Populizm, “oʻngu soʻllar” va saylovlar

Populist ataylab odamlarning tuygʻulari va instinktlariga taʼsir qiladi, ongi yuqori boʻlmagan keng ijtimoiy qatlamning istaklarini qondirishga urinadi.

Maqola
20-iyul, 14:47
Populizm, “oʻngu soʻllar” va saylovlar

Demokratiya ajoyib narsa. Xalq va koʻpchilik aholi davlatni saylov-ovoz berish orqali boshqargani yaxshi, albatta. Biroq ular ham qaysidir nomzodga ovoz beradi. Nomzodlarning hammasi har tomonlama toʻkis, davlat va iqtisodiyot boshqaruvini yaxshi tushunadigan mutaxassislar boʻlmaydi. Biroq, britaniyalik siyosatchi Uinston Cherchillga nisbat beriladigan bir naqlda aytilgandek, “demokratiya – boshqaruvning eng yomon shakli, lekin u insoniyat sinab koʻrgan boshqa usullardan yaxshiroq”.

Hokimiyat tepasiga yetib kelganlarning muvaffaqiyat qissalari turlicha boʻladi. Biroq xalq nomzodlar orasidan bittasini tanlayotganida, ularning aqliy salohiyati va qobiliyatlarini, qolaversa, tajriba va rejalarini tahlil qilib, keyin tarozi pallasini bosgan nomzodga ovoz beradi, deb oʻylaysizmi? Yoʻq, albatta. Koʻpincha saylovchilar nomzodlarning obroʻsi, mashhurligi, avvalgi qilmishlari va hissiyot uygʻotgan jihatlari taʼsirida unga ovoz beradi.

Biror-bir davlatda, aytaylik, amerikaliklarning hissiyotga berilishini turli voqealar va yangiliklar birja savdolariga qanday taʼsir qilishida ham koʻrish mumkin. Har qanday hayajonli oʻzgarish, voqea va shov-shuvlar birjadagi narxlarning zudlik bilan koʻtarilishiga yoki pasayishiga, hatto inqirozlarga sabab boʻladi.

AQShdagi prezidentlik saylovlari borasida ham shunday deyish mumkin. Bu yerda sobiq aktyor va qoʻshiqchilar ham, mashhurligi bois, AQSh prezidenti boʻla oladi. (Bu yerda hokimiyat vertikali shunday tuzilganki, hatto prezident boʻlmasa-da, davlat mashinasi ishlayveradi. Chunki hamma murvatlar sozlangan, tizim samarali tashkil etilgan).

Prezidentlik saylovlarida odamlar nomzodning tashqi koʻrinishi, xatti-harakatlari, gaplariga qarab oʻziga kerakli odamni tanlaydi. Masalan, shu paytgacha birorta kal odam AQSh prezidenti etib saylanmagan. Ayollar ham hali bu yuksak lavozimga oʻtirmagan. Qora tanlilar orasidan faqat Barak Obama bir marta prezident etib saylangan. 

Populizm – siyosat kabi qadimiy gʻoya

Ikki ming yil avval rimlik hajvchi shoir Yuvenal “Xalqqa non va tomosha bering, shunda hech qachon isyon koʻtarishmaydi”, deb yozgan edi. Bu naql siyosiy populizmning qadim-qadimdan siyosatchilarning ajralmas hamrohi boʻlib kelganini anglatadi. Zero oʻsha davrlarda Rimda tashkil etiladigan, oylab davom etadigan gladiatorlar janglari turnirlari, koʻchalarda tekin non tarqatishlar haqiqatan ham tarixiy fakt. Imperator va boshqa rahbarlar shu yoʻl bilan obroʻlarini oshirish va xalq mehrini qozonishga urinishgan.

Bir yilda bir marta 20-30 kishiga non tarqatib, “mana imperatorimiz butun xalqni (!) tekin non bilan taʼminlayaptilar” degan mish-mishlar tarqatish hozir sal boshqacharoq usulda amalga oshiriladi. Biror amaldor yoki deputat videokameralar hamrohligida riyo uchun koʻcha aylanganida, yoʻlidan “tasodifan” chiqib qolgan fuqaroga “tila tilagingni” deyishi yoki biror narsani inʼom qilib yuborishi, yoxud biror deputatning qandaydir utopik talab bilan murojaat qilib, vaʼdalar berib, xalqqa yaxshi koʻrinishga urinish usullari hozir ham uchrab turadi.

