Gʻarb bilan ham iliq munosabatlarni saqlab qolishga intilib kelgan. Biroq bu aloqalar Rossiyaning hushyor nazorati va “tavsiya”lari asosida shakllantirilgan. Gʻarb bilan yarim oydin, yarim maxfiy aloqalar Armanistonga foyda ham keltirgan, albatta. Armaniston Ozarbayjonga tegishli Togʻli Qorabogʻ va unga tutash 7 ta ozar tumani hududini bosib olganida Gʻarb buni “koʻrib-koʻrmaslikka” oldi. BMT bu hududlar Ozarbayjonga tegishli ekani va uni Bokuga qaytarish haqida rezolyutsiyalar qabul qilsa ham, ularning ijrosini taʼminlash choralari koʻrilmadi, bu borada Yerevanga taʼsir oʻtkazish mexanizmi ham ishlab chiqilmadi.

Gʻarbga moyil Pashinyan – yangi burilish ijodkori

Toki 2018 yilgacha vaziyat shunday edi. Turli siyosiy tebranishlar, inqilob, ozodlikdan mahrum boʻlish, parlamentga saylanish va boshqa mojarolar oqibatida hukumat tepasiga kelgan Nikol Pashinyan vaziyatni oʻzgartirishga qaror qildi. U mamlakatda qatʼiy siyosiy-iqtisodiy islohotlarni boshlab berdi. U Armanistonning Rossiyaga qaramligini pasaytirish, toʻla mustaqil boʻlishi uchun kurashayotganini, tashqi siyosat kursini esa Yevropaga yoʻnaltirganini ham yashirishga urinmagan.

Rossiya va boshqa tomonlar Pashinyanni Gʻarbga moyil siyosatchi deb hisoblaydi. Shu bois ham unga ishonchsizlik bilan qarab keladi. Pashinyanning Rossiya manfaatlariga mos kelmaydigan bayonotlari va qarorlari esa Moskvani gʻazablantirishi tabiiy. Shu bois, ayrim tahlilchilarning aytishicha, Ikkinchi Qorabogʻ urushining kelib chiqishi va Armaniston magʻlubiyati bilan tugashida ham Rossiyaning “qoʻli” boʻlishi mumkin.

Pashinyan davri Togʻli Qorabogʻning yana Ozarbayjonga qaytishi bilan ham tarixda qoldi. Aslida Moskvaning bu qurolli mojaroda bevosita qoʻli borligi haqidagi taxminlar shunchaki taxmin boʻlsa-da, mojaroning Ozarbayjon foydasiga hal boʻlgani ayrim asoslardan xoli emas. Jumladan, rasmiy Yerevan ham shunday fikrda qatʼiy va doimo shuni taʼkidlab keladi.

Chunki 90-yillarda Birinchi Qorabogʻ urushida alamli magʻlubiyatga uchragan Ozarbayjon Togʻli Qorabogʻni qaytarib olishga tayyorlanib kelayotgan edi. Armaniston esa gʻalabadan masrur boʻlib, hushyorlikni unutdi. Qolaversa, Moskvaning hamda Gʻarbning doimo yordamga kelishiga qatʼiy ishonch, Armanistonning YeOHTga aʼzoligi ham Yerevanni xotirjam qilib qoʻydi. Xuddi AQShga “suyanib”, Falastin yerlarini bosib olgan va jinoyatlari uchun jazo berilmasligi uchun qatʼiy ishongan Isroil kabi, Armaniston ham Togʻli Qorabogʻ doim oʻzida qolishi va hech qachon Boku uni qaytarib olishga jurʼat qilmasligi haqidagi illyuziyalar bilan yashab keldi. Hatto gibrid urush harakatlari boshlanganida ham Armaniston hukumati bunga yengil qaradi, shunchaki “oʻyin” deb oʻyladi.

Geopolitik imkoniyatlar birlashganda...

Buning ustiga Rossiya Ukrainaga urush ochgani bois mavjud geopolitik manzara Armaniston zarariga oʻzgargan edi. Ozarbayjon Turkiya bilan hamkorlikni rivojlantirib, harbiy qudratini yuksaltirib oldi. Ukraina bilan urush bois yakkalanib qolgan Moskva esa uningGʻarb bilan muzokara va muloqotlarida vositachilik qilayotgan va turli yoʻllar bilan Rossiyaga yordam berishni “eplayotgan”, lekin shu bilan birgalikda Ukrainaga tajovuzni qoralab, Qrimni Ukraina hududi deb hisoblashini yashirmayotgan Turkiya timsolidagi “doʻst hamkor” bilan aloqalarni buzishni istamas edi. Qolaversa, barcha resurslar urushga yoʻnalgani bois, Moskva uchun Armaniston muammolari 10-darajaga tushib qolgan edi. 

Vaziyat Ozarbayjon foydasiga oʻzgarayotgan shunday davrda Pashinyan hukumatining Moskvaga maqbul boʻlmagan bayonot va harakatlari, hatto Armanistonni NATO va Yevropa Ittifoqiga aʼzo qilish harakatlari boshlangani Rossiya uchun quvonchli, Yerevan uchun foydali boʻlmagan, albatta.

Nima boʻlganda ham Ikkinchi Qorabogʻ urushi yordamida Ozarbayjon oʻziga tegishli yerlarni avval qisman, keyinchalik batamom qaytarib oldi. Harbiy ekspertlar bu gʻalabaga Turkiya taqdim etgan “Bayraktar” dronlari katta hissa qoʻshganini taʼkidlashadi. Moskva va u yetakchilik qiladigan KXShT esa vaziyatga aralashmasligini maʼlum qildi. Chunki KXShT ustaviga koʻra, tashkilot faqat oʻz aʼzolarining hududiga tajovuz boʻlganida himoya qilishga kirishadi. Biroq BMT rezolyutsiyalari va xalqaro tan olingan boshqa hujjatlarga muvofiq, Ozarbayjon oʻz yerlarini qaytarib olish uchun kurashayotgandi. 

Qayd etish kerak, Yerevan Rossiyaning bu “xiyonati”ni kechira olmadi. Garchi bir necha bor izoh berilganiga qaramasdan, Pashinyan ham muttasil shu “xiyonat” haqida gapirib kelmoqda. Rossiya va KXShT bilan hamkorlikning befoydaligi, hatto zararli ekani va bu tashkilotga aʼzolikni toʻxtatish haqida turli bayonotlar yangramoqda.

Qolaversa, Togʻli Qorabogʻ urushida Bokuga yordam bergan Isroil bilan Armaniston oʻrtasida ham munosabatlar yomonlashdi. Janubiy Ozarbayjon va boshqa muammolar bois Boku bilan munosabati yomon boʻlgan, Togʻli Qorabogʻ urushida Armanistonga oshkora yon bosgan Eron esa Yerevan bilan iliq munosabatlar oʻrnatib oldi.

Kim doʻstu kim dushman?

Togʻli Qorabogʻning qaytarib olingani Yerevanning dunyo davlatlarini “doʻstu dushman ajratish tarozisi”ga bir qator oʻzgarishlar kiritdi. 

Ayni paytda aksariyat armanistonliklar “dushmanlar roʻyxati”ga Rossiyani kiritishadi. Bu roʻyxatda Turkiyaga boʻlgan tarixiy nafrat birinchi oʻrinda albatta. (Armaniston va uning tarafdorlari “turklar 2015 yilda armanlarga qarshi genotsid oʻtkazgan”, deb iddao qilishadi – mual.)

Jumladan, 2022 yilda Armaniston aholisi oʻrtasida shu mavzuda ijtimoiy soʻrov oʻtkazilgan. Armanistonga tahdid tugʻdiruvchi davlatlarni sanab oʻting, degan savolga soʻralganlarning 88 foizi Turkiya, deb javob bergan. Ozarbayjon – 81 foiz ovoz bilan “ikkinchi oʻrinda”. Soʻrovda qatnashganlarning 15 foizi Rossiyani Armanistonga siyosiy tahdid soladi, 17 foizi esa iqtisodiy tahdid soladi, deb ishonadi.

Shu bilan birga, armanistonliklarning 57 foizi Rossiyani eng muhim siyosiy hamkor deb hisoblagan. 50 foizi esa Fransiyani shunday maqomda deb oʻylagan. (Soʻrovnomada bir necha variantni tanlash mumkin – mual.)AQShni esa soʻralganlarning 38 foizi belgilagan.

Iqtisodiy hamkorlik borasidagi nuqtai-nazar tekshirilgan soʻrovnoma natijalarida esa Rossiya yetakchilik qiladi. 61 foiz kishi Rossiyani Armanistonning eng asosiy hamkori deb hisoblashini bildirgan. Armanlarning 40 foizi Eronni shunday davlat deb oʻylaydi. Aholining 29 foizi esa Xitoyni asosiy hamkor, deya tanlagan. 

NATOga yaqinlashuv

Rossiyadan “hafsalasi pir” boʻlgan Pashinyan hukumati Gʻarb, xususan, Fransiya hamda NATO bilan hamkorlikni istiqbolli deb koʻrmoqda. Hatto Pashinyanning asl maqsadlaridan biri – Armanistonni NATOga aʼzo qilishdir, degan taxminlar ham yoʻq emas. 