Chunki populizm (lotincha populus – xalq) – keng ommani oʻziga jalb etish maqsadida ularga dolzarb ijtimoiy muammolarni tez va oson hal etishni vaʼda qiladigan siyosat hisoblanadi.

Populizm zamirida u yoki bu siyosiy kuchning omma ishonchi va qoʻllab-quvvatlashini qozonish, xalqni rozi qilishga urinish istagi yotadi. Shu bilan birga, populist siyosatchilarning haqiqiy maqsadlari (hokimiyat tepasiga chiqib olish, xalq hisobidan boyib ketish va hokazolar) ijtimoiy jozibali gʻoyalar ortida yashiringan boʻladi odatda. Masalan, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko ham muxolifatchi siyosatchi sifatida koʻplab populistik vaʼdalar bergan. U 90-yillarda “munkillab qolgan keksa siyosatchilar asri tugadi” degandi. Yaʼni u 70-80 yashar kommunist chollarning to oʻlgunicha SSSRni boshqarganini tanqid qilgan. Biroq, hozir 70 yoshga kirgan Lukashenkoning oʻzi konstitutsiyani buzgan holda 1994 yildan beri Belarusning oʻzgarmas prezidenti boʻlib kelmoqda va oʻlgunicha shu kursida qolish ehtimoli mavjud.

Populistlar koʻpincha oʻz ritorikasida oddiy odamlarning iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlariga urgʻu berishga urinadi. 1980-yillardan buyon koʻplab populizm tadqiqotchilari uni bitta emas, balki bir nechta mafkuralarga xizmat qila oladigan ritorika uslubi sifatida koʻrishgan. 

Koʻpgina populistlar oʻzlarini maʼlum bir mintaqalar yoki maʼlum ijtimoiy guruhlarning himoyachisi sifatida koʻrsatadi. Masalan, ishchilar, ayollar, shaharliklar, qishloq aholisi, ayrim sanoat ishchilari va boshqalar. Ritorikada populistlar koʻpincha dixotomiyadan foydalanadi. Yaʼni "yoki-yoki" tamoyili, "uchinchi variant yoʻq" degan tushunchada foydalanadi. Masalan, “eshik quramizmi yoki deraza” deb soʻraydi. “Hozir shu narsalarni qurish shartmi?”, degan fikrga yoʻl qoʻyilmaydi.

Populistlar koʻpincha aksariyat aholi manfaatlarini ifoda etishini daʼvo qiladi.

Oʻng, soʻl va markaziy siyosiy qarashlar

Qoʻllab-quvvatlaydigan mafkurasiga, asosiy siyosiy yoʻnalishlariga qarab, oʻng va soʻl populistlarni farqlash mumkin. Bundan avval esa siyosatda “oʻng” va “soʻl” tushunchalari nimaligini tushunib olish talab etiladi.

Maʼlumki, 1790-yillarda Fransiyada Buyuk fransuz inqilobi boshlandi. Inqilob eski siyosiy-iqtisodiy tuzum va tartibotni agʻdarib tashladi. Inqilob avvalida Milliy kengash majlisi oʻtayotgan binoda asosan 3 ta siyosiy oqim tarafdorlari gʻuj boʻlib oʻtirishgan:

Oʻng tarafda felyanlar – konstitutsion monarxiya tarafdorlari oʻtirgan. (Konstitutsion monarxiya – qirol hokimiyatini, uning vakolatlarini konstitutsiya bilan cheklagan holda saqlab qolish usuli boʻlib, hozirgi Buyuk Britaniyadagi tuzum shunday monarxiyaning yorqin misolidir. – tahr.)

Markazda jirondistlar – moʻʼtadil respublika tarafdorlari, chap tomonda esa yakobinchilar – radikal (keskin) oʻzgarishlarning tarafdorlari oʻtirishgan. Keyinchalik bu tomonlar siyosiy qarash va oqimlarni anglata boshlagan.