Geopolitik strategiyaga koʻra, Rossiya siyosiy taʼsiridan chiqishga harakat qilayotgan Armaniston Gʻarb uchun muhim. Shu bois uni Yevropa Ittifoqiga va NATOga ham aʼzolikka qalbul qilish borasidagi bayonot va amaliy harakatlar mavjud. 

Va tabiiyki, bu Rossiyaga yoqmaydi. Biroq ular ham Armanistonni yoʻqotishdan manfaatdor emas. Shu bois hozircha diplomatik kanallar va OAV vositasida “dahanaki” janglar davom etyapti xolos. Ayniqsa, yumshoq kuch – Rossiya ichidagi arman siyosatchilari va tadbirkorlardan samarali foydalanilmoqda. Ular Pashinyanning nomaqbul siyosatchi ekani, uni “yaxshirogʻi” bilan almashtirish kerakligiga urgʻu berishmoqda. Pashinyan doirasidagi odamlarning fikricha, Armaniston ruhoniylari ham Rossiyaga moyil. Yaqinda Armanistondagi 4 ta qishloqni oʻzaro kelishuvga muvofiq Ozarbayjonga qaytarish borasidagi harakatlar ham bir cherkov ruhoniysi boshchiligida qatʼiy qarshiliklarga uchramoqda. Hukumat manbalarning aytishicha, bu Moskvaning cherkovni ishga solib boʻlsa-da odamlarda hukumatdan norozilik uygʻotib, Ozarbayjon bilan tinchlik muzokaralariga yoʻl qoʻymaslikka urinishdan boshqa narsa emas. Zero, Pashinyan aytganidek, hozirda Armanistonning Ozarbayjon bilan tinchlik bitimini imzolashi Yerevan kelajagi uchun oʻta muhim va bu shartnoma shu yil noyabr oyigacha imzolanishi kutilmoqda.

Bu masala hal etilsa, Turkiya tomoni ham Armaniston bilan munosabatlarni yaxshilashga vaʼda bergan. Armaniston uchun esa Turkiya – bu NATOga yaqinlashuv, dengizga chiqish hamda iqtisodiy taraqqiyotga erishish yoʻli deganidir. 

Kezi kelganda aytish joiz, Pashinyan hukumati NATO bilan yaqinlashuvni tezlatmoqda. Masalan, 2024 yil 18-19 kunlari NATO bosh kotibining Kavkaz va Markaziy Osiyodagi maxsus vakili Xaver Kolomina Armanistonga tashrif buyurdi. Unda Armaniston xavfsizlik tizimi uchun muqobil mexanizmlar masalasi ham koʻrib chiqilgani aytilmoqda.

Joriy yilning 9-11 iyul kunlari Vashingtonda Shimoliy Alyansning 75 yilligiga bagʻishlangan yubiley sammit oʻtkazildi. 32 davlat delegatsiyalari qatnashgan sammitda asosan Ukrainaga yordamni koʻpaytirish masalasi koʻrib chiqildi. Armaniston ham taklif etildi.

Aslida Armaniston 1992 yildan beri NATOning “Shimoliy Atlantika hamkorligi kengashi” aʼzosi hisoblanadi. U kengash tashkil etgan turli harbiy-oʻquv mashqlari va tinchlikparvarlik missiyalarida faol ishtirok etib keladi.

Fransiya bilan unikal munosabatlar

Qudratli arman lobbisi mavjud Fransiyaning Armanistonga qurol-yarogʻ yetkazib berayotgani va xalqaro sahnalarda Armanistonning turli iddaolarini soʻzsiz qoʻllab-quvvatlayotgani Ozarbayjonga (Turkiyaga, deb oʻqilsin – mual.) yoqmaydi. Boku diplomatik kanallar va turli xalqaro anjumanlar va ulardagi maʼruzalar orqali Fransiyaga bu noroziliklarini bir necha marta bildirgan. Rasmiy Parijning bunday qadamlari Kavkazda tinchlikni taʼminlashga xizmat qilmasligi, aks taʼsir berishi haqida ogohlantirishga uringan.