XIX asrda ham koʻpchilik Yevropa davlatlaridagi parlament yoki kengashlarda “soʻl oqimlar” – chapda, “oʻng oqim” vakillari – oʻng tomonda oʻtirishgan.

Shu tariqa, avval-boshda soʻllar yoki soʻl partiya deb, oʻzgarishlar hamda keskin va tezkor islohotlarning tarafdorlariga aytilgan. 

Mavjud tartibni saqlab qolish (konservatorlar) tarafdorlari esa oʻnglar yoki oʻng partiya deb nomlangan.(Liberallar va kommunistlar ham avval soʻl hisoblangan, biroq keyinchalik faoliyat yoʻnalishiga qarab, ularning tasnifi oʻzgargan. – tahr.)

Toʻgʻri, avvaliga populizm markaziy, oʻng yoki soʻl populizmga boʻlinmagan, biroq yuqoridagi huquqiy-siyosiy amaliyotning davlat va mamlakatlarga keng koʻlamda tatbiq etilishi oqibatida siyosatshunoslikda populizmni ham shunday “tomon”larga boʻlish anʼanasi paydo boʻldi. 

Ushbu tasnifga koʻra, soʻl populistlar (yoki sotsial populistlar) populistik ritorika va mavzular bilan chambarchas boʻlgan soʻl siyosat strategiyasiga amal qiladi. Ular koʻpincha elitaga qarshi, isteblishmentga muxolif siyosat yuritib, “keng xalq ommasi” nomidan ish tutadi. Iqtisodiy demokratiya va ijtimoiy adolat tushunchalarini ilgari suradi, globalizatsiyaga ishonishmaydi, kapitalizmga muxoliflik qiladi.

Oʻng populistlar esa, tabiiyki, oʻng, yaʼni konservativ siyosiy gʻoyalarni targʻib etadi. Saylovchilar bilan muloqotda ham oʻng populistik modellarni qoʻllashadi. Eng koʻzga koʻrinadigan jihati – oʻng populistlar asosan “tub joy aholi” va kelgindilar mavzusidan foydalanishga intiladi. Migratsiyaga qarshi shiorlarni qoʻllashadi, neoliberal iqtisodiy maktabga moyilliklarini namoyon etadi. Oʻng populistlar elitani nafaqat asosiy xalq ommasidan ajralib qolishda ayblashadi, balki iqtisodiyotda davlat ulushining kattaligini ham tanqid qiladi. Oʻng populistlar tub joy aholining tarixiy ildizlari, anʼanaviy milliy-ijtimoiy qadriyatlarga sodiqligiga urgʻu beradi. Ular gender tengligi, LGBT, millatlar va irqlarning tengligi kabi mavzularni qoʻllab-quvvatlashmaydi odatda.

Turli davlatlardagi partiyalar va siyosatchilar orasida oʻng populistligi yaqqol namoyon boʻladigan tuzilma, harakat yoki shaxslar koʻp. Masalan, Rossiyada Liberal demokratik partiyaning sobiq rahbari, marhum Vladimir Jirinovskiyni, AQShda esa 45-prezident (2017-2021 yillar)Donald Trampni oʻng populist sifatida koʻrsatish mumkin.

Tramp – xrestomatik oʻng populist

Donald Trampning populistik faoliyati siyosatshunoslikning xrestomatiya va darsliklariga kiritishga arziydigan darajada muntazam va yorqinligi bilan ajralib turadi. Tramp 2017 yildagi saylov “poygasi”da ham konservatizmga moyilligi bor respublikachilar partiyasidan nomzod qilib koʻrsatilgan. 

Trampning populistik faoliyatida yorqin misollar koʻp. U hatto tasodifiy holatlarni oʻz foydasiga burib yuborish mahoratiga ega.

Uzoqqa bormasdan, 2024 yilning 13 iyul kuni AQShning Pensilvaniya shtatidagi Batler shahrida saylovoldi mitingida roʻy bergan noxush hodisani misol qilish mumkin. Miting chogʻida Tomas Kruks ismli shaxs unga oʻq uzdi, biroq baxtli tasodif – Tramp boshini ilkis burib yuborgani bois, oʻq siyosatchining oʻng qulogʻini yalab oʻtdi xolos. Bunday favqulodda vaziyatlar uchun ishlab chiqilgan protokolga muvofiq, Trampning tansoqchilari uni xavfsiz joyga koʻtarib olib chiqishlari kerak boʻlsa-da, u bunga ruxsat bermadi, oʻz oyogʻida minbarni tark etishni maʼqul koʻrdi. Voqeaning eng kulminatsion nuqtasi – Tramp qoʻriqchilarni bir zum toʻxtatib, qoʻlini musht qilib tepaga koʻtardi-da, “kurashing” (fight) deya uch marta hayqirdi. Yigʻilgan odamlar esa unga joʻr boʻlib “AQSh, AQSh” deya qichqirishdi. Uni mashinaga tiqishayotganida birpas toʻxtatib, qoʻlini musht qilib tepaga koʻtardi. Bir zumda Tramp odamlar va hatto dunyo jamoatchiligi oldida jasoratli va qoʻrqmas siyosatchiga, qahramonga aylandi! 

Bu populistik mahorat unga katta siyosiy dividend keltirdi: shu paytgacha Trampni prezidentlikka nomzod sifatida koʻrsatishga ikkilanib turgan respublikachilar partiyasi darrov uning nomzodini tasdiqladi. Ikki kundan keyin oʻtkazilgan tegishli anjumanda aksariyat respublikachilar Tramp bilan birdamligini izhor qilish uchun oʻng quloqlariga leykoplastir yopishtirilgan holda kelishdi. 

Birgina tviti bilan jahon siyosati va iqtisodiyotini chayqatib yuborishga qodir shaxs, ijtimoiy tarmoqda va real hayotda millionlab “follover” va muxlislariga ega milliarder va innovator Ilon Mask ham Donald Trampning prezidentlik kampaniyasini qoʻllab-quvvatlashga vaʼda berdi. 

Ayrim ekspertlarning taxmin qilishicha, bu voqea, tasodifiy yoki uyushtirilganidan qatʼi nazar, Trampning saylovlarda gʻolib chiqish ehtimolini 30-40 foizga oshirgan. Biroq 5 noyabrgacha – prezident saylovchigacha hali ancha muddat bor. Vaziyat yana oʻzgarishi ham ehtimoldan xoli emas.

Populizmning xavfli jihatlari

Populizmni xavfli va salbiy siyosiy mafkura, deb atash mumkin. Eng avvalo, populizm oqilona tafakkur va mantiqiy qiyoslashdan uzoq tushuncha. Bu mafkura xalq ommasining hissiyoti va siyosiy ongi bilan “adolatsiz” oʻynashishdan boshqa narsa emas. 

Kanadalik diplomat, siyosatshunos tadqiqotchi Stefan Dion aytganidek, "madaniy himoyalanmaslik holati populizmni keltirib chiqaradi”.

Masalan, Rossiyadagi siyosatchilar uchun aksilmigratsion populistik fikrlar juda ommabop. Ular obroʻ yigʻish va tanilishning eng tez va oson yoʻli sifatida ultramillatchilik va migrantlarga qarshi siyosat “qartasi”dan tez-tez foydalanib turishadi. Chunki biror-bir gomogen jamiyat ichiga oʻta “begona” qatlam qoʻshilsa va integratsiyalashuvning imkoni boʻlmasa, bu jamiyatda millatchilik va shovinizm kuchayib ketadi. Bu har qanday millat va jamiyatning oʻzligini saqlab qolish uchun ilk tabiiy himoya refleksi hisoblanadi. Populistlar ana shu refleksdan foydalanishga intilishadi. Biroq bunday yondashuv oʻsha siyosatchi yoki siyosiy harakatga foyda bersa-da, jamiyat uchun xavfli.