Biroq Fransiyaning, Boku taʼbiricha, “aksilozarbayjon ritorikasi” toʻxtatamagani bois, Ozarbayjon Parijning boshqa nozik jihatiga zarba bermoqda. Jumladan, Fransiyaga tegishli Korsika hamda boshqa ummon ortidagi amloklarining mustaqillik harakatlariga yordam berishga jiddiy kirishgan. Xususan, shu kunlarda Bokuda Korsika, Melaneziya, Polineziya, Karib va va Antil orollari guruhining mustaqilligi uchun kurashayotgan 15 ta siyosiy partiya va harakatlarning “Fransiya mustamlaka hududlari mustaqilligi uchun harakatlar” sʼezdi boʻlib oʻtmoqda. Anjuman Boku tashabbus guruhi qoʻllab-quvvatlovi ostida Gvadelupe Xalq ozodlik ittifoqi tomonidan tashkil etilgan.

Yana “eski va qadrdon” Rossiya

Armanistonning, aniqrogʻi, Pashinyan hukumatining Sharq va Gʻarb oʻrtasida boʻzchining mokisidek qatnashi hali uzoq davom etadigan koʻrinadi. Boisi, Yevropa Ittifoqi ham, NATO ham Armanistonga darrov “quchoq ocha olmaydi”, kutilgan moddiy yordam bera olmaydi. Bunday “ilik uzildi pallada” Rossiya manfaatlariga zid harakatlar Armaniston uchun oʻta xavfli.

Jumladan, oʻtgan oyda Rossiya bosh vaziri oʻrinbosari Aleksey Overchuk Yerevan “gʻarbparastlik” yoʻnalishini kuchaytirayotganiga urgʻu berib, “Yevropa Ittifoqiga yaqinlik va YeOIHTga aʼzolik bir-biriga mos kelmasligini” taʼkidladi. 

– Biror-bir mamlakatning Rossiya bilan yaqin boʻlishi natijasida oladigan foydasi – xavfsizlik va strategik teranlik uchun toʻlanadigan badal hisoblanadi, – degan Overchuk.

U Armanistonga “mintaqadan tashqari oʻyinchilar” aralashuvining Armaniston uchun salbiy oqibatlari olib kelishi haqida ogohlantirgan.

Biroq Armanistonning hamon Rossiyaga qoʻrqinch bilan qarashi Ovurchukning yuqoridagi bayonotidan keyin yanada aniqlashdi. Koʻp vaqt oʻtmay, Armanistonning Rossiyadagi elchisi Ukrainaga qarshi urushda rus xalqini qoʻllab-quvvatlash belgisi sifatida Belgorodga bordi.

16 iyul kuni “Graparak” gazetasi “Fuqarolik shartnomasi” partiyasidagi manbalariga tanib yozishicha, Pashinyan tor bir davrada “kuzda Armaniston tashqi iyosatida syurprizlar kutayotganini” aytgan.

Gazetaning maʼlum qilishicha, Pashinyan Rossiya bilan yaqinlashishni rejalashtirmoqda. Pashinyan adashib tavba qilgan noqobil oʻgʻil kabi yana “Ona Rossiya” bagʻriga qaytmoqchi. Bosh vazirning taʼkidlashicha, Yevropa Ittifoqi Armanistonni qabul qilmagan, uni kutilganidek yaxshi moliyalashtirmagan, bu yoʻnalishda amaliy qadamlar qoʻymagan, yetarlicha xavfsizlik kafolatlari taqdim etmagan. 

Biroq, qizigʻi shundaki, bir oy oldin – 12 iyunda Armaniston parlamentida oʻtkazilgan hukumat soatida Pashinyan Togʻli Qorabogʻdagi 44 kunlik urushdagi magʻlubiyat va aybdorlar haqidagi savollarga javob bera turib, muvaffaqiyatsizlik uchun javobgarlikni “pufak-ittifoqchilik”ka agʻdargan edi. Biroq aynan kimni yoki qaysi davlatni nazarda tutayotganini ochiq aytmagan. Shunda deputatlar “unda nega Armaniston KXShTdan chiqib ketmayapti?” deb soʻragan. Bosh vazir bu savolga “qachon chiqish kerakligini hukumat hal qiladi”, deya javob bergan. 

Biroq soʻnggi paytlarda Rossiyaning sanksiyalarga moslashib olgani va Ukraina frontida muvaffaqiyatlarga erishayotgani, hatto Ukrainaning oʻt ochishni muzokaralar vositasida toʻxtatish rejasini ishlab chiqayotgani, shu yil oxirigacha Kiyevda oʻtkaziladigan tinchlik boʻyicha ikkinchi konferensiyaga Moskvani ham taklif etishga tayyorlanayotgani Armaniston hukumatini vaziyatga muvofiq qarorlar chiqarishga undagan boʻlsa, ajab emas. Biroq bu qaror yana vaziyatga qarab oʻzgaradimi-yoʻqmi, bunisini vaqt koʻrsatadi.

Abulfayz Sayidasqarov sharhladi.

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+