Populist siyosatchi jamiyatdagi asl muammolarga yechim topa olmaydi yoki buni istamaydi. Xalqni chalgʻitish, xalq nafrati va noroziligini hokimiyatdan boshqa obʼektlarga – migrantlar va boshqa millatlarga yoʻnaltirib yuborishni istashadi va bunga muvaffaq boʻlishadi ham. 

Populizm jamiyatni boʻlib yuborishga xizmat qiladi. Populistlar turli utopiya va qarashlarga tanqidiy yondashmaydi. Aksincha, populistlar jamiyat aʼzolarining siyosiy qarashlarini yanada primitivlashtirishga intilishadi. Populist uchun odamlarning siyosiy savodsiz boʻlishi ayni muddao. Masalan, Islom Karimov hukmronligi davrida Oʻzbekistonda siyosatshunoslik fani taqiqlab qoʻyilganini bunga misol qilish mumkin.

Populistlar ijtimoiy muammolarni goʻyo tez va oson hal qilishga vaʼda berishadi. Masalan, “hademay oʻt oʻchiruvchilarning maoshi 3000 dollarga chiqadi” “avgust oyida hammasi yaxshi boʻlib ketadi”, “bu yil bahorda oʻzingiz koʻrasizlar – sel toshqinlari muammosi sizlarni bezovta qilmaydi”, “chiroq oʻchishi muammosi endi oʻtmishda qoldi” va hokazo. Afsuski, real hayotda bu populistik vaʼdalarning birortasi amalga oshmagan.

Populist ataylab odamlarning tuygʻulari va instinktlariga taʼsir qiladi, ongi yuqori boʻlmagan keng ijtimoiy qatlamning istaklarini qondirishga urinadi. Masalan, Hindistonda ovoz olish uchun eng kambagʻal, gadoy, savodsiz va degradativ qatlamga tayanishadi. Chunki ular millionlab saylovchi degani. Oʻtgan asrda Rossiyada bolsheviklar partiyasi ham asosan ana shu yoʻqsil qatlamga tayanib inqilobni amalga oshirganini esga olish mumkin.

Populistlar (masalan, siyosatchi va blogerlar) faqat ularga ishonadigan “koʻrmuridlardan” iborat armiya yaratishga urinadi. Buning uchun turli qatlam va mavzulardan – milliy, diniy, ijtimoiy tuygʻulardan foydalanish mumkin. Populist oʻziga qaratilgan nafratni ham oʻz hamfikrlari “armiyasi”ga burib yuboradi. Kimdir shaxsan uni, shaxsiy qilmishi uchun soʻksa-da, “ular BIZni soʻkishyapti, koʻrdinglarmi, ammo BIZ taslim boʻlmaymiz, bunday yomon odamlarga birga qarshi birga kurashaMIZ. Biz bu yoʻlda doim sobit turaMIZ” deya unga ergashganlarning hissiyotini qoʻzgʻatishga, oʻzini yanada ulugʻlashga, “sizlarga men yetakchiman” degan fikrni yana bir marta oʻz muxlislari miyasiga singdirishga urinadi. 

Populizmga xos jihatlardan yana biri – demagogiya hisoblanadi. Demagogiya (qadimgi grekcha “xalqni boshqarish”) – sodda aytganda, gap bilan aravani quruq olib qochishdir. Demagog munozara qilish va notiqlik usullaridan foydalangan holda, faktlarni buzib, ularni notoʻgʻri talqin qilgan holda gap bilan suhbatdoshiga taʼsir etishga urinadi. Demagogiya siyosiy maqsadlarga erishish uchun, reklama hamda propaganda uchun judayam taʼsirli, ammo “gʻirrom” qurol hisoblanadi.

Demagogiyaning koʻplab usullari bor. Shulardan biri xato sillogizmlardir.

Masalan, Isroil hukumati “biz Xolokostda qiynalganmiz, demak biz mazlummiz.

 Falastinliklar (ularning yerlarini tortib olganimiz uchun rahmat aytish oʻrniga) biz-mazlumlarga tosh otyapti. Mazlumlarga esa faqat zolim va yovuzlar tosh otadi. Demak, falastinliklar – zolim va yovuzlardir”, degan notoʻgʻri xulosaga odamlarni ishontirmoqchi boʻlishadi.

Yoki hozirgi ayrim blogerlar sevgan xato sillogizm - “biz (aslida – men) musulmonlarmiz. Ular bizni (aslida – meni, axmoqona ishlarim va gaplarim uchun) tanqid qilishyapti. Demak, ular – musumonlarga qarshi. Musulmonlarga esa faqat kofirlar qarshi boʻladi. Demak, ular – kofirlar va ular nohaq. Men esa haqman”, degan xato xulosa yasab, muxlislarini ishontirishga urinadi.

Populistlarga xos yana boshqa xislat – ular dushmanga (“byurokratiya, korrupsiya va boshqalarga) qarshi ochiq yoki maxfiy tarzda kurashga chaqirishadi doim. Agar dushman boʻlmasa, oʻylab topiladi. Rossiyada Ukraina hamda migrantlar mavzusi ana shunday oʻylab topilgan dushmanlardir. Goʻyoki shu “muammolar” bartaraf etilsa, hayot darrov yaxshilanib ketadi, hamma muammo oʻz-oʻzidan hal boʻladi.

Iqtisodiy populizm

Nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy populizm ham mavjudligini aytish joiz. Masalan, 1980-yillarda Lotin Amerikasi davlatlarida milliy iqtisodiyot shunday populistlarning “qoʻlida qolgan”. Ular xalqning daromadlari oʻsib borishi hamda mamlakat boyliklarining xalq orasida taqsimlanishiga asosiy eʼtibor qaratgan. Inflyatsiya ehtimoli, byudjet defitsiti, xususiy sektorinng davlat aralashuviga reaksiyasi ularni qiziqtirmagan. 

Populizm – demokratiyaning chala tugʻilgan bolasi

Siyosatchi Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, populizm – nomukammal demokratiya hamda ijtimoiy-iqtisodiy zoʻriqish va norozikning oqibati hisoblanadi.

Chunki demokratik davlatda koʻpchilik aholining irodasi hokimiyat tepasiga keladi, biroq kamchilik aholi qatlamining ham huquq va manfaatlari kafolatlanadi. Davlatchilik tizimlari barqaror ishlaydi. 

Populizmda esa “xalq” tushunchasiga “yopishib” olinadi. Populist siyosatchilar avval tashkil topgan institut va mexanizmlarni inkor qilishadi, “xalq falon narsani istayapti” deyishdan nariga oʻtmaydi. 

Populistik gʻoyalardan separatistlar ham foydalanishadi. “Aytaylik, falon xalq bu davlatdan ajralib chiqishni istayapti” deb qichiqirishadi, xorij OAVlarda jar solishadi, xorijdan siyosiy boshpana olishadi. Biroq mabodo referendum oʻtkazilsa, aslida falon xalqning yarmi ham bu fikrga rozi emasligi oshkor boʻladi...

Xulosa qilib aytganda, populizm davlat va xalq uchun siyosiy firibgarlik, deb atash mumkin. Masalan, kimdir sizga, “menga 10 soʻm bering, bir soatda 100 soʻm qilib qataraman” desa ishonmaysiz. Chunki sizda bu vaziyatni tahlil qilib, notoʻgʻri gap ekanini aniqlash uchun yetarli minimal iqtisodiy va mantiqiy tushunchalar mavjud. Biroq birorta populist siyosatchi, deputat yoki amaldor “agar meni saylasanglar, bir yil ichida falonta ish oʻrni yarataman, hech kim xorijga ishga ketishga majbur boʻlmay qoladi, keyingi yil birorta ham kambagʻal qolmaydi” desa, unga ishonuvchilar koʻp boʻladi. Zero, hammada siyosiy bilim va ong talab darajasida emas, afsuski. Shu bois, xuddi suvaraklar issiq, nam va qorongʻu joyda koʻpayganidek, populizm aynan siyosiy bilim va dunyoqarash tor boʻlgan jamiyatlar ichida yaxshi rivojlanadi. Faqat siyosiy bilim va tafakkur bilan qurollangan jamiyatgina populizmga ishonch bilan qarshi tura oladi.

Abulfayz Sayidasqarov

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